Abu Mansur Hasan ibn Nuh al-Qumriy
(vafoti 999 y.)

TARJIMAI HOL

Abu Mansur al-Qumriy X asr boshlarida Buxoroda tug‘ilgan va butun umr shu yerda yashagan. U Buxoro amirlarining saroy tabiblaridan bo‘lgan; Ibn Sino yoshligida al-Qumriydan tib bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlar olgan. Tabobatga oid sakkizta asar yozgani ma’lum, lekin ulardan ikkitasigina bizgacha yetib kelgan.
Al-Qumriyning “Kitob al-g‘ina va-l- muna” (“Mufassal va istalgan kitob”) asari inson tanasining barcha a’zolarini davolashga bag‘ishlanib, juda mashhur bo‘lgan. Buni asarning Osiyo, Afrika va Yevropa kutubxonalarida qirqdan ziyod qo‘lyozmalari mavjudligi ham tasdiqlaydi. Bu asarida olim qadimgi va o‘ziga zamondosh bo‘lgan o‘ttizdan ortiq tabiblar haqidagi ma’lumotlarni ham jamlagan.
Olimning “Kitob at-tanvir fi- l-istilohot at-tibbiya” (“Tibbiy istilohlarni yorituvchi kitob”) nomli ikkinchi asari izohli lug‘at bo‘lib, unda 350 dan ortiq tibbiy atamalar keltirilgan. Bu asardagi o‘sha davr tibbiy amaliyotida qo‘llangan parhez taomlar, ichimliklar va maxsus moslamalarga oid sharhlar oddiy lug‘atlarga kirmagan, shuningdek, ular “Tib qonunlari” va boshqa kitoblarda ham uchramaydi. Al-Qumriyning lug‘ati XVI asrda Bobur va uning o‘g‘li Humoyunning xos tabibi bo‘lgan Yusuf ibn Muhammad oilasiga mansub Ismoil ibn Muhammad Yusuf tabib tomonidan fors tiliga tarjima qilingan. 1991 yilda uning rus tiliga izohli tarjimasi Toshkentda nashr etilgan. Undan hanuzgacha xalq tabobatida foydalaniladi. Al -Qumriyning ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi qatoriga uning Abu Ali ibn Sinodek ulkan dahoning olim sifatidagi shakllanishidagi faol ishtirokini qo‘shish mantiqiydir.

FILIMLAR
AUDIOLAVHALAR
FOTOGALAREYA
ELEKTRON KITOBLAR NUSXASI