Muhammad Koshg‘ariy
1029–1127 yy.

TARJIMAI HOL

Mahmud Koshgʻariy Markaziy Osiyoda ilk Oʻrta asr madaniyatining buyuk arboblaridan boʻlib, tilshunoslik sohasida, xususan, turkiy tillarni oʻrganish sohasida mashhur boʻldi va tarixda oʻchmas iz qoldirdi.
Mahmudning otasini ismi Husayn, bobosi Muhammad boʻlib, kelib chiqishiga va tiliga koʻra Koshgʻariy nisbatini olgan. U XI asrda tugʻilib, yashab ijod etdi. Bu davrda Movarounnahrda Somoniylar oʻrnini qoraxoniylar sulolasi egallagan, turkiy adabiy til mintaqada keng urf boʻla boshlagan edi. Hatto Abbosiylar xalifaligi markazlarida, azaldan arab va boshqa somoniy xalqlar yashab kelgan oʻlkalarda turkiy elatlar namoyondalari koʻpayib, turkiy tilga eʻtibor oshgan edi. Mahmud Koshgʻariy ham oʻzining uzoq yillar davomida bunyod etgan “Devonu lugʻatit turk” kitobini hijriy 469 (1074/75) yilda tugallab, abbosiy xalifalar avlodidan boʻlgan baland mavqeli (Abulqosim Abdulloh binni Muhammad al-Muqtadoga bagʻishlagan, Asarning asosiy matni oʻsha davrda keng mintaqa musulmon Sharqida, butun Yaqin va Oʻrta Sharqda din, fan tiliga aylangan arab tilida yozilgan boʻlib, turkiy tilning boyligini, mazmundor va rang-barangligini tushuntirish uchun yozilgan, deb taxmin qilish mumkin.
Mahmud Koshgʻariy Balasogʻunda tugʻilib, shu yerda yigitlik chogʻlarini kechirgan boʻlsa ham, uzoq yillar “Yuqori Chindan boshlab butun Movarounnahr, Xorazm, Fargʻona, Buxoro, hozirgi Shimoliy Afgʻonistonga qadar choʻzilgan” turkiy oʻlkalarni, turkmanlar, oʻgʻuzlar, chigillar, yagʻmolar, qirgʻizlarning shaharlarini, qishloq va yaylovlarini kezib chiqdi, turli sheva va laxja xususiyatlarini oʻrgandi, ularni adabiy til bilan chogʻishtirdi, oʻz ishi uchun nihoyatda boy material toʻpladi. Lugʻat tuzishda arab tilshunoslari yaratgan anʻanadan unumli foydalangan holda, ishga ijodiy yondashdi, turkiy til qonuniyatlarini birinchi navbatda inobatga olib kitobiga tartib berdi.
Koshgʻariy asari, oʻzi taʻkidlashicha, “oldin hech kim tuzmagan va hech kimga maʻlum boʻlmagan alohida bir tartibda” tuzilgan. Unda koʻp shevashunoslikka oid qiyosiy qoidalar, grammatik, morfologik, leksik, semantik alomatlar koʻrsatilgan. Asar foydalanuvchilarga osonlik tugʻdirish uchun sodda va loʻnda yozilgan. Unda qadim turk alifbosi, fonetik qonuniyatlar, orfoepik va orfografik qoidalar puxta tushuntirib berilgan. Lugʻatda turkiy soʻz tuzilishi anʻanalari, jumladan, soʻz tartibi, feʻl shakllari, soʻz etimologiyasiga oid fikrlar bayon etilgan. Muallif koʻrsatishicha, kitob 8 boʻlimdan, muqaddima va xulosadan iborat. Har bir boʻlimda ot-ism soʻzlar, feʻllar qulaylik uchun alohida ajratib berilgan. “Devon”da 7500 dan oshiq turkiy soʻz va iboralar izohlangan. “Devonu lugʻatit turk” ham adabiy til, ham asosiy turkiy shevalarni qamrab olgan boʻlib, undagi adabiy til, sheva unsurlari nisbati oʻrtacha adabiy tildagi 10—12 soʻzga, shevaga oid bir soʻzga toʻgʻri keladi, yaʻni umumturkiy adabiy tilga ayricha ahamiyat ajratilgan. Bu holat oʻsha davr islom mintaqasida turkiy adabiy til qancha keng tarqalgani va mustahkam mavqega ega boʻlganini tasdiqlovchi qatiy da-lildir. Lugʻatda yuzlab kishi ismlari, shahar va qishloq, oʻlka nomlari, dare, togʻ, yaylov, vodiy, dara, yoʻl, dovon, koʻl, soy kabi joʻgʻrofiy atamalar, turli qabila, urugʻ, elat, sayyora, yulduzlar, fasllar tilga olinadi. Unda izohlangan grammatik koʻrsatkichlar morfemalar hisobi ham mingga yaqin.
