Xoja Ahmad Yassaviy
XI-a.ning 2-yarmi-1166 yy.

TARJIMAI HOL

Xoja Ahmad Yassaviy (Yassi yaqinidagi Sayram shahri, taxm. 11-asrning 2-yarmi - 1166) — tasavvufning mashhur namoyandalaridan biri, shoir. Otasi Shayx Ibrohim javonmardlik tariqatiga mansub nufuzli zotlardan bo‘lgan. Yassaviy tug‘ilgach, ko‘p o‘tmay onasi — Muso Shayxning qizi Oysha xotun vafot etadi. 7 yoshida otasidan ham ajraladi. Yassaviy tarbiyasi bilan opasi Gavhar Shahnoz mashg‘ul bo‘ladi.
Yassaviy opasi bilan Yassiga ko‘chib borgach, 1-ustozi Arslon bob bilan uchrashadi va undan tahsil oladi («Yetti yoshda Arslon bobom izlab topdim…»). Yassaviy Yassida botin ilmi sirlarini mukammal o‘zlashtirgan. O‘sha zamonlarda ilm-ma’rifatning Movarounnahrdagi markazlaridan bo‘lgan Buxoroda Turkistonning turli tomonlaridan tolibi ilmlar yig‘ilishgan. Arslon bob ko‘rsatmasi bilan Yassaviy ham Buxoroga boradi. Davrning eng peshqadam olimi va sufiysi Shayx Yusuf Hamadoniy bilan uchrashib, unga murid tushadi.
Buxoroda u arab tili bilan bir qatorda fors tilini ham chuqur o‘rganadi. Forsiyda yaratilgan tasavvufiy adabiyot bilan tanishadi. Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy, Abdulloh Barqiy, Xoja Hasan Andoqiylar bilan hamsuhbat va hammaslak bo‘lib, Yusuf Hamadoniy muridlari qatoridan o‘rin oladi.
Alisher Navoiy Yassaviy to‘g‘risida «Maqomoti oliy va mashhur, karomoti matavoliy va nomahsur ermish. Murid va ashob g‘oyatsiz va shohu gado aning irodat va ixlosi ostonida nihoyatsiz ermish», — deydi. Bu fikr Yassaviyning Yassiga qaytib kelib, yangi bir tariqatga asos solgan murshid sifatida shuhrat topgan davrlariga tegishlidir. Yassaviy turkiy xalqlarni islomga yanada kengroq jalb qilish va tasavvuf g‘oyalarini omma ko‘ngliga chuqur singdirish maqsadida she’riyatdan ham foydalangan. Abdurauf Fitratning ta’kidlashicha, Yassaviyning «adabiyotda tutgan yo‘li sodda xalq shoirlarimizning tutg‘on yo‘lidir… Uning hikmatlari vaznda, qofiyada, uslubda xalq adabiyoti atalgan she’rlar bilan barobar».
Yassaviy nuqtai nazarida hikmat — «ilmi laduniy», ya’ni ilmi g‘aybu haqoyiq va ilohiy sirlarni kashf aylash mazmuniga ham ega. Yassaviyning o‘zi «Devoni hikmat» nomi bilan biron bir kitob yaratmagan. Ushbu nodir asar uning murid va izdoshlari tomonidan tartib berilgan. Lekin bu narsa hikmat majmuasining Yassaviyga aloqasi yo‘q, degan da’voni ilgari surishga asos bermaydi. So‘fi Olloyor Yassaviy haqida fikr bildirib, yana shunday degan:
Shariatda edi ul oftobe,
Qolibdur bizga ul erdin kitobe.
«Devoni hikmat»da ilohiy ishq va oshiqlik, ma’rifat va oriflik saodati, fanodan baqoga yetishish tushunchalari nihoyatda samimiy va ta’sirli ohanglarda yoritib berilgan. «Devoni hikmat»dagi barcha she’rlar ham Yassaviyga mansub emas. Unga Yassaviy izdoshlarining ijod namunalari ham kiritilgan. Bu esa, tabiiyki, hikmatlar tili va uslubida ma’lum o‘zgarishlar hosil qilgan. Lekin Yassaviyning o‘nlab izdoshlaridan hech biri ustozlari boshlagan g‘oyaviy, axloqiy, ma’naviy-ma’rifiy va mafkuraviy yo‘nalishni o‘zgartirmagan. Buni Yassaviy hayoti, tariqati va ijodiyotidan bahs yuritilgan o‘nlab qadimiy manbalar, ayniqsa, Sulton Ahmad Haziniyning «Javohir ul-abror min amvojil bihor» asari ham to‘la tasdiqlaydi.
Yassaviyning faqat ijodiyoti emas, qancha umr ko‘rib, qachon vafot etganligi ham bahsli. U hikmatlaridan birida «Yuz yigirma beshga kirdim, bilolmadim», deydiki, bu so‘zlar tarixiy haqiqatdan ko‘ra, manoqibiy mazmunga ega. Bundan tashqari, 125 yillik uzoq bir umrning yarmidan ko‘pini «yer osti»da («Oltmish uchda yer ostiga kirdim mano», deydi Yassaviy) o‘tkazish aql bovar etmas hodisadir. Lekin ko‘pchilik tadqiqotchilar uning vafot tarixini 1166—67 yil deb qayd etishgan.
Uzoq vaqt mobaynida Yassaviy hayoti va ijodiyotini ilmiy jihatdan tadqiq etishga imkon berilmadi. Asarlarini nashr qilishga yo‘l qo‘yilmadi. O‘tgan asrning 70-yillarida Yassaviyning milliy madaniyat, til va adabiyot tarixidagi xizmatlarini to‘g‘ri baholash yo‘lidagi urinishlar esa qoralandi. Mustaqillik arafasida, xususan, O‘zbekiston istiqlolga erishgandan keyin yassaviyshunoslikda yangi davr boshlandi. Dastlab turli gazeta va jurnallarda «Devoni hikmat»dan namunalar e’lon qilingan bo‘lsa, 1990—92 ylarda uning 2 mustaqil nashri kitobxonlar qo‘liga yetkazildi. Ushbu nashrlar nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa turkiy davlatlarda ham bu buyuk mutasavvifning hayoti, adabiy-ma’rifiy faoliyati, izdoshlari xizmatiga qiziqishni kuchaytirdi. 1993 yil O‘zbekistonda Yassaviyga bag‘ishlab ilmiy anjumanlar o‘tkazilib, ma’ruzalar matni alohida majmua shaklida chop etildi. Matbuotda Yassaviyning shaxsiyati, tariqati, she’riyatidan bahs yuritilgan maqolalar bosilib chiqdi. O‘zbekistondagi bir qancha ko‘cha va mahalla Yassaviy nomi bilan ataladi. Sulton ul-orifin kamolotining yuksaklarga ko‘tarilishiga guvoh bo‘lgan va jasadi dafn etilgan ko‘hna Yassi shahrida esa Yassaviy nomidagi universitet mavjud.
Badiiy ijodda ham Yassaviy obrazini yaratish bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda. Yozuvchi Sa’dulla Siyoyev «Yassaviyning so‘nggi safari» romanining 1-kitobini (1994) chop ettirdi.

FILIMLAR
Ahmad Yassaviy - Hujjatli Film
Ahmad Yassaviy haqida
AUDIOLAVHALAR

Ahmad Yassaviy hayoti haqida

Ahmad Yassaviy haqida hujjatli film

Xoja Ahmad Yassaviy ziyoratgoxi

FOTOGALAREYA
ELEKTRON KITOBLAR NUSXASI
Ahmad Yassaviy. Devoni hikmat (1992)