TARJIMAI HOL
Forobiy uning taxallusi bo‘lib, to‘liq nomi Abu Nasr Muhammad ibn Muhammad ibn O‘zlug‘ Tarxon — jahon madaniyatiga katta hissa qo‘shgan Markaziy osiyolik mashhur faylasuf, qomusiy olim. O‘rta asrning bir qancha ilmiy yutuqlari, umuman Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarida taraqqiyparvar ijtimoiy-falsafiy tafakkur rivoji uning nomi bilan bog‘liq. Forobiy o‘z zamonasi ilmlarining barcha sohasini mukammal bilganligi va bu ilmlar rivojiga katta hissa qo‘shganligi, yunon falsafasini sharhlab, dunyoga keng tanitganligi tufayli Sharq mamlakatlarida uning nomi ulug‘lanib, «Al-Muallim as-soniy» — «Ikkinchi muallim» (Aristoteldan keyin), «Sharq Arastusi» deb yuritilgan.
Forobiy turkiy qabilalardan bo‘lgan harbiy xizmatchi oilasida, Sirdaryo qirg‘og‘idagi Forob — O‘tror degan joyda tug‘ilgan. U tug‘ilgan hudud Somoniylar tomonidan boshqarilib, arab xalifaligining shimoliy chegarasi hisoblangan. Forobiy boshlang‘ich ma’lumotni ona yurtida oldi. So‘ng Toshkent (Shosh), Buxoro, Samarqandda o‘qidi. Keyinroq o‘z ma’lumotini oshirish uchun arab xalifaligining madaniy markazi bo‘lgan Bag‘dodga keldi. Bag‘dodda bu davrda musulmon dunyosining turli o‘lkalaridan, xususan Markaziy Osiyodan kelgan ko‘p ilm ahllari to‘planishgan edi. U yerga bora turib Forobiy Eron shaharlari — Isfahon, Hamadon, Rayda va boshqa joylarda bo‘ldi. Forobiy Bag‘dodda al-Mutaddil (829—902), al-Muqtafiy (902—908), al-Muqtadir (908—932) xalifaliklari davrida yashadi. U bu yerda o‘rta asr fani va tilining turli sohalari, yunon falsafiy maktablari bilan chuqur tanishib, o‘zga diniy e’tiqod, falsafiy fikrdagi kishilar bilan ilmiy muloqotda bo‘ldi. Abu Bashar Matta ibn Yunusdan (870—940) yunon tili va falsafasini, Yuhanna ibn Xiylon (860— 920)dan tabobat va mantiq ilmini o‘rgandi. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, u 70 dan ortiq tilni bilgan.
Taxminan 941 yildan boshlab Forobiy Damashqda yashagan. Shahar chekkasidagi bog‘da qorovul bo‘lib, kamtarona kun kechirib, ilm bilan shug‘ullangan. So‘nggi yillar u Halab (Aleppo) hokimi Sayfuddavla Hamdamid (943—967) iltifotiga sazovor bo‘ldi. Tadqi-qotchilar uning Halabdagi hayotini eng samarali davr hisoblaydilar. Chunki bu hokim hurfikrliligi, ilm-fanga e’tibor berganligi bilan ajralib turgan. U Forobiyni saroyga taklif etadi, lekin Forobiy bunga ko‘nmaydi, oddiy hayot kechirishni afzal ko‘radi.
Forobiy 949—950 yillarda Misrda, so‘ng Damashqda yashab, shu yerda vafot etgan va «Bob as-sag‘ir» qabristoniga dafn qilingan deyiladi.
Forobiy o‘rta asr davri tabiiy-ilmiy va ijtimoiy bilimlarining qariyb barcha sohalarida 160 dan ortiq asar yaratgan. U turli bilimlarning nazariy tomonlari, falsafiy mazmuni bilan ko‘proq qiziqqanligi uchun uning asarlarini 2 guruhga ajratish mumkin: 1) yunon faylasuflari, tabiatshunoslarining ilmiy merosini izohlash, targ‘ib qilish va o‘rganishga bag‘ishlangan asarlar; 2) fanning turli sohalariga oid mavzulardagi asarlar.