Turkiy xalqlar tarixiga oid qadimiy afsona va rivoyatlar, 300 ga yaqin maqol va matallar, hikmatli soʻzlar, 700 satrdan oshiq sheʻriy parchalar ushbu asar sahifalaridan oʻrin olgan. Sheʻriy parchalarning koʻp qismi turkiy xalqlar ogʻzaki ijodiga xos toʻrtliklardan iborat. Ammo “Devon”da keltirilgan sheʻriy satrlardan 150 satrga yaqini islom davri sheʻriyatiga xos boʻlgan “bayt” tipidagi masnaviy, qasida, gʻazal, qitʻa parchalari boʻlib, ularni Koshgʻariy oʻzi ham koʻpincha “bayt” deb ataydi. Kitobda 7 ta epik doston, ishqiy qoʻshiqlar, pandnomalar, koinot yaratilishiga oid asotir, sheʻr-ar, tabiat manzaralari tasviri, madhiyalar, falsafiy mushohadalar uchraydi. Koshgʻariy devonida keltirilgan VIII—XI asrlarga oid turkiy sheʻriyat namunalarida u yoki bu darajada aruz vazniga oʻtish moyilligi seziladi. Aruzning rajaz, ramal, munsarih, hajaz, basit, qarib, mutaqarib vaznlari turkiy sheʻriyat namunalarida ishlatilgan boʻlib, ayniqsa rajaz bahridan keng foydalanilgan (44 parcha). Bunday sheʻrlarni muallif oʻzi alohida urjuzalar deb nomlaydi. Ular turkiy xalq sheʻriyatida keng tarqalgan boʻlib, bu bahr ohangi turkiy sheʻriyat tabiatiga moye kelishidan boʻlsa kerak.
“Devon”dagi epik doston-qoʻshiqlar koʻproq jangnoma xarakterida boʻlib, baʻzi yirik parchalarga shartli ravishda “Tangutlar bilan jangnoma”, “Oʻygʻurlar bilan jangnoma”, “Yabaku bilan jangnoma” deb nom qoʻyilgan. Ular oʻz mazmuniga koʻra arablarning johiliya davridagi qabilalararo janglari tasvirlangan epik rivoyatlariga oʻxshab ketadi, faqat arablarda bu janr nasriy, turkiy xalqlarda esa sheʻriy shakl ustundir. Ularda turkiy elatlarning shijoati, qiyinchiliklarga bardoshi, jasurligi, harbiy hiylalar, siyosiy kurash, elparvarlik, mardlik, hikmat, mexr va qahr tuygʻulari jonli, chaqnoq misralarda tavsif etilgan. Shu bilan birga qabilaviy boshboshdoqlik, oʻzaro nizo-adovatlardan oʻkinish, birlashishga, ittifoqqa intilish mayllari ham sezilib turadi. Buyuk turk xoqonligining tushkunlik holati, yagona birlashtiruvchi gʻoyaning yetmasligi ushbu qoʻshiqlar koʻproq islomdan ilgarigi ogʻzaki sheʻriyat namunalari ekanidan darak beradi. Qadimgi epik qoʻshiqlardan “Devon”da saqlangan ikki yirik asar koʻpchilikning diqqatini tortib keladi. Bulardan biri “Ali Er Tunga marsiyasi” va ikkinchisi — “qish va yoz” munozarasidir. Marsiya 44 satrdan iborat. Unda maʻlum maʻnoda turkiy el oʻzining sevimli qahramo-ni, xoqoni va yoʻlboshchisigagina emas, boy berilgan imkoniyatlari, parchalangan elati, tushkunlikka yuz tutgan turkiy imperiyadagi maʻnaviy yoʻlsizlik holatiga ham koʻz yosh toʻkadi, motam qiladi. Bu qoʻshiq xalq ogʻzaki ijodidagi “yigʻi” janrining adabiylashgan namunasi desa boʻladi. “Qish va yoz” munozarasi turkiy munozara janrining bizgacha yetib kelgan birinchi yorqin namunasi boʻlib, unda turkiy elatlarning butun tabiati, yashash, tafakkur tarzi, sevinchlari, qaygʻulari batafsil aks etgan. Ayniqsa, tabiatga mexr goʻzal ifoda topgan. Asar majoziy tasvirlar, tashbehlar, istioralar, jonlantirish va yengil kinoyalarga boy. Uni oʻqiganda chorvador turkiy elatlar hayoti, faoliyati, tabiiy muhit koʻz oldingizda yaqqol gavdalanadi:
Alin topu yashardi
Urut oʻtin yashirdi,
Koʻlning suvin kushardi,
Sigir buva mungrashur.
