MAQOLALAR
Amir Temurning xattot nabirasi

Amir Temur avlodlari orasida buyuk olimlar, shoirlar, yetuk davlat arboblari ko‘p yetishib chiqqan. Ular orasida mohir xattot va rassom Ibrohim Sulton nomini alohida zikr etish lozim.

Maʼlumotlarga ko‘ra, Ibrohim Sultan Shohrux Mirzoning ikkinchi o‘g‘li bo‘lib, 1394-yil 28 avgustda hozirgi Turkiyaning Qars viloyatida tug‘ilgan. U   akasi Mirzo Ulug‘bek bilan bir yilda, faqat boshqa ayol, To‘ti Xotundan dunyoga kelgan.

Bolalikda Ibrohimni Abul-Fath, Mug‘iysiddin ismlari bilan ham atashgan. Milodiy 1435 yil 9 may kuni bobosi Sohibqiron Amir Temur unga shaxsan «Sulton Ibrohim» unvonini bergan.

Manbalarga ko‘ra, sohibqiron boshqa amirzodalar qatori Ibrohim Sultonning tarbiyasi, ilm olishi, adabiyot, sanʼat, harb sohasi, davlat ishlaridan xabardor bo‘lib voyaga yetishi uchun barcha sharoitlar yaratib bergan.

Sharafiddin Ali Yazdiyning maʼlumotiga ko‘ra, 1404 yilning yozida Amir Temur Samarqand yaqinidagi Konigil qishlog‘ida yetti nafar nabirasining to‘yini katta dabdaba bilan o‘tkazadi. Ular qatorida o‘n yoshli Ibrohim Sulton ham bor edi.

Ibrohim 1407-1409 yillarda Hirotda otasining noibi bo‘lib xizmat qiladi, shundan so‘ng Balx viloyatiga hokim qilib jo‘natiladi. 1414 yilda Fors viloyatini boshqarib kelgan - Iskandar sulton Sherozda isyon ko‘taradi (Sheroz Fors viloyatining markazi edi). Shohrux bu isyonni muvaffaqiyatli bostiradi. Fors viloyati Iskandar Sultondan tortib olingach, Shohruh Mirzo uning o‘rniga dastlab yaqin mulozimlaridan biri - Amir Mizrob Bahodirni tayinlamoqchi bo‘ladi. Biroq, uning kutilmagan vafotidan keyin, Shohrux Mirzo 21 yoshli o‘g‘li Ibrohim Sultonni Fors viloyatiga hokimi etib tayinlab, poytaxt Hirotga qaytadi.

 Ibrohim Sulton hokimligining dastlabki yillarida Forsning sobiq hokimi Iskandar Sulton yordamida yana bir temuriy shahzoda Boyqaro Mirzo Sherozga hujum qiladi. Ibrohim Sulton qo‘shinlari mag‘lubiyatga uchraydi va Sherozni qo‘ldan boy beradi. Besh oydan so‘ng, 1415 yilning noyabr oyida Shohruh Mirzoning ko‘magida Sheroz qayta qo‘lga kiritiladi.

Fors viloyatidagi hukmronligi tiklanganidan keyin Ibrohim Sulton mamlakat tinchligi va xavfsizligiga yana-da ko‘proq eʼtibor qaratgan. Harbiy yurishlarda ham faol ishirok eta boshlagan. Masalan, 823/1420 yilda otasi Shohrux Mirzo bilan Ozarboyjon yurishida faol ishtirok etgan.

Davlatshoh Samarqandiyning yozishicha, Shohrux Mirzo saroyida olim va fozillarni saqlagan, taʼlim va tarbiyasiga eʼtibor bergan. Shuningdek, harbiy harakatlar chog‘ida ham ularni o‘zi bilan birga olib yurgan.

Amir Temur va Shohrux singari Ibrohim Sulton ham adabiyot, sanʼat, musiqani yaxshi bilgan va bu soha vakillarining iqtidorini qadrlab, tarbiyasiga alohda eʼtibor qartgan. Aka-uka Mirzo Ulug‘bek, Ibrohim Sulton va Boysung‘ur Mirzolarning adabiyot va sanʼat asarlari yuzasidan yozishmalari ham bizgacha yetib kelgan. Rassom va xattot sifatida ham nom qozongan. Ibrohim Sulton o‘z davrida Sharafiddin Ali Yazdiyga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan.

Ibrohim Sulton kitoblarga nihoyatda qiziqqan. Sherozda bir qator madrasalar bunyod etgan. Mazkur madrasalardagi bitiklarda ham uning nomini o‘qish mumkin.

Ibrohim Sulton 21 yil davomida, 1414-yildan 1435 yilgacha, yaʼni umrining so‘ngiga qadar Fors viloyati hokimi bo‘lib qoladi. U 1435 yil 3 aprelda Sheroz shahrida 41 yoshida, otasidan 12 yil avval vafot etadi.

Maʼlumotlarga ko‘ra, Ibrohim Sulton Qurʼoni karimni o‘z qo‘li bilan besh nusxada ko‘chirgan. Mazkur qo‘lyozmalar ayni paytda dunyoning turli muzeylari va kutubxonalarida saqlanoqda.

Mazkur qo‘lyozmalarning biri 1937 yilga qadar Sherozning   Qurʼon darvozasi tepasida, maxsus xonada saqlangan. Sherozga keladigan mehmonlarning har biri avval ushbu musʼhafni tavof qilib, keyin shaharga kirgan. 1937 yilda ushbu qo‘lyozma Qurʼon darvozasidan Sheroz shahridagi Fors muzeyiga olib kelingan va ayni paytga qadar shu yerda saqlanadi.