Forobiy qadimgi yunon mutafakkirlari — Platon, Aristotel, Evklid, Ptolemey, Porfiriylarning asarlariga sharhlar yozgan. Ayniqsa, Aristotel asarlari («Metafizika», «Etika», «Ritorika», «Sofistika» va b.)ni betafsil izohlab, qiyin joylarini tushuntirib bera olgan, kamchiliklarini ko‘rsatgan, ayni vaqtda bu asarlarning umumiy mazmunini ochib beruvchi maxsus asarlar yaratgan. Forobiy sharhlari O‘rta va Yaqin Sharq ilg‘or mutafakkirlarining dunyoqarashini shakllantirishda, ularni Aristotel g‘oyalari ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Abu Ali ibn Sino Forobiy sharhlari («Metafizika» — «Moba’diy tabiat»)ni o‘qib, Aristotel asarlarini tushunganligini alohida ta’kidlaydi. Forobiyning sharh yozish faoliyati faqat Sharqnigina emas, o‘rta asr Ovro‘posini ham yunon ilmi bilan tanishtirishda katta rol o‘ynadi. Bu faoliyat uning ilmiy faoliyati taraqqiyotining birinchi bosqichini tashkil etadi. Bu bosqich Forobiyga o‘ziga xos maktab xizmatini o‘tagan va yangi mavzularda tadqiqotlar olib borish uchun zamin hozirlagan.
Forobiyning bunday asarlarini mazmuniga qarab quyidagi guruhlarga bo‘lish mumkin:
1) falsafaning umumiy masalalariga, ya’ni bilimning umumiy xususiyatlari, qonuniyatlari va turli kategoriyalariga bag‘ishlangan asarlar: «Substansiya haqida so‘z» («Kalom fi-l javhar»), «Masalalar manbai» («Uyunul masoil»), «Qonunlar haqida kitob» («Kitob fi-l navomis»), «Falak harakatining doimiyligi haqida» («Kitob fi-l harakat al-falaka doimatun») va b.;
2) inson bilish faoliyatining falsafiy tomonlariga bag‘ishlangan, ya’ni bilishning shakllari, bosqichlari, usullari haqidagi asarlar. Mantiq (logika)ning turli muammolariga doir asarlari ham shunga kiradi: «Kattalarning aqli haqida so‘z» («Kalom fi-l aql al-Kabir»), «Yoshlarning aqli haqida kitob» («Kitob fil-aql as-sag‘ir»), «Mantiq haqida katta qisqartma kitob» («Kitob al-muxtasar al-kabir fi-l mantiq»), «Mantiqqa kirish kitobi» («Kitob al-madxal ila-l mantiq»), «Isbot kitobi» («Kitob al-burxon»), «Sillogizm shartlari kitobi» («Kitob sharoit al-qiyos»), «Jon (ruh)ning mohiyati haqida risola» («Risola fi mohiyat an-nafs») va b.;
3) falsafa va tabiiy fanlarning fan sifatidagi mazmuni, tematikasi haqidagi asarlar: «Ilmlarning kelib chiqishi va tasnifi» («Kitob fi ixso al-ulum va at-ta’rif», qisqacha nomi «Ixso al-ulum»), «Falsafa tushunchasining ma’nosi haqida so‘z» («Kalom fi ma’oni ism al-falsafa»), «Falsafani o‘rganishdan oldin ni-mani bilish kerakligi haqida kitob» («Kitob fi ashyo allati yaxto-ju antallama kabl al-falsafa»). «Falsafaga izohlar». («Taoliq fi-l hikmat») va b.;
4) moddaning miqdori, fazoviy va hajmiy munosabatlarini o‘rganishga bag‘ishlangan, ya’ni matematika fanlari — arifmetika, geometriya, astronomiya va muzikaga oid asarlar: «Hajm va miqsor haqida so‘z» («Kalom fi-l xiyz va-l miqsor»), «Fazo geometriyasiga kirish haqidagi qisqartma kitob» («Kitob al-madxal ila-l han-dasat al-vaxmiyati muxtasarsan»), «Astrologiya qoidalari haqida mulohazalarni to‘g‘rilash usuli haqida maqola» («Maqola fi-l ji-hat allayati yassexxu alayho al qavl bi ahkom an-nujum»), «Muzika haqida katta kitob» («Kitob ul-musiqa al-kabir»), «Muzika haqida so‘z» («Kalom fi-l musiqiy»), «Ritmlar turkumlari haqida kitob» («Kitob ul fi ixso-il-iqo») va b.;
