Bahouddin Naqshband — Islom olamida mashhur bo‘lgan tasavvuf zotlaridan biri bo‘lib, u Naqshbandiya tariqatining asoschisi hisoblanadi. U 1318 yil 14 mart kuni Buxoro shahri yaqinidagi Qasri Orifon qishlog‘ida tug‘ilgan. Otasi to‘qimachilik bilan shug‘ullangan hunarmand bo‘lib, Bahouddin ilk tasavvuf taʼlimini Shayx Muhammad Bobo Samosiy huzurida olgan. Keyinchalik u Amir Kulol, Qusam shayx va boshqa moʻtabar shayxlardan maʼnaviy tarbiya olgan. Bahouddin Naqshband ruhiy tarbiyada Abdulxoliq G‘ijduvoniy taʼsirida bo‘lgan Uvaysiy yo‘lni qabul qilgan.
Bahouddin Naqshband butun hayoti davomida juda kamtar va oddiy hayot tarziga amal qilgan. Uning taʼlimotida “Dil Allohda, qo‘l ishda bo‘lsin” degan shior muhim o‘rin tutadi. Bu so‘zlar uning dunyoqarashi, zikr tarzi va hayotga munosabatini to‘liq ifoda etadi. U zikr qilishda ovoz chiqarmaslikni, yaʼni “ovozsiz zikr” ni targ‘ib qilgan, bu orqali qalb poklanishi va insonning ichki olami isloh bo‘lishiga eʼtibor qaratgan. U o‘z shogirdlariga hech qachon o‘zini boshqalardan ustun tutmaslikni. Doimo xalq ichida bo‘lib, mehnat qilish va ijtimoiy foydali ishlar bilan shug‘ullanishni o‘rgatgan. U butun hayoti davomida 32 marta Hajga borgan.
Bahouddin Naqshband vafotidan so‘ng uning qabri u tug‘ilgan Qasri Orifonda joy olgan va bu joy yillar davomida ziyoratgoh sifatida saqlanmoqda. 1544–1545 yillarda Abdulazizxon tomonidan mazor atrofida xonaqo, masjid va boshqa binolar qurilgan. Bu ziyoratgoh so‘nggi o‘n yilliklarda to‘liq qayta tiklandi va 2023 yilda YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga “Zarafshon-Qaraqum yo‘li” doirasida kiritildi. Hozirda u nafaqat diniy, balki tarixiy, madaniy va maʼnaviy ahamiyatga ega markazlardan biri sifatida eʼtirof etilmoqda.
Bahouddin Naqshbandning taʼsiri nafaqat Markaziy Osiyoda, balki Turkiya, Hindiston, Kavkaz, Eron, Afg‘oniston, Rossiya, hatto Afrikagacha yetib bordi. Naqshbandiya tariqati hozirgi kungacha faoliyat yuritib kelmoqda va uning asosiy qadriyatlari — poklik, zikr, xalq orasida bo‘lish, mehnat, xoksorlik kabi tushunchalar bugun ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bahouddin Naqshbandning hayoti va merosi Islom maʼnaviyatining yuksak namunasi sifatida qadrlanadi. Uning mazoriga har yili yuzlab minglab ziyoratchilar tashrif buyuradi va bu joyda amalga oshiriladigan ziyorat, baʼzi rivoyatlarga ko‘ra, Haj ibodatiga teng deb qaraladi. Uning haqida turli tillarda kitoblar yozilgan, tadqiqotlar olib borilgan, shuningdek, u tarix, madaniyat va maʼnaviyat sohalarida chuqur o‘rganishga arziydigan siymolardan biri hisoblanadi.