MAQOLALAR
“Oshiq G‘arib va Shohsanam”: Turkiy xalqlarni birlashtirgan muhabbat dostoni

Turkiy xalqlar og‘zaki ijodi namunalari haqida so‘z ketganda, “Oshiq G‘arib va Shohsanam” dostoni haqida so‘zlamaslikning iloji yo‘q. Taʼkidlash o‘rinliki, bu syujetdagi dostonlar o‘zbek, turk, turkman, ozarbojon, qrim-tatar, gagauz, hatto arman, gruzin xalqlarida ham uchraydi. Bu noyob epos aynan qay go‘shada yaralgani haqidagi bahslar hali nihoya topgani yo‘q.

Dostonning qisqacha mazmuni

Dostonning Xorazm talqiniga ko‘ra, unda Shoh Abbos o‘z vaziri Hasan bilan ovga chiqadi. Ov paytida podshoh bir kiyikni ko‘rib qoladi. Ammo kiyikning bo‘g‘oz ekanini payqab, unga o‘q otishdan o‘zin tiyadi. Shu ikki beixtiyor vazirga ham duch keladi. Vazir ham uning bo‘g‘ozligini sezib, jonivorga rahm qiladi. Chunki, ayni damda shohning ham, vazirning ham ayollari homilador edilar.

Taqdir taqozosi bilan podshohning xotini qiz, vazirning ayoli o‘g‘il tug‘adi. O‘g‘il bolaga G‘arib, qizaloqqa Shohsanam deb nom beradilar. Ammo kutilmaganda g‘aribning otasi baxtsiz hodisa sabab dunyodan o‘tadi. Bolalar birga ulg‘ayib ko‘ngil qo‘yishadi. Ammo, podshohning ayoli uldarning o‘rtasildagi muhabbatga to‘sqinlik qiladi. G‘arib bilan uchrashmasligi uchun o‘z qizini maktabga ham yubormay qo‘yadi. Bundan xabar topgan G‘arib arazlab, sozini qo‘ltiqlab, yurtdan bosh olib chiqib ketadi. Shoh Abbos G‘aribning onasi va singlisini ham quvg‘in qiladi.

G‘arib ko‘p mamlakatlarda bo‘ladi. Soz chalib, baxtsiz muhabbat haqida qo‘shiqlar kuylab, odamlarning qalbiga yo‘l topadi. Yetti yillik g‘urbat o‘lkalarda sarson-sargardon kezadi.

Bu orada Shohsanam G‘aribni qidirb topishni kanizagiga oshiq bo‘lgan Bozirgondan iltimos qiladi. Bozirgon Halab-Shirvonga kelib, G‘aribni topadi va uni Shohsanamning holidan ogoh etadi. Sargardonlikdan so‘ng G‘arib yana o‘z yurtiga qaytib keladi. Bu paytda o‘g‘lining g‘amida ado bo‘lgan onasi yig‘lay-yig‘lay ko‘r bo‘lib qolgandi. G‘arib shaharga kirib kelganida, otasi Shohsanamni Shoh Volidga uzatayotgan edi. G‘aribning bog‘da Shohsanam bilan diydorlashib turganini eshitgan shoh Abbos g‘azabga minadi va oshiq yigitni o‘limga mahkum qiladi. G‘aribni shahar o‘rtasida qurilgan dor oldiga keltirishadi. Ammo, bu paytda Oshiq G‘arib va Shohsanam orasidagi muhabbat butun yurtga dovrug‘ solgan, xalq ham sevishganlarga xayrixoh edi.

Xalq isyon ko‘tarib, shohdan G‘aribni kechirishni va qizini unga nikohlab berishni so‘raydi. Bu isyon xayrli yakun topmasligini anglagan shoh qizini G‘aribga nikohlab beradi. Shu tariqa doston yaxshilik bilan yakun topadi.