5) modda xossalari va turlarini, noorganik tabiatning, hayvonlar va inson organizmining xususiyatlarini o‘rganuvchi, ya’ni tabiiy fanlar — fizika, kimyo, optika, meditsina, biologiyaga bag‘ishlangan asarlar: «Fizika usullari haqida kitob» («Kitob fi usul ilm at-tabiat»), «Alkimyo ilmining zarurligi va uni inkor etuvchilarga raddiya haqida maqola» («Maqola fi vujub sanoat al-kimyo va-r radd ala mubtiluho»), «Inson a’zolari haqida risola» («Risola fi a’zo al-insoniya»), «Hayvon a’zolari to‘g‘risida so‘z» («Kalom fi a’zo al-hayvon») va b.;
6) tilshunoslik, she’riyat, notiqlik san’ati, xattotlikka oid asarlar: «She’r va qofiyalar haqida so‘z» («Kalom fi she’r va-l qavofi»), «Ritorika haqida kitob» («Kitob fi-l xitoba»), «Lug‘atlar haqida kitob» («Kitob fi-l lug‘at»), «Xattotlik haqida kitob» («Kitob fi san’at al-kitobat») va b.;
7) ijtimoiy-siyosiy hayot, davlatni boshqarish masalalariga, axloq, tarbiyaga bag‘ishlangan, ya’ni huquqshunoslik, etika, pedagogikaga doir asarlar: «Baxt-saodatga erishuv yo‘llari haqida risola» («Risola fi-t tanbih ala asbob as-saodat»), «Shaharni boshqarish» («As-siyosat an-madaniya»), «Urush va tinch turmush haqida kitob» («Kitob fi maoyish va-l xurub»), «Fazilatli xulqlar» («As-siyrat al-fazila») va b.
Forobiyning ilmiy merosi, umuman, o‘rta asr Sharqining madaniy-ma’naviy hayotidan, tabiiy-ilmiy, ijtimoiy-siyosiy masalalaridan juda boy ma’lumot beradi. Mutafakkir o‘z asarlarini o‘sha davrda Sharq mamlakatlarida ilmiy-adabiy til hisoblangan arab tilida yozadi. Forobiy shuningdek, arab va fors tillarida falsafiy mazmundagi she’rlar ham yozgan.
Forobiy asarlari XII—XIII asrlardayoq lotin, qadimiy yahudiy, fors tillariga, keyinchalik boshqa tillarga tarjima qilinib, dunyoga keng tarqalgan. So‘nggi asrlarda ko‘chirilgan nusxalari ko‘p mamlakatlarning qutubxona va muassasalarida saqlanadi. Toshkentda Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida qadimgi Sharq faylasuflari asarlaridan jami 107 risolani, jumladan, Forobiyning 16 risolasini (arabcha) o‘z ichiga olgan «Hakimlar risolalari to‘plami» («Majmuat rasoil al-hukamo», Qo‘lyozmalar fondi, 2385-in.) bor. Bu noyob qo‘lyozma Forobiy asarlarini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega. To‘plamdagi Forobiy risolalari 1975 yili qisman o‘zbek tiliga tarjima qilinib nashr etildi.
Forobiyning tabiiy-ilmiy fanlar haqidagi qarashlari «Ilmlarning kelib chiqishi va tasnifi» asarida batafsil yoritilgan. Kitobda o‘rta asrda ma’lum bo‘lgan 30 dan ortiq fanning ta’rifi, ahamiyati ko‘rsatib beriladi. Barcha fanlar 5 guruhga ajratiladi: 1) til haqidagi ilm (7 bo‘lim — grammatika, orfografiya, she’riyat); 2) mantiq va uning bo‘laklari; 3) matematika (arifmetika, geometriya, optika, astronomiya, muzika, og‘irliklar hakidagi ilm, mexanika); 4) tabiatshunoslik va metafizika (8 bo‘lim — bashorat qilish, tibbiyot, alkimyo); 5) shahar haqidagi fanlar — siyosiy ilm, fiqh, kalom (etika, pedagogika).
