Shayx Ziyovuddin Ibn Eshon Boboxon
1908-1982 yy.

TARJIMAI HOL

1908 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ilk diniy saboqlarini otasi Eshon Boboxondan olgan. O‘n ikki yoshida Qur’oni karimni to‘la yod olgan. 1920 yili Toshkentdagi Ko‘kaldosh madrasasiga o‘qishga kirib, hadis va fiqh ilmini o‘rgangan.
1943 yili O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasiga mas’ul kotib va O‘zbekiston qozisi bo‘lgan. 1947-1948 yillari Misrdagi Al-Azhar universitetida tahsil olgan.
1948 yili O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasining rais o‘rinbosari, 1957 yili raisi etib saylangan va umrining oxiriga qadar ana shu vazifada samarali faoliyat yuritgan. Uning rahbarligi davrida 1945 yilda Buxorodagi Mir Arab madrasasining faoliyati qayta yo‘lga qo‘yilgan. 1961 yildan diniy boshqarmaning «Sovet sharqi musulmonlari»jurnali nashr etila boshlagan. 1971 yilda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti ochilgan, Qur’oni karim hamda boshqa diniy kitob va adabiyotlar chop etilgan.
Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon dunyoda tinchlik 
va musulmonlar birdamligini mustahkamlash, xalqlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik munosabatlarini o‘rnatishga bag‘ishlangan xalqaro anjumanlarda ma’ruzalar bilan ishtirok etgan. Sobiq Ittifoq, Iordaniya, Marokash, Livan mamlakatlari mukofotlariga sazovor bo‘lgan.
1982 yili Toshkentda vafot etgan. Hazrati Imom majmuasidagi Abu Bakr Qaffol Shoshiy maqbarasiga dafn etilgan.
Muftiy Boboxonovlar haqida zamondoshlar fikri
Doktor Inomulloxon,  Butunjahon Islom Kongressining Bosh kotibi, «Din va dunyo» Butunjahon Konferensiyasining prezidenti: «Marhum muftiy Ziyovuddinxon yirik olim, mutafakkir, Islomning mashhur arbobi va buyuk fidoyisi edi. Ul zot tinchlikning haqiqiy kurashchisi bo‘lgan. Hazrati oliylari sobiq Ittifoq musulmonlarini boshqa davlatlar musulmonlari bilan bog‘lovchi bosh bo‘g‘in hisoblanardilar». (Makka,1983 y.)
Ali Aksad,  Bangladesh Tinchlikni himoya qilish tashkiloti raisi:  «Dunyoda shunday insonlar bo‘ladiki, ular qayerda tug‘ilmasin, qaysi millat va mamlakat vakillari bo‘lmasin, ular butun insoniyatga tegishli bo‘ladilar. Ular bilan hamma birdek faxrlanadi. Muftiy Ziyovuddinxon ana shunday insonlardan edi». (Dakka, 1983 y.)
Lyudmila Soldadze «Ibn Sino» romani muallifi, yozuvchi:  «Shamsiddinxon Boboxonovda barcha dinlar ruhoniylari ibrat olsa va  o‘rgansa arziydigan fazilatlar mavjud edi. U kishi o‘zbek, arab, ingliz va rus tilini, G‘arb va Sharq madaniyati, adabiyoti, tarixini, xristian va yahudolar dini asoslarini juda yaxshi bilar edi. Bu esa unga o‘z dini, e’tiqodi to‘g‘risidagi teran fikrlarni bildirish, bahslar va muzokalarda dono, yorqin fikrlari bilan g‘olib chiqish imkonini berar edi. Shamsiddinxon g‘ayridinlar va dinsizlar bilan suhbatda ularni ko‘nglini og‘ritmasdan, kamsitmasdan, islom dini va Payg‘ambari Muhammad (s.a.v.)ni insoniyat tarixidagi ulug‘ ijobiy o‘rni va ahamiyatini muloyimlik bilan jonli, ishonarli xayotiy misollar asosida ko‘rsata olar edi. Oliyjanob insonning so‘zida chuqur bilimlari va go‘zal odobi qo‘shilganda har qanday suhbatdoshning ham ko‘ngli ochilar edi. Shamsiddinxon islom dini mohiyatini o‘rganishimga shaxsan menda qiziqish uyg‘otgan, shu bilan birga musulmonlik falsafasini to‘g‘ri tushunishni va hurmat qilishni o‘rgatgan. U zotning ta’siri bilan menda islom diniga bo‘lgan munosabatim bir umrga ijobiy tarafga o‘zgardi». (Moskva,  1995 y.)
Shoislom Shomuhamedov, Filologiya fanlari doktori, professor,  1966-1990 y.y. TDU Sharqshunoslik fakultetining dekani, prorektor.
Muftiy Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hazrat muqaddas dinu e’tiqodimiz uchun qiyin-qistovli zamonda xalqimizga tog‘day tayanch bo‘lib turib berdilar, zero ul muhtaram zot, imkon boricha, o‘lkamizda musulmonlar orasida imon-e’tiqodni mustahkamlashda ko‘p fidoyilik ko‘rsatgan, islomiy ma’rifat va ma’naviyatimizning ulug‘ arboblaridan edi. Shunday odamlar tufayli har dilda so‘nmas e’tiqod, deyarli har uyda Qur’oni karim saqlanib qoldi. Tug‘ilgan chaqaloqlar qulog‘iga azon aytilib, ism qo‘yildi, tili chiqqan bolaga  «Bismillohir rahmonir rahiyim»deb non tishlash o‘rgatildi. Otalarimiz janozasiz ko‘milmadi, ular qabri Qur’on tilovatisiz ziyorat qilinmadi. Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hazrat  -  buyuk mutafakkir, keng qirrali katta olim, oliyjanob insonparvar shaxs, ulug‘ din va jamoat arbobi, mehr-muruvatli farzand, mehribon ota, kamtarin, kechirimli inson sifatida xotiramizda abadiy saqlanib qoldilar».

FILIMLAR
Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon
Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon urush davrida yo‘qolgan besh yoshli qiz haqida nima degan edilar?
Soxta mazhabparastlarga raddiya Marhum muftiy Ziyovuddin qori hazratlari
Ustozlarga hurmat-ehtirom va Shayx Muftiy Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon xazratlari haqida
AUDIOLAVHALAR
FOTOGALAREYA
ELEKTRON KITOBLAR NUSXASI