Oshiq G‘aribdan bahra olib

Maʼlumotlarga ko‘ra, mashhur rus adibi Mixail Yuryevich Lermontov ham bu go‘zal ishq qissasiga maftun bo‘lgan. 1837 yilda Kavkazga sayohat qilgan shoir mahalliy baxshilardan “Oshiq G‘arib va Shohsanam” dostonining qisqacha mazmunin yozib oladi. U mazkur syujet asosida ona tilida mustaqil asar yaratmoqchi bo‘lgan. Ammo adibning 1841 yil 27 iyunda, dueldagi halokati bunga imkon bermadi.

Keyinchalik shoirning adabiy merosi tadqiqotchilari Lermontovning qo‘lyozmalari orasidan dostonning rus tilidagi qoralamasini topib olishadi. U ilk bor 1946 yilda “Kecha va bugun” almanaxida “Oshik G‘arib, turk ertagi” nomi bilan bosilib chiqadi.

Bu asar bundan ancha ilgari, aniqrog‘i XVI asrda mashhur ingliz adibi Uilyam Shekspirni ham ilhomlantirgani haqida taxminlar ilgari surilmoqda. Chunki, adibning “Romeo va Julyetta” tragediyasida ushbu xalq dostoni bilan o‘xshash jihatlarni ko‘plab uchratish mumkin. Masalan, Shekspir qahramonlari ham G‘arib va Shohsanam singari aslzodalardan, o‘z xonadonlariing yolg‘iz farzandlari. Romeo ham xuddi G‘arib singari aynan muhabbat tufayli sargardonlikni ixtiyor etadi. 

Julyetta ham, Shohsanam o‘z sevgilisiga yeta olmasligini o‘ylab zahar ichishga qaror qiladi. Shekspir tragediyasida sevishganlarning yashirin uchrashuviga qizning enagasi yordam bersa, Oshiq G‘arib va Shohsanamga Oqcha kaniz yo‘l ochib beradi. Garchi dostonning o‘zbek, turk, ozarbayjon talqinlarida sevishganlarning taqdiri Shekspir tragediyasidagi singari fojia bilan tugamasa-da, qrimtatar versiyasida sevishganlarning qismati xuddi Shekspir yozganidek fojia bilan tugaydi.

Albatta, adabiyotda sayyor syujet nazariyasi mavjud. Shoir va adiblar xalq og‘zaki ijodidan hamisha ilhom olib kelishgan va buning uchun ularni hech kim ayblamaydi. Shekspir ham “Oshiq G‘arib va Shohsanam” dostoindan xabardor bo‘lganmi yo yo‘qmi, bir narsa deyish mushkul. Ammo, mutaxassislar Sharqdagi bu doston Shekspir tug‘ilmasidan yuz yillar avval ham mavjud bo‘lgani haqida shahodat beradilar.

“Oshiq G‘arib”ning barhayot umri

Ushbu doston asrlar osha insonlarni poklikka, ezgulikka, samimiyatga undab kelgani rost. O‘nlab xalqlarning og‘zaki ijodidan joy olgan bu sevgi afsonasi yozma adabiyotga ham o‘z taʼsirini o‘tkazmay qolmadi. Bu doston asosida o‘zbek, turkman, ozarboyjon va boshqa xalqlarning taniqli shoirlari adabiy asarlar bitishdi.

Bu doston asrlar davomida xonlar saroyida ham, oddiy xalqning to‘y-hashamlari, bayramlarida ham maroq bilan ijro etilgan va tinglangan. Maʼlumotlarga ko‘ra, dostonning to‘liq versiyasini ijro etish uchun 18 soat vaqt ketadi.

Taniqli ozarboyjon dramaturgi Zulfiqor Hojibekov tomonidan yozilgan “Oshiq G‘arib” operasi 1916 yilda Boku teatrida sahnalashtirildi. 1941 yilda Leningraddagi Kichik teatrda rus kompozitori B. Asafyeva “Ashik Kerib” baletini namoyish qildi. 1944 yilda turkmanistonilk bastakorlar Dangatar Ovezov va Adrian Shaposhnikov “Shohsanam va G‘arib” operasini sahnalashtirishdi. 1988 yilda “Gruziya-film” studiyasida “Oshiq G‘arib” badiiy filmit suratga olingan.