Fanlarning bu tasnifi o‘z davrida ilmiy bilimlarni ma’lum tizimga solishning mukammal shakli bo‘lib, bilimlarning keyinga rivoji uchun katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Shu narsa diqqatga sazovorki, Forobiy tabiiy va ijtimoiy fanlarni vazifasidan kelib chiqib to‘g‘ri farqlagan. Uning talqinicha, matematika, tabiatshunoslik, metafizika fanlari inson aqlini bilimlar bilan boyitish uchun xizmat qilsa, grammatika, mantiq, she’riyat kabi ilmlar fanlardan to‘g‘ri foydalanishni, bilimlarni boshqalarga to‘g‘ri tushuntirish, ya’ni aqliy tarbiya uchun xizmat qilgan. Siyosat, axloq, ta’lim-tarbiyaga oid bilimlar esa kishilarning jamoalarga birlashuvini, ijtimoiy hayotga tegishli qoidalarni o‘rgatadi.
Forobiy insonning amaliy faoliyati uchun tabiiy fanlarning ahamiyatini yaxshi tushunadi. Bunday fanlarni u real narsalar haqidagi ilmlar deb ataydi. U yunon tabiatshunoslari Evklid, Ptolemey, Galen kitoblariga yozgan sharhlarida, o‘zining geometriyaga doir kitobida antik dunyo, o‘rta asr matematik g‘oyalarining yirik bilimdoni sifatida maydonga chikdi, matematikaning bir qancha murakkab kategoriyalari va mavhum tushunchalarini ilmiy nuqtai nazardan hal etish yo‘llarini qidirdi, xususan son haqidagi ehtimollik nazariyasi to‘g‘risidagi g‘oyalarni boyitdi.
Forobiy «Yulduzlar haqidagi qoidalarda nima to‘g‘ri va nima noto‘g‘riligi to‘g‘risida» risolasida osmon jismlari bilan yerdagi hodisalar o‘rtasidagi tabiiy aloqalarni, xususan bulutlar va yomg‘irlar paydo bo‘lishining Quyosh issiqligi ta’sirida bug‘lanishga sababiy bog‘liqligini yoki Oy tutilishi Yerning Quyosh bilan Oy o‘rtasiga tushib qolishiga bog‘liq ekanligini ko‘rsatgan edi. Bu bilan u osmon jismlariga qarab «fol ochuvchilar»ni fosh qildi. Forobiy arzon metallarni qimmatbaho metallarga aylantirishga urinuvchilarni (q. Alkimyo) tanqid qilib, kimyoga tabiiy ilmlarning bir qismi sifatida qaradi. Forobiy tabiblik bilan bevosita shug‘ullanmagan bo‘lsa-da, nazariy tibbiyotni yaxshi bilgan. Uning tibbiy qarashlari «Inson a’zolari haqida» risolasida bayon qilingan. U inson a’zolarini, turli xil kasalliklar sababini, ularning paydo bo‘lish sharoitlarini alohida-alohida o‘rganishni, organizmning salomatligini tiklash uchun kerakli oziq-ovqatlarga e’tibor berishni qayd etadi. Insonning ruhiy va jismoniy holati tashqi omillar, muhit ta’siriga bog‘liqligiga e’tibor beradi. Uning tibbiyot vazifasi, maqsadi haqidagi qarashlari Ibn Sinoning bu haqdagi qarashlariga katta ta’sir ko‘rsatdi.
Forobiy dunyoqarashining shakllanishiga asosan Sharqning qadimgi ilg‘or madaniyati an’analari, arab xalifaligiga qarshi xalq harakatlari, o‘rta asr tabiiy-ilmiy tafakkur yutuqlari, Yunonistonning falsafiy merosi ta’sir ko‘rsatdi. Forobiy avvalam-bor Aristotel ta’limotini tiklash, asoslash va ilg‘or tomonlarini so‘nggi ilmiy yutuqlar asosida rivojlantirishga harakat qilib, Sharq aristotelizm oqimini vujudga keltirdi. Bu oqimning uslubi, muhim masalalari, kategoriyalarini ishlab chiqdi.
