TARJIMAI HOL
Ismi: Nasr ibn Muhammad ibn Ibrohim Xattob Samarqandiy Tusiy Balxiy. Ba’zilar Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad (yoki Muhammad) ibn Ibrohim Samarqandiy deyishgan.[1]
Laqabi: A. Al-Faqih. Bu taniqli laqabi. Bu laqabdagi “al” artikili uning fiqh borasida zamondoshlaridan hech kim tenglasha olmaydigan darajaga erishganiga dalolat qiladi. Undan boshqa faqih yo‘q deyilgandek.
Abu Lays bu laqabini yoqtirar, uni o‘ziga sharaf sanardi. Abu Lays “Tanbeh al-g‘ofiliyn” asarini tamomlagach, uni Rosulullohning ravzalariga qo‘ydi. Shu kecha tushida payg‘ambarimizni ko‘rdi. U zot kitobni tutqazarkan: “Kitobingni ol, yey faqih”, - dedilar. Uyg‘onib qarasa kitobda u zotning qo‘l izlari bor edi. Shu sababli Samarqandiy bu laqabini yaxshi ko‘rar edi.[2]
B. Imam al-huda. Bu laqab Abu Mansur al-Moturidiyga ham berilgan.[3]
Kunyasi. Kunyasi Abu Lays. Bu kunyalari mashhurligidan ismlari o‘rniga ham ishlatiladigan bo‘ldi. Ba’zan bunga laqablari qo‘shilib “Faqih Abu Laysning so‘zi” deyilardi.
Tavalludi. Abu Lays tug‘ilgan yili aniq emas. U davrda kishilarning tavallud sanalari belgilash odat tusiga kirmagandi. Bu kishining kelajakda ulug‘ olim bo‘lishlari ham hech kimning xayoliga kelmagan edi.
Shunga qaramay, tarixchilar u kishi tavalludlarini taxminan 301-310 hijriy yillar oralig‘ida bo‘lganini aytishgan.
Vafoti. Manbalarda u kishining vafotlarigi oid turli ma’lumotlar kelgan.
- Dovudiy o‘zining “Tobaqot al-mufassiriyn” asarida u kishi 393 hijriy sananing 11 Jumadul avval tunida vafot etgan degan.[4]
- “Tobaqot as-saniyya fi tarojim al-hanafiyya” asarida 383 yilning 3 chisida deyilgan.
- “Toj at-tarojim”da 375 hijriy yilda deyilgan.[5]
- “Javahir al-maziyya”da 373 yilning 3 chisida deyilgan.[6]
- “Kashf az-zunun”da Hoji Xalifa Abu Lays 376 yoki 383 yoki 393 hijriy yillarning birida vafot etganini aytadi.[7]
- “Tarix at-tiros al-arobiy”da uning vafoti 373 yilda bo‘gani, 375 va 393 degan so‘zlar ham borligi aytilgan.[8]
- “Mo‘’jam al-muallifiyn”da 393 yilda vafot etgani aytilgan.
- Suyutiy: Ayyam at-toli’???da vafot etgan degan.
- “Navazil”da 396 hijriy sananing 11 jumadul oxir tunida 55 yoshida vafot etgani aytilgan.
Oilasi. Tarjimai hol kitoblarida u kishining oilasi haqida hech narsa deyilmagan. Bunga oilalaridan otalari va o‘zlaridan boshqa mashhur kishi bo‘lmagani sabab bo‘lishi mumkin.
Ustozlari:
1. Ilk ustozlari – otalari Muhammad ibn Ibrohim Tusiydir. U kishi fazilatli va taqvodor faqih edilar. Abu Laysga yoshliklarida ilm berganlar. U kishining ko‘p qavllar bahrul ulumda “Otam so‘zlab berdi” ma’nosidagi jumladan so‘ng kelgan.
2. Abu Ja’far Muhammad ibn Abdulloh ibn Muhammad ibn Umar Hinduvani Balxiy (362 h. vaf.).[9]
Ilmni Muhammad ibn Aqiyl Balxiy va Abu Bakr Muhammad ibn Abu Saiddan olganlar.
U kishida Ja’far ibn Muhammad ibn Hamadon, Abu Ishoq Ibrohim ibn Muslim ibn Muhammad ibn Muhammad Buxoriy, Abu Abdulloh Tohir ibn Muhammad Haddodiy va boshqalar rivoyat qilishgan. 362 hijriyda Buxoroda vafot qilib, Balxda dafn qilingan.
