Imom Buxoriy
810-870 yy

TARJIMAI HOL

Imom Buxoriy (810-870 yy.) Imom Buxoriy 810 yilda Buxoroda tavallud topgan. Uning otasi – Ismoil o‘ta ilmli kishi sifatida tanilgan bo‘lib, hadis ilmi borasida Hammod ibn Zayd va imom Molikdan saboq olgan. Imom Buxoriy ham o‘z otasining ilmiy merosini juda qadrlagan va uning ismini o‘zining “Katta tarix” kitobiga kiritgan. Imom Buxoriydagi ilmga bo‘lgan qobiliyat, o‘ta kuchli xotira yoshligidanoq o‘zini namoyon qilgan edi. Uning asosiy qiziqishi payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ishonchli hadislarini o‘rganishga qaratilgan. 
Imom Buxoriy 16 yoshlarida mashhur muhaddis Abdulloh ibn Muborak va Vakiy ibn Jarrohning hadislar bo‘yicha kitoblarini yoddan bilgan, hadis ilmiga oid atamalarni mukammal o‘zlashtirgan, uning asosiy maktablarining o‘ziga xos xususiyatlarini ajrata olgan. 
Shu yoshida Imom Buxoriy Makkaga haj amalini bajarish uchun boradi va ushbu muborak shaharda o‘zining hadisga oid bilimlarini takomillashtirish maqsadida qolishga qaror qiladi. Imom Buxoriy hadis yig‘ish maqsadida juda ko‘p musulmon yurtlariga safar qilgan. Imom Buxoriyning hadis ilmida yetuk olim ekani o‘z zamonasida e’tirof qilinar va shu e’tirof ortidan atroflariga ilm talabida ko‘plab shogirdlar yig‘ilardi. Imom Buxoriy o‘sha davrda xalifalikning markazi bo‘lgan Bag‘dodda hanbaliy mazhabi asoschisi Imom Ahmad ibn Hanbaldan poytaxtda qolish to‘g‘risidagi takliflar olgan, ammo o‘z vatani Xurosonga qaytishni afzal bilgan. Imom Buxoriyning asarlari orasida eng mashhur bo‘lgani “Al-jome’ as-Sahih”dir.
Undan tashqari tarixiy voqealar va shaxslarni chuqur tahlil qiladigan, hadis ilmining asoslaridan bo‘lgan ilmlarga oid bir qator o‘ta ahamiyatli kitoblar yozdi. Imom Buxoriyning ilmiy ahamiyati yuksak bo‘lgan bir nechta asarlar tasnif qildi: «Al-jome’ as-sahih», «Al-adab val-mufrad», «At-tarix al-kabir», «At-tarix as-sag‘ir», «At-tarix al-avsat», «At-tafsir al-kabir» «Birrul volidayn», «Asmo as-sahoba», «Kunyalar» va boshqalar. Ular orasidagi «Al-jome’ as-sahih» asari islom olamida Qur’ondan keyingi eng muhim manba sifatida e’zozlanuvchi manba hisoblanadi. Imom Buxoriyning hadislar to‘plash borasidagi qo‘ygan shartlari boshqa muhaddislarning shartlaridan ko‘ra aniqroq bo‘lgani sababli «Al-jome’ as-sahih» asari «Eng ishonchli hadislar to‘plagan» nomiga sazovor bo‘lgan. Muhaddislar hadislarning roviylarini o‘zaro uchrashganlari ehtimoli mavjud bo‘lsa shunga kifoyalanishgan, ammo Imom Buxoriy eshitgan hadislarining roviylari o‘zaro uchrashganini alohida ko‘rgan guvohning e’tirofini ham shart qilib qo‘ygan. Bunday shart boshqa muhaddislarda uchramaydi. 
Hofiz ibn Xajar al-Askaloniyning hisobiga ko‘ra «Al-jome’ as-sahih»dagi hadislarning soni 7397 tani tashkil etadi. Bular orasida takrorsizlari 2602 tani tashkil qiladi. Izohlar, roviylarning ixtilofi va ilovalarni qo‘shilsa kitobda keltirilgan hadislar soni 9082 taga yetadi. Aynan Imom Buxoriy tufayli Movarounnahr hududida IX-XII asrlarda ko‘plab hadisshunoslik maktablari shakllandi va muvaffaqiyatli faoliyat yuritdi. Hozirgi kunda olimning asarlari dunyoning o‘nlab tillariga tarjima qilingan va islom dunyosida uning ijodidan ko‘plab ilmiy tadqiqotlarda foydalanib kelinadi.

FILIMLAR
Imom al-Buxoriy
Imom al-Buxoriy hayot yo'llari
AUDIOLAVHALAR

Imom Buxoriy

FOTOGALAREYA
ELEKTRON KITOBLAR NUSXASI
Al-Jomi as-sahih
Al-adab al-mufrad