Forobiyning falsafiy ta’limoti mohiyat-e’tibori bilan an’anaviy ilohiyot — kalomdan tubdan farq qilib, ilmiy g‘oyalar bilan yo‘g‘rilgandir. Forobiy falsafasiga ko‘ra, olam yagona mavjudotdan iborat, yagona vujud-vujudi vojib, ya’ni azaliy vujud — birinchi sabab hamda vujudi mumkin — yaratilgan, kelib chiqqan vujudlar natijalaridan iboratdir. Alloh — azaliy vujud (vujudi vojib) hamma narsaning ibtidosi, barcha vujudlar — vujudi mumkin undan asta-sekinlik bilan pog‘onama-pog‘ona kelib chiqadi, buning so‘shti pog‘onasi moddadir. Uning fikricha, tabiat moddaning turli shakllarining paydo bo‘lishi, sabab-oqibat munosabatlari asosida, muayyan izchillik va zarurat bo‘yicha kechadigan tadrijiy jarayondir. Forobiy «Masalalar mohiyati», «O‘zgaruvchan narsalar haqida» risolalarida modda fazoda ham, vaqtda ham cheklanmagan, intihosiz degan fikrni ilgari suradi. Shu tarzda panteizmning Sharqsagi ko‘rinishi vujudiyun ta’limotini yangi g‘oyalar bilan boyitdi.
Borliqning kelib chiqishi haqida Forobiy ta’limotida — mavjudot 4 unsur — tuproq, suv, havo, olovdan tashkil topadi; osmon jismlari ham shu unsurlarning birikuvidan vujudga keladi. Moddiy jismlarning o‘zaro farq qilishiga sabab, ularning ibtidosidagi unsurlarning turlicha bo‘lishidir: olov — issiqlik sababi; suv — sovuqlik, namlik; tuproq — qattiqlik sababi. Forobiy bu-tun mavjudotni sabab va oqibat munosabatlari bilan bog‘langan 6 daraja (sabab)ga bo‘ladi: Alloh (as-sabab al-avval), osmon jinslari (as-sabab as-soniy), aql (al-aql al-faol), jon (an-nafs), shakl (as-surat), materiya (al-modda). Bulardan Alloh — vujudi vojib, ya’ni zaruriy mavjudlikdir, qolganlari esa — vujudi mumkin, ya’ni imkoniy mavjud narsalardir. Bular bir-birlari bilan sababiy bog‘langan.
Forobiy uchun dunyo g‘uncha bo‘lib, asta-sekin o‘zining rang-barang tomonlarini va bitmas-tuganmas boyliklarini tobora ko‘proq namoyon qilib ochila boradi. Borliqning bunday talqini tabiiy-ilmiy g‘oyalarning yanada rivojlanishi uchun keng yo‘l ochdi. Abu Ali ibn Sino va undan keyingi mutafakkirlar o‘zlarining falsafiy qarashlarida shu borliq tizimi asosida ish olib bordilar.
Ilm, bilish va aql haqidagi ta’limot Forobiy asarlarida izchil va mukammal ishlangan. Ilm olish masalasiga u inson mohiyatini tushuntirib berishning tarkibiy qismi sifatida qaradi.
Forobiy fikricha, insonning bilishini, ruhiy qobiliyatlarini miya boshqaradi, yurak esa barcha a’zolarni hayot uchun zarur bo‘lgan qon bilan ta’minlovchi markazdir, barcha ruhiy «quvvatlar», jumladan bilish qobiliyati muayyan a’zoga bog‘liq.
Forobiy «Ilm va san’atning fazilatlari» risolasida tabiatni bilishning cheksizligini, bilim bilmaslikdan bilishga, sababiyatni bilishdan oqibatni bilishga, sifatlardan aksidensiya (al-oraz)dan substansiya — mohiyat (javhar)ga qarab borishini ilmning borgan sari ortib, chuqurlashib borishini ta’kidlaydi.
Insonning ibtidosida, avvalo «oziqlantiruvchi quvvat» paydo bo‘lib, uning yordamida inson ovqatlanadi. Shundan so‘ng «tashqi quvvat», ya’ni bevosita tashqi ta’sir natijasida sezgi organlari orqali vujudga keluvchi «quvvat»lar — 5 turlidir: teri-badan sezgisi; ta’m bilish sezgisi; hid bilish sezgisi; eshitish sezgisi; ko‘rish sezgisi. Bularning hammasini Forobiy «hissiyot quvvati» («quvvai hissiyya») deb atab, hissiy bilish qismlari sifatida qaraydi. «Ichki quvvat»ga esda olib qolish, xayol (xotira, tasav-vur), his-tuyg‘u, nutq (fikrlash) «quvvat»lari kiradi. «Ichki quvvat»da Forobiy aqliy bilish bosqichini nazarda tutadi. Ilmni egallash shu quvvatlar orqali amalga oshiriladi.