3. Al-Xalil ibn Ahmad al-Qozi as-Sijziy (289 -378 h.)– Samarqand qozisi. Imom, Qozi va Hanafiy shayxi degan laqablari mavjud. Ilmni Abul-Qosim Bag‘oviy, Yahyo ibn Soid, Ibn Xuzayma, Abul-Abbos Siroj, Muhammad ibn Ibrohim Dibliy Makkiy, Ibn Juso va boshqalardan o‘rgangan.
Undan Hokim, Abu Ya’qub Ishoq Qorrob, Abdulvahhob ibn Muhammad Xattobiy, Ja’far Mustag‘firiy, Abu Zar Hiroviy va boshqalar rivoyat qilishgan.
Hokim: “U o‘z davrining ro’y ulamolari shayxi. Eng go‘zal ma’ruza qiladiganlar edi”, - degan.[10]
4. Abu Abdulloh Muhammad ibn Fazl ibn Abbos Balxiy (317 h. vaf.)[11]
Balxning voizi, shayxul islom, katta zohid. Ahmad ibn Xuzrovayhning sohiblaridan. Qutayba ibn Saiddan oxirgi rivoyat qilgan kishi.
U kishidan Abu Bakr Muhammad ibn Abdulloh Roziy va Abu Bark ibn Muqri’lar rivoyat qilishgan.
Muhammad ibn Fazl tariqat sohiblardan edi. U kishidan bir qancha hikmatli so‘zlar rivoyat qilingan.
“To‘rt kishidan islom ketadi: bilganiga amal qilmaydigan, bilmaganiga amal qiladigan, bilmaganini o‘rganmaydigan va kishilarni ilmdan to‘sadigan kishi”.
Balx ulamolari bilan bo‘lgan kelishmovchilikdan so‘ng Samarqandga ko‘chib o‘tganlar. 317 yilda shu yerda vafot qilganlar.[12]
Shogirdlaridan mashhurlari:
1. Luqmon ibn Hakim al-Farg‘oniy. Abu Laysning kitoblarini rivoyat qilgan.
2. Nu’aym Xatib Abu Molik. U kishidan rivoyat qilganalardan.
3. Muhammad ibn Abdurrahmon Zubayriy. Roviylardan.
4. Ahmad ibn Muhammad Abu Sahl. Roviylardan.
5. Tohir ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Nasr Abu Abdulloh Haddodiy.
Ilmiy saviyalari.
Fiqh. Oldin aytib o‘tilganidek, zamonlarida fiqh borasida yagona bo‘lganlaridan “Al-Faqih” deb atalganlar.
Aqoid. Abu Lays zamondoshlari orasida kalom va tortishuv ilmlarini mukammal bilishi bilan ajralib turardi. Sam’oniy rohimahulloh aytadilar: “Abu Hanifaga ergashuvchilardan edi. Tortishuv va munozara bilan tanilgan shaxs edi”.
Chet tillari. Muallif arab tilidan tashqari fors tilini bilganlar va bu tilda she’rlar bitganlar. U kishining tafsirlari bilan tanishgan kishi, arab tiliga mansub bo‘lmagan so‘zlarning ham ma’nolari ochiqlab ketganlarini ko‘radi. Masalan [13]الذين يرثون الفردوس oyatdagi “Firdavs” so‘zini Rum tilida “bog‘” ma’nosini anglatadi deydi.
Lekin bu narsa u kishining bu tillarni bilganlarini anglatmaydi. Bu so‘zlarning ma’nosini o‘zlaridan oldin o‘tgan mufassir va tilshunoslarning asarlaridan olgan bo‘lishlari mumkin.
U kishi uzlarining jamiyatlarida keng tarqalgan fors tilini mukammal bilganlar. Bu tilda she’rlar bitib turganlar. Bundan tashqari yahudiy olimlari bilan uchrashib, ularning ilmlarini o‘rganlar. Bu haqida o‘zlari: “Ahli tavrotning: “Ya’qub o‘g‘illarning ismlari Tavrotda mavjud. Rubiyl, Sham’un, Yahudo, Vilavilar Layo ismli ayollaridan, Yusuf, Binyamiyn boshqa ayollari Rohiyldan, qolgan oltitasi boshqa ikki ayollaridan” deganlaring eshitganman”, - deganlar.
Tibbiyot. Abu Lays tafsirida zamonasining mashhur tabiblari so‘zlarini naql qiladilar. Masalan muallif “am yahsuduna”[14] oyati borasida Tabib Roziyning: Barcha shahvatlar qalbni o‘ldiradi. Qo‘shilishdan tashqari. U qalbni poklaydi” degan so‘zini keltirgan.