Mazmuni:
Togʻ boshlari yashardi,
Qurugʻ oʻtni yashirdi,
Koʻl suvlari toshurdi,
Sigir, buqa maʻrashur.
Bu bahor tasviri. Qish tasviri aksincha:
Keldi asin asnayu,
Qozqa toʻpal usnayu.
Kirdi budun qusnayu,
qara bulit koʻkrashur.
Mazmuni:
Keldi shamol huvillab,
Boʻron boʻlib gʻuvillab,
Xalq titrashur uvillab,
Qora bulut guldirar.
Bu manzaralar chorvadorlar hayoti uchun islomdan oldingi davrda ham, keyinchalik ham xarakterli edi. Bu janrda jangnoma va marsiyalar singari dramatizm ruhi juda kuchli. Shu bilan birga romantik surur ham mavjud.
Devonda islom davr sheʻriyati asosan ishqiy, falsafiy-didaktik, madhiyaviy qasida va sheʻr namunalari bilan namoyon boʻlgan. Unda ham mazmun, ham shakliga koʻra Ahmad Yugnakiy dostoniga asos boʻlgan toʻrtdiklarni eslatuvchi “aaba” qofiyali oʻn bir hijoli parchalar uchraydi:
Yagʻa erur yoʻliguqin nangi tavar,
Bilig eri yigʻisin nelik sevar,
Tavar yiigʻib suv aqin indi saqin,
Koʻrum kabi izisin qoʻdi suvar.
Mazmuni:
Dushman erur insonga molu tovar,
Olim odam yovini qanday sevar,
Mol yigʻishni sel kelish deb
Mol egasini tosh kabi yumalatar.
“Devon”dagi birgina madhiyaviy qasidadan parcha ayol kishiga — malikaga bagʻishlangan. U tashakkurnoma yoʻsinda yozilgan boʻlib, aruz vaznining “munsari” bahriga toʻgʻri keladi. Falsafiy-didaktik kasida va masnaviylar pandnoma yoʻsinida boʻlib, turkiy elatlar maʻnaviyatiga xos boʻlgan bunday yoʻnalish “Devon”da koʻproq aks etgan. Ularda ilm oʻrganish tashviq etiladi, jaholat, kibru havo qoralanadi, saxovat va himmat, mehmondoʻstlik ulugʻlanadi, mol-dunyoga hirs qoʻyish, baxillik va ochkoʻzlik fosh qilinadi, ota-onani hur-matlash, ularning soʻziga quloq osishga daʻvat etiladi. “Devon”da mardlikni ulugʻlash, hushyorlikka, dushmandan ehtiyot boʻlishga chaqiruvchi baytlar ham pand-nasihat qatorida uchraydi:
Bilga eran savlarin algʻil oʻgut,
Ezgu savi ezlasa oʻzga singar.
Ardagi tila oʻrganing, boʻlma quvaz,
Ardashsizin - oʻgunsa angma angar.
Mazmuni:
Olim kishi soʻzidan olgil oʻgit,
Ezgu soʻzni eshitsang dilga singar.
Ilm-hikmat oʻrgangin, boʻlma qaysar,
Himmati yoʻq maqtanchoq yoʻl yoʻqotar.
Bu ilm-hunarga tashviq, olimga xurmax hakida boʻlsa, quyidagi bayt mehmondoʻstlik xususida:
Kelsa qali yagʻligʻ boʻlib yoʻnchigʻ uma,
Kelur anigʻ boʻlmish anigʻ tutma uma.
Mazmuni.
Kelsa agar xonang uzra gʻarib mehmon,
Bor narsangni oldiga qoʻy, boʻl mehribon.
“Devonu lugʻatit turiada keltirilgan qasida va qatralar mazmun jihatdan oʻsha davrning turkiyzabon shoiri Yusuf Xos Hojib dostoni mavzulari bilan juda uygʻundir. Shu jihatdan ham undagi parchalarni Ahmad Yugnakiyning «Hibat ul-haqoyiq”iga va Yusuf Xos Hojibning “qutadgʻu bilig” asari orasidagi davr sheʻriyatiga mansub ekanligini tan olish mumkin. Hatto dunyoning oʻtkinchi va bevafoligi, inson taqdirining oʻzgaruvchanligi haqidagi misralar ham bu tasavvurni taʻkidlab turadi:
Koʻzum yashi savruqub quzi aqar,
ilnib ajun emgagin tugal uqar,
Emgaksizmi turgʻu yoʻq munda tamu,
Ezgulugug koʻrmazib ajun chiqar,
Ajun kuni yoʻlduzi tutchi tugʻar.