Forobiy bilish jarayoni har 2 bosqichga bog‘liqligini, aqliy bilish hissiy bilishsiz vujudga kelmasligini alohida ta’kidlaydi.
Forobiy «Aql ma’nolari haqida» risolasida aql masalasini chuqur talqin qiladi. U aql bir tomondan, ruhiy jarayon, ikkinchi tomondan, tashqi ta’sir — ta’lim-tarbiyaning natijasi ekanligini uqdiradi. Forobiy fikricha, aql faqat insongagina xos bo‘lgan tug‘ma quvvat — ruhiy kuch bilan bog‘liq.
Forobiyning aql, umuman bilish haqidagi ta’limotida mantiq (logika) ilmi muhim o‘rin tutadi. «Mantiq san’ati kishiga shunday qonunlar haqida ma’lumot beradiki, — deb yozgan edi u, — bu qonunlar vositasida aql chiniqadi, inson sog‘lom fikr yuritishga o‘rganadi». Forobiy mantiq ilmi bilan grammatika o‘rtasidagi mushtaraklikni qayd etadi: mantiqning aqlga munosabati grammatikaning tilga munosabati kabidir. Grammatika odamlar nutqini tarbiyalagani kabi, mantiq ilmi ham tafakkurni haqiqiy yo‘ldan olib borish uchun aqlni to‘g‘rilab turadi.
Forobiy logikasi musulmon Sharqidagi so‘nggi mantiqqa oid fikrlarning rivojiga katta turtki berdi.
Forobiyning bilish, mantiq, aql haqidagi fikrlari uning inson haqidagi ta’limoti uchun xizmat qiladi, unga bo‘ysundirilgandir. Aqlga ega bo‘lish, bilimli, mantiqli bo‘lish bilan chegaralanmay, u ma’lum axloqiy prinsiplarga, axloqiy madaniyatga egalik bilan yakunlanishi kerak.
Forobiy aqlli inson haqida gapirib bunday yozadi: «Aqlli deb shunday kishilarga aytiladiki, ular fazilatli, o‘tkir mulohazali, foydali ishlarga berilgan, zarur narsalarni kashf va ixtiro etishga zo‘r iste’dodga ega, yomon ishlardan o‘zini chetga olib yuradilar. Bunday kishilarni oqil deydilar. Yomon ishlarni o‘ylab topish uchun zehn-idrokka ega bo‘lganlarni aqlli deb bo‘lmaydi, ularni ayyor, aldoqchi degan nomlar bilan atamoq lozim».
Forobiy o‘rta asrlar sharoitida birinchi bo‘lib jamiyatning kelib chiqishi, maqsad va vazifalari haqida izchil ta’limot yaratdi. Bu ta’limotda ijtimoiy hayotning ko‘p masalalari — davlatni boshqarish, ta’lim-tarbiya, axloq, ma’rifat, diniy e’tiqod, urush va yarash, mehnat va boshqalar qamrab olingan.
Forobiy «Fozil shahar aholisining maslagi» risolasida jamiyat («inson jamoasi»)ning kelib chiqishi haqida bunday yozadi: «Har bir inson tabiatan shunday tuzilganki, u yashash va oliy darajadagi yetuklikka erishmoq uchun ko‘p narsalarga muhtoj bo‘ladi, u bir o‘zi bunday narsalarni qo‘lga kirita olmaydi, ularga ega bo‘lish uchun insonlar jamoasiga ehtiyoj tug‘iladi… Bunday jamoa a’zolarining faoliyati bir butun holda, ularning har biriga yashash va yetuklikka erishuv uchun zarur bo‘lgan narsalarni yetkazib beradi. Shuning uchun inson shaxslari ko‘paydilar va yerning aholi yashaydigan qismiga o‘rnashdilar, natijada inson jamoasi vujudga keldi».