Yana bir misol tariqasida “Va kulu...”[15] oyatining tafsirini ham keltirish mumkin.
Falsafa. Bu davrdagi tibbiyot ilmini tushungan kishilar faylasuf bo‘lishgan. Abu Lays ham falsafini chuqur o‘rgangan edi. Masalan “kullama nazijat”[16] oyatining tafsirida: “Dinsizlar bu oyatni inkor qilib shunday deganlar...” deb ularning da’volari va unga raddiyalarni keltiradilar.
Asarlari. Abu Lays Samarqandiydan barakali ilmiy meros qoldi. Ilm, fan, adab borasida ko‘plab kitoblar tasnif etdilar. Fiqh, usuli din, tib va falsafa ilmlarida shuhrat va martaba qozondilar.
Tafsir ilmida yozgan asarlari:
«Bahr al-ulum» (Ilmlar dengizi) nomli tafsir. Bu tafsirning 3 ta nusxasi saqlanib qolgan. Ikki nusxasi Misr Arab Respublikasi kutubxonalarida, bir nusxasi Edinburg kutubxonasida saqlanmoqda. Uch jildlik ushbu asar Misr Arab Respublikasining «al-Azhar» universiteti doktorlari Muhammad Muavvaz, Ahmad Abdulmavjud va Abdulmajid an-Nutiylar tomonidan o‘rganilib, 1993 yil Bayrutda nashr etilgan.
Mahmud Husayn az-Zahabiy «at-Tafsir val-mufassirun» asarida Samarqandiyning «Bahr al-ulum» tafsiri haqida shunday deb yozadi: «Bu tafsirni ko‘p marotaba o‘qib chiqdim, muallif bir bobida salaf ulamolaridan rivoyat qilgan holda kishilarni tafsir ilmini o‘rganishga chaqirishini va uning fazilatini bayon qilishini ko‘rdim. So‘ng arab tilini hamda oyatlarning nozil bo‘lish sabablarini yaxshi bilmagan holda oyatlarni tafsir qilish mumkin emasligini bayon qilgan. U tafsirga bo‘lgan hurmatni nafaqat o‘z fikri bilan, balki salaf ulamolarining so‘zlari bilan ham asoslaydi». «Agar biror kishi arab tilini va oyatning nozil bo‘lish sabablarini yaxshi bilmasa, tafsirni o‘rgansin, yod olishga harakat qilsin, biror olimdan hikoya tarzida gapirib berishi mumkindir”. Mufassir salaf ulamolarning sahoba va tobi’inlarning so‘zlaridan keltirib tafsir qiladi. Lekin u kim rivoyat qilganini zikr etmaydi. Kamdan kam hollarda sanad (rivoyat qiluvchi) larni aytib o‘tadi. Ma’lum hollarda qiroatlarga ham e’tiroz bildiradi, ba’zan tilga ham murojaat qilib turadi. Qur’ondagi bir oyat boshqa bir oyatni tushuntirib beradigan bo‘lsa, Qur’onni Qur’on bilan sharhlaydi. Isroil qissalaridan ham rivoyatlari uchrab turadi. Ko‘pincha, ba’zilari unlay dedilar, ba’zilari bunday dedilar, deb ham zikr etadi. Ba’zi qiyin joylarda, o‘quvchiga savol berib, so‘ng unga javob beradi. Qur’onda ixtilof va qarama-qarshilik bor deb o‘ylayotgan kishilarga e’tiroz bildirib, ularning shubhalarini bartaraf etadi. Kitob juda nodir ma’lumotlarni jamlagan. Unda mufassir naql bo‘yicha tafsir va aql bo‘yicha tafsirni bir joyda jamlab, naqliy jihatni aqliy jihatdan ustun qo‘ygan. Shuning uchun bu tafsirni manbalarga asoslangan (ma’sur) tafsir deb hisoblaymiz.
Fiqh borasida yozgan asarlari:
1. «Xizonat al – fiqh» (Fiqh xazinasi). Bu asarda hanafiya mazhabi aqidalari sosida musulmon huquqshunosligi (fiqh) ning qisqacha ta’rifi berilgan. Asar 42 ta mustaqil kitob va 100 dan oshiq bobga bo‘linadi. Asar «Kitob masoil at-tahorat» (Tahoratga oid masalalar kitobi) bilan boshlanib, «Kitob al-vasoyo» (Vasiyatlar kitobi) bilan tugaydi. «Xizonat al-fiqh» ning 1467 va 1814-yillari ko‘chirilgan ikki qo‘lyozma nusxasi FA Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda.
