
TARJIMAI HOL
Bu olim Afrig‘iy xorazmshohlar sulolasiga mansub Iroqiylar oilasining vakili bo‘lib, o‘rta asr musulmon Sharqining buyuk allomalaridan biri hisoblanadi. Xorazmda tug‘ilgan, Kot, Gurganj va G‘aznada ishlagan. Ibn Iroqning 30 ga yaqin asarlari ma’lum. Ular sferik astronomiya va geometriyaga bag‘ishlangan.
Astronomiya bo‘yicha eng yirik asari xorazmshoh Ali ibn Ma’munga (997– 1009) bag‘ishlangan “al-Majistiy al-shohiy” (“Shoh Almagesti”)dir. Bu asarda Ibn Iroq avvalgi davr astronomlaridan marvlik Habash al-Hosib (IX asr) va Abu Ja’far al-Hazinning (X asr) astronomik jadvallariga tuzatishlar kiritgan. Shuningdek, ekliptikaning osmon ekvatori tekisligiga og‘ish burchagini aniqlashning yangi usulini taklif etgan. Ibn Iroq birinchilardan bo‘lib nafaqat tekislikdagi, balki fazoviy (sferik) uchburchaklar uchun ham sinuslar teoremasini isbotlagan.
Ibn al-Iroqning nazariy jihatdan asoslangan astronomik jadvallari o‘rta asrlarda Abu Rayhon al-Beruniy va Nosiriddin at-Tusiy (1201–1274), shuningdek, XX asr G‘arb fan tarixchilaridan P. Lyuka (Germaniya), E. Kennedi (AQSH), Yu. Samso (Ispaniya), K. Yensen (Gollandiya) tomonidan yuqori baholangan. Ibn al-Iroqning jahon fani oldidagi eng buyuk xizmati al-Beruniydek dahoni tarbiyalaganidir. Olim al-Beruniyni faqat shogird emas, balki iqtidorli olim sifatida e’tirof etib, unga bag‘ishlab osmon sferasining nazariy masalalari, geodezik astronomiya, avval o‘tgan olimlar “Zij”lariga tuzatishlar va geometriyaga oid jami 12 ta asar yozgan. Ularning nomlari al-Beruniyning o‘zi tomonidan tuzilgan asarlar ro‘yxatida zikr etilgan. Ibn al-Iroqning “Geometriya bo‘yicha savollarga javob” risolasi 1910 yilda G. Zuter tomonidan nemis tiliga tarjima qilinib, nashr etilgan.