Forobiy shaharni ijtimoiy uyushishning yetuk shakli, insoniyat kamolotga erishishining zaruriy vositasi, deb hisoblaydi. Bu-tun insonlarni o‘zaro hamkorlikka, xalqlarni tinchlikka chaqiradi, dunyoda yagona inson jamoasini tuzish haqida orzu qiladi. mutafakkir inson qadr-qimmatini kamsituvchi jamiyatga qarshi chiqadi. «Davlat arbobining hikmatlari» risolasida esa u doimiy urushlar va bosqinchilikka asoslanuvchi jamiyatni adolatsiz, johil jamiyat sifatida qoralaydi.
Forobiy o‘zining fozil jamoasida odamlarni turli belgilarga qarab guruhlarga bo‘ladi. Kishilarning diniy mazhabiga, millatiga, irqiga qarab emas, balki tabiiy xususiyatlariga, qobiliyatlariga, avvalo aqliy iqtidoriga hamda ilmlarni o‘rganish, hayotiy tajriba to‘plash jarayonida orttirgan bilim va ko‘nikmalariga katta ahamiyat beradi. Itoatkorlikka da’vat etuvchi ta’limotlarni kes-kin qoralaydi.
Forobiy «Baxt-saodatga erishuv yo‘llari haqida risola», «Baxt-saodatga erishuv haqida risola» asarlarida o‘zining orzu qilgan fozil jamiyatini yana ham yorqin tasvirlaydi. «Davlatning vazifasi insonlarni baxt-saodatga olib borishdir, — deb yozadi u, — bu esa ilm va yaxshi axloq yordamida qo‘lga kiritiladi». Forobiy davlatni yetuk shaxs (monarxiya), yetuk xislatlarga ega bo‘lgan bir necha shaxslar (aristokratiya) va saylangan shaxslar (demokratiya) yordamida boshqarish shakllarini qayd etadi.
Forobiy jamiyat o‘z rivojida yetuklikka tomon intilishi, shuning uchun kurash olib borishi va nihoyat fozil jamiyat, fozil shahar darajasiga ko‘tarilishi haqida fikr yuritadi.
U shunday yozadi: «Fozil jamiyat va fozil shahar (yoki mamlakat) shunday bo‘ladiki, shu mamlakatning aholisidan bo‘lgan har bir odam kasb-hunar bilan shug‘ullanadi. Odamlar chin ma’nosi bilan ozod bo‘ladilar… Ular orasida turli yaxshi odatlar, zavq-lazzatlar paydo bo‘ladi». Forobiy bunday fozil jamoani boshqaruvchi podshoh, rahbarlarga ham ma’lum talablar qo‘yadi. U xalq haqida doimo g‘amxo‘rlik qilishi, boshqalar manfaatini o‘z manfaatidan ustun qo‘ya bilishi zarur. Bunday jamoani idora etuvchi yoki idora etuvchilar guruhi o‘zlarida muhim olti xislatni ifodalashlari kerak, ya’ni adolatli, dono bo‘lishi, qonunlarga rioya etishi va qonunlar yarata olishi, kelgusini oldindan ko‘ra bilishi, boshqalarga g‘amxo‘r bo‘lishi kerak.
Forobiyning fozil jamoa haqidagi ta’limoti, uning komil inson haqidagi fikrlari bilan uzviy bog‘lanib ketadi. Fozil jamoada komil inson xislatlari vujudga keladi. Masalan, axloq-odobli yetuk inson o‘n ikki fazilatga ega bo‘lmog‘i lozim. Bu fazilatlar insonlarning o‘zaro munosabatlari mustahkamlanib, yaxshilik tomon yo‘nalishida vujudga kela boradi. Forobiyning fozil jamoa va komil inson haqidagi ta’limotlari so‘nggi olim-mutafakkirlarga katta ta’sir ko‘rsatdi.
Umuman olganda Forobiyning fozil jamiyati, komil insoni baxt-saodat, o‘zaro yordam, dono boshliq, tenglik haqidagi fikrlari o‘z davri uchun xayoliydir. Lekin insonni ma’naviy ozod etishga, uning imkoniyatlarini ochishga, gumanistik yo‘nalishni asoslashga qaratilgan bu ta’limot ilg‘or ijtimoiy tafakkur taraqqiyotiga buyuk hissa bo‘lib qo‘shildi. Umumbashariy intilishlarni ifodaladi. Uning ijtimoiy g‘oyalari keyinchalik so‘nggi mutafakkirlar: Abu Rayhon Beruniy, ibn Sino, ibn Rushd, Baxmanyor, Nizomiy, Sa’diy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Bedil, Iqbol, Ahmad Donish va boshqalar ijodida rivojlantirildi.