2. «Uyun al masoil». (Hanafiy mazhabi asoslari haqida).
3. «Muqaddima Abu Lays fis-solat». (Namoz muqaddimasi).
4. «An-navozil fil fatovo» (Voqealar). Bu fatvolar haqida kitobdir.
5. «Ta’sis an-nazoir al-fiqhiyya».
6. «Al-Mabsut fi furu’il fiqh al-Hanafiy».
7. «An-Navodirul muqayyida». (Fiqhning nozik masalalari haqida).
8. «Sharh al-jomi’ul kabir» va «Sharh al-jome’us sag‘ir». (Muhammad ibn al-Hasan ash-Shayboniyning kitoblariga sharh yozganlar).
9. «Muqaddima fi bayoni al-kaboir vas-sag‘oir».
10. «Fatovo Abu Lays». (bu kitobda fiqh fatvolari jamlangandir).
Aqoid borasida yozgan asarlari:
1. «Kitob muxtalif ar-rivoya» (Turli rivoyatlar haqida kitob).
2. «Kitob bayon aqoid al-usul» (Din asoslari qoidalari bayoni kitobi).
3. «Kitob asror al-vahiy» (Vahiy sirlari kitobi).
Adabiyotlar
[1] Abdulqodir Qurashiy. Al-Javahir al-maziyya fi tobaqot al-hanafiyya. – Hindiston: Dairot al-maorif an-nizomiya. J:3 S:544;
Hoji Xalifa. Kashf az-zunun. An asom al-kutub va al-funun: – Istanbul: 1360-62/1941-43. J:2 S:1187;
Dovudiy. Tobaqot al-mufassiriyn. – Bayrut: Dar al-kutub al-ilmiyya, 1983. J:2 S:245;
Xoyriddin Zirikli. Al-A’lam. – Bayrut: Dar al-ilm lil-malayiyn, 2002. J:8 S:347
[2] Kataib a’lam al-axbar (Qo‘lyozma) 126 raqam.
[3] Abdulqodir Qurashiy. Al-Javahir al-maziyya fi tobaqot al-hanafiyya. – Hindiston: Dairot al-maorif an-nizomiya. J:3 S:360.
[4] Dovudiy. Tobaqot al-mufassiriyn. – Bayrut: Dar al-kutub al-ilmiyya, 1983. J:2 S:346.
[5] Qutlubug‘o. Taj at-tarojim fi tabaqot al-hanafiya. – Bayrut: Dar al-qolam, 1992. J:4 S:224.
[6] Abdulqodir Qurashiy. Al-Javahir al-maziyya fi tobaqot al-hanafiyya. – Hindiston: Dairot al-maorif an-nizomiya. Javahir al-maziyya. J:3 S:196.
[7] Hoji Xalifa. Kashf az-zunun. An asom al-kutub va al-funun: – Istanbul: 1360-62/1941-43. J: 2 S:1187, 1220, 1580.
[8] Muallif. Tarix at-tiros al-arobiy. – Shahar: nashriyot, yil. J:13 S:91.
[9]Abdulqodir Qurashiy. Al-Javahir al-maziyya fi tobaqot al-hanafiyya. – Hindiston: Dairot al-maorif an-nizomiya. J: 1 S:42;
Zirikli. Al-A’lam. – Bayrut: Dar al-ilm lil-malayiyn, 2002. J:1 S:131.
Sam’oniy. Al-Ansob. 13/432
[10] Zahabiy. Siyar a’lam an-nubala. – Bayrut: Muassasat ar-risalat, 1985. J: 21 S:438
[11] Zirikli. Al-A’lam. – Bayrut: Dar al-ilm lil-malayiyn, 2002. J:7 S:221
[12] Zahabiy. Siyar a’lam an-nubala. – Bayrut: Muassasat ar-risalat, 1985. J:4 S:524
[13] Abdulaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolar tarjima va tafsiri –Toshkent: 2009. S: Mu’minun O:11.
[14] Abdulaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolar tarjima va tafsiri –Toshkent: 2009. S: Niso O: 54.
[15] Abdulaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolar tarjima va tafsiri –Toshkent: 2009. S: A’rof O: 31.
[16] Abdulaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolar tarjima va tafsiri –Toshkent: 2009. S: Niso O: 56.