MAQOLALAR
Tarixiy Urganch yurtimizdan tashqaridami?

Xorazm viloyatining markazi bo‘lgan Urganch shahri bugun O‘zbekistonning eng yirik shaharlaridan biri sanaladi. Ammo bu shahar nisbatan yangi ekani, bir paytlar Xorazmshohlar davlati, Najmiddin Kubro, Jaloliddin Manguberdi singari ajdodlarimiz shahri, mo‘g‘ullar vayron qilgan tarixiy Urganch aslida mamlakatimizdan tashqarida ekanini hamma ham bilavermaydi.

     Urganch toponimi ilk bora zardushtiylarning muqaddas kitobi “Avesto” da Urga shaklida tilga olinadi. Eng qadimgi davrlarga oid yana bir manba – milodiy 92 yilda vohaga kelgan Xitoy elchisi Ban Gu xotiralarida Urganchni o‘z talaffuziga moslab, Yuyeg –Yan deya yozgandi. Quyi Amudaryo bo‘yidagi ushbu maskanni qadimgi turkiy qavmlar Gurganj, arablar esa Jurjon deb atashgan.

  Ustyurt pasttekisligi hududida ham bir paytlar Urga degan shaharcha mavjud bo‘lgan. Bu yerda bir paytlar yuzlab insonlar yashagan, hozirgi kunda uning faqat xarobalarigina saqlanib qolgan. Bu shaharning ham Urganchga qanchalik aloqasi borligi hozircha maʼlum emas.

  Buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdi, Shayx Najmiddin Kubro singari Xorazmning ko‘plab buyuk farzandlari ham aynan shu qadimiy shaharda voyaga yetishgan. Urganch shahri 1221 yilda Chingizxon boshchiligidagi mo‘g‘ullar bosqini davrida batamom vayronaga aylangan. Shahar aholisining katta qismi qirib tashlangan. Tarixchi Juvayniyning maʼlumotiga ko‘ra, Urganch fath etilgach, shahar aholisini qatl etish uchun har bir mo‘g‘ul askariga 24 kishidan bo‘lib berilgan. Maʼlumotlarga ko‘ra, shaharda o‘sha paytda 50 mingdan ortiq mo‘g‘ul askarlari bo‘lgan. Ammo, bu maʼlumotda anchagina mubolag‘a borligi sezilib turibdi.

Mo‘g‘ullar hukmronligi davrida Urganch tez fursatda o‘zining qadimiy mavqeini tiklaydi. O‘rta asr tarixchilari Urganchni juda boy, go‘zal va betakror shahar sifatida taʼriflashgan. Xususan, Ibn Battuta Oltin O‘rda xoni O‘zbekxon davrida Urganchga keladi hamda uni turk shaharlari orasida eng kattasi va eng chiroylisi deb ataydi. Ibn Battutaning yozishicha, bu yerda juda ko‘p bozorlar, masjid va madrasalar, shifoxonalar ishlab turgan.

   1558 yilda vohaga kelgan ingliz savdogari Antoni Jenkinson o‘z kundaliklarida Xorazmdagi ushbu shaharni Yurgendsh deya atagan. Xiva xonligi davrida o‘lkaga tashrif buyurgan rossiyalik sayyoh, elchi, olim, josuslarning bitiklarida esa shahar Urgench sifatida qayd etilgan.    1573 yilda jo‘shqin Amudaryoning o‘zani Kaspiyga emas, Orol tomonga burilishi natijasida   Urganch suvsizlik sabab abgor holga kela boshlaydi. 1646 yilga kelib Xiva xoni Abulg‘ozi (1603-664) Bahodirxon xaroba bo‘layozgan Urganchni Amudaryoning yangi o‘zani bo‘yiga, 150 kilometr uzoqlikdagi hozirgi o‘rniga ko‘chirib keltiradi. Shahar nomi o‘chmasin deya avvalgi shaharni Ko‘hna Urganch, keyingisini esa Yangi Urganch deb atay boshlashdi. Vaqt o‘tib, uning nomidagi “yangi” so‘zi xalq tilidan tushib qoldi. Ko‘hna Urganch esa XIX asr oxirlariga kelib deyarli kimsasiz, bo‘mbo‘sh shaharga aylanib qoladi. Keyinchalik shahar atrofiga mahalliy turkmanlar kelib o‘rnasha boshlagan.

Bugungi kunda Ko‘hna Urganch Turkmanistonning Dashog‘uz viloyati hududida qolib ketgan bo‘lib, ushbu shahar Ko‘neurgench tumanining markazi sanaladi. Ayni paytda shaharda Najmiddin Kubro, Sulton Muhammad Takash, To‘rabek xonim, Faxriddin ar-Roziy maqbaralari, Qutlug‘ Temur minorasi, Oqqalʼa xarobalari saqlanib qolgan. Shaharda 37 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Ko‘hna Urganch yodgorliklari 2005 yilda YUNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. 

Urganch nomi bilan bog‘liq bir qancha toponimlar yurtimizda anchagina. Mazkur atama urganchliklarning vaqti-vaqti bilan u yoki bu hududga ko‘chib, o‘rnashib qolishi bilan bog‘liq. Samarqand shahrida Urganji mahallasi, Farg‘ona viloyatining Dangara, Uchko‘prik, Buvayda, Samarqand viloyatining Qo‘shrabot, Andijon viloyatining Izboskan, Paxtaobod, Namangan viloyatining Namangan, Jizzax viloyatining Forish, Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanlarida Urganji nomli qishloqlar bor.