Mazmuni:
Koʻzim yoshi tirqirab quyi oqar,
Anglab dunyo gʻamini tugal uqar,
Mashaqqatsiz hayot bunda aslo,
Ezgulikni koʻrmasdan ulur bitar,
Tugʻilgan zot dunyoda mangu porlar.
“Devon”da, oz boʻlsa-da, dunyoning yaratilishiga oid, yaʻni kosmologik mavzudagi satrlar ham uchraydi:
Tangri ajun toʻrutti,
Chigʻri uzu tazginur,
Yulduzlari chargashib,
Tun-kun uza yurganur.
Yaratti yashil chash,
Savurdi urung qash,
Tizildi qaraqush,
Tun-kun uza yurganur.
Mazmuni:
Tangri olam yaratgi,
Falak doim aylanur,
Yulduzlari saflashib,
Tun-kun uzra burkanur.
Yaratti yashil osmon,
Yulduzlar yoʻli samoy,
Qorakush yulduz-mezon,
Tun-kun uzra burkanur.
“Devon”dagi sheʻlarning badiiy saviyasi yuqori ekanligi, ularni yaratgan shoirlarning juda maʻlumotli boʻlgani, nafis va chuqur badiiy didga ega ekanligi olimlar tomonidan taʻkidlanadi.
Maxmud Koshgʻariy asarida dunyo xaritasi doyra shaklida chizib koʻrsatilgan. Uning markazida Markaziy Osiyo joylashgan. Balasogʻun, Shosh, Oʻzgan, Isfijob, Margʻinon kabi shaharlar ushbu hududga aloqador koʻrsatilgan. XI asr jugʻrofiy tasavvurlaridan darak beruvchi xaritaning ilova qilinishi Koshgʻariyning qomusiy alloma ekanini yana bir marta isbot etadi.
Xulosa qilib aytganda, Mahmud Koshgʻariyning islomdan ilgarigi va ilk islom davri turkiy madaniyat obidalarini tadqiq etish, toʻplash va avlodlarga yetkazib berishdagi xizmatlari nihoyatda ul-kandir. Uning tarix, etnografiya, tarix-joʻgʻrofiya xususidagi keng bilim doirasi, til va adabiyot sohasidagi qomusiy salohiyati, tadqiq qudrati bugungi kunda ham hayratlanarli darajada edi. Uning kitobida jamlangan aniq-ravshan maʻlumotlar VIII—XI asrlar ham turkiy adabiy til va badiiy adabiyotning, ham ogʻzaki xalq ijodi va turli lahjalarning boy manbai boʻlgani sababli imkon doirasi-da batafsil tavsif etildi.
“Devonu lugʻatit turk”ni oʻsha davrlarda Markaziy Osiyo mintaqasida yashagan turkiy xalqlar hayoti haqidagi qomusiy asar deb atash mumkin. Bu asar ustida tadqiqotlar olib borgan Fitrat, S. Mutallibov, I. V. Stebleva, V. V. Reshetov, gʻ. Abdurahmonov, A. Rustamov kabi olimlar Mahmud Koshgʻariyni qadimgi turkiy tillarni oʻrganishga buyuk hissa qoʻshgan oʻz davrining oʻta bilimdon olimi ekanligini taʻkidlaydilar. “Devonu lugʻatit turk” 3 tomda, oʻzbek tilida nashr etilgan. Hozirgi zamon jahon ilmiy jamoatchiligi XI asr buyuk olimi Maxmud Koshgʻariyni qiyosiy tilshunoslikning asoschisi, deb tan oladi.

FILIMLAR
Mahmud Qoshg‘ariyning noyob "Devonu lug‘otit turk" asari tarixi
Ulug‘ qomusiy olim Mahmud Qoshg‘ariy
"Devoni lug‘otit turk" asari haqida
Mahmud Qoshg'ariy Devoni lug'atit turk asari
AUDIOLAVHALAR

Ulug‘ qomusiy olim Mahmud Qoshg‘ariy

FOTOGALAREYA
ELEKTRON KITOBLAR NUSXASI
Devonu lug'otit turk asaridagi leksik birliklar tadqiqi