Forobiy «Muzika haqida katta kitob» degan ko‘p jildli asari bilan o‘rta asrning yirik muzikashunosi sifatida ham mashhur bo‘ldi. U muzika ilmini nazariy, amaliy tarmoqlarga, kuylarning ichki tuzilishi, qonuniyatlarini hisobga olib ta’rif va ilmi iqoga ajratadi.
Forobiy muzika nazariyasida tovushlar vujudga kelishining tabiiy-ilmiy ta’rifini beribgina qolmay, kuylar garmoniyasining matematik prinsiplarini ochadi, turli jadvallar, geometriya qoidalari asosida ko‘plab murakkab chizmalar keltiradi. U Sharq muzikasining ritmik asosini dalillar bilan sharhlab beradi. U ritmlarni tashkil etgan zarb birliklari bo‘lmish naqralar, ularning birikmasidan hosil etiladigan ruknlarning turli xillari asosida yaratiladigan ritm o‘lchovlari va turlarini yoritib bergan.
«Muzika haqida katta kitob»da faqat muzika nazariyasi va tarixi bayon etilmay, Sharqda ma’lum bo‘lgan rubob, tanbur, nog‘ora, ud, qonun, nay kabi muzika asboblari hamda ularda kuy ijro etish qoidalari tafsiloti ham berilgan. Forobiyning o‘zi mohir sozanda, bastakor, manbalarda yangi muzika asbobini ixtiro etganligi, unda nihoyatda ta’sirchan kuylar yaratgani qayd etiladi. Forobiy muzikaga inson axloqini tarbiyalovchi, sihat-salomatligini mustahkamlovchi vosita deb qaragan. Uning muzika sohasida qoldirgan merosi muzika madaniyati tarixida olamshumul ahamiyatga ega.
Forobiy o‘z davridayoq buyuk olim sifatida mashhur bo‘lgan. Sharq xalqlarida u haqsa turli hikoya, rivoyatlar vujudga kelgan. O‘rta asr olimlaridan ibn Xallikon, ibn al-Qiftiy, ibn Abi Usabi’a, Bayhaqiylar o‘z asarlarida Forobiy ijodini o‘rganib, uning g‘oyalarini rivojlantirganlar. Xususan, ibn Rushd Forobiy asarlarini o‘rganibgina qolmay, ularga sharhlar ham («Sillogizmga nisbatan al-Forobiyning fikri», «Abu Nasrning mantiqqa doir asarida ifodalangan fikrning bayoni» «Al-Forobiy, xususan uning «Organon» izohlariga turli sharhlari» va b.) yozdi. Averroizm nomi bilan mashhur bo‘lgan uning falsafiy ta’limotining shakllanishi dastlab Forobiy va ibn Sino faoliyati bilan bog‘liq. Averroizm ilmiy tendensiyalarni ifodalovchi ilg‘or yo‘nalish sifatida keng yoyilgan va Uyg‘onish davrining ko‘p ilg‘or mutafakkirlari dunyoqarashiga ta’sir ko‘rsatgan.
Taraqqiyparvar insoniyat Forobiy ijodiga hurmat bilan qarab, uning merosini chuqur o‘rganadi. Ovro‘po olimlaridan B. M. Shtrenshneyder, Karra de Vo, T. U. Buur, R. Xammond, R. de Erlanje, F. Deteritsi, G. Farmer, N. Rishar, G. Ley, Sharq olimlaridan Nafisiy, Umar Farrux, Turker, M. Mahdi va boshqalar Forobiy merosini o‘rganishga muayyan hissa qo‘shdilar. Keyingi yillarda uning ijodi va ta’limotiga bag‘ishlangan bir qancha tadqiqotlar, asarlar yuzaga keldi.
O‘zbekiston va Qozog‘istonda Forobiy nomiga qo‘yilgan ko‘cha, maktab va kutubxonalar mavjud.