Buyuk qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy (973-1047) qalamiga mansub bo‘lgan bu asarda qadimgi xorazmiy, fors, arab, turk, yahudiy, hind, suryoniy va boshqa xalqlarning tarixi, tili, madaniyati, taqvimlari haqida hikoya qilinadi. Shuningdek, bu asar qadimgi dinlar, turli davrlarda yashagan sulolalar, podshohlar haqida ham qimmatli maʼlumot beriladi. Asar milodiy 1000 yilda yaratilgan bo‘lib, uning bir qancha nusxalari bizgacha yetib kelgan. Shulardan eng qadimgi 1220 yilda Xorazmshohlar davrida ko‘chirilgan.
Abu Rayhon Beruniy jahon fani tarixida qimmatbaho manba hisoblangan “Al-osor al-boqiya an al-qurun al-holiya” (“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”) dastlabki asarini yozib, uni “Shams al-maoliy” laqabi bilan mashhur bo‘lgan hukmdor Qobus ibn Vashmgirga bag‘ishlagan. Qobus ibn Vashmgir hukmdorlar orasida ilm-maʼrifatli va adolatparvar inson hisoblangan. O‘z saroyida boshpana berib, ilmiy ishlar olib borishga imkon yaratgan Jurjon hokimi Shams Maoliy Qobus ibn Vashmgir bag‘ishlangan.
Abu Rayhon Beruniy bu asarini yozilishi haqida shunday yozgan: “Adiblardan biri mendan (turli) halqlar haqidagi tarixlar, ularning boshlanishlari va shoxobchalari, yaʼni oylar va yillari ustida u tarix egalarining ixtiloflari va bu ixtiloflar sabablari, mashhur bayramlar, turli vaqtlar va har xil yumushlar uchun belgilangan kunlar, millatlarning baʼzisi amal qilib, baʼzisi amal qilmaydigan boshqa (marosimlar) haqida so‘radi va meni imkon boricha ularni juda ravshan bayon etib, o‘quvchi fahmlaydigan, (turli) kitoblarni axtarish va u kitob egalarini surishtirishga ehtiyoj qoldirmaydigan (bir asar yozishga) daʼvat etdi”.
Beruniyning yozishicha, u “xalqqa adolatli, tangrining dini va xalqiga yordamchi, musulmonlar haramlarini qo‘riqlovchi, ular mulklarini talontarojlardan asrovchi yo‘lboshchi qilib, bandalarini o‘zidan minnatdor etdi”. Beruniy “Al-osor al-boqiya” asarida barcha mazhablarga nisbatan bag‘rikenglik bilan qarash tarafdori bo‘lgan. Asar podshohlar va mashhur shaxslar tarixini yorituvchi va o‘sha davrning madaniyatini aks ettiruvchi tarixiy - etnografik asardir. Asarning qimmati shundaki, u islomgacha bo‘lgan butun bir davr haqidagi yorqin tasavvurlarni bera olgan.
Mazkur asar Yevropada “Xronologiya” nomi bilan mashhurdir. Bu asarni Jurjonda olim 27 yoshida, yaʼni 1000 yili arab tilida yozib tugallagan. Buyuk allomaning bu asarida Xorazm, Movarounnahr va O‘rta Osiyoning boshqa mintaqalarda yashagan xalqlar haqida ham muhim tarixiy-etnografik maʼlumotlar bayon etilgan.
Ushbu asarda yunonlar, rumliklar, eroniylar, sug‘diylar, xorazmliklar, harroniylar, qibtiylar, xristianlar, yahudiylar, islomgacha davrdagi arablar, yil hisoblari bayram va mashhur kunlari, jumladan, Xitoy chegaralarigacha bo‘lgan mintaqalarda yashovchi turkiy xalqlar, o‘g‘uz turklari va ularning eʼtiqodlari, urfodatlari hamda bayramlari bayon etilgan. Unda ko‘p xalqlarning maʼnaviy hayoti va tarixiga oid maʼlumotlar mavjud.
Beruniyning Sug‘d va Xorazmga oid maʼlumotlari biz uchun ahamiyatlidir, chunki ularda tarix, din, urf-odat, odob-ahloq va anʼanalarning turli xalqlardagi ko‘rinishlarini o‘rganb, har bir xalqning insoniyat taraqqiyotida o‘z o‘rnini ilmiy jihatdan isbotlab bergan.
Allomaning yozishicha, sug‘diylarda, Movsat oyining birinchi kuni Navro‘z hisoblanadi. Muallif Xorazmliklar bayrami haqida alohida to‘xtalib, navsarjiy oyida yil boshi (Navro‘zdir) deb takidlagan.
Beruniy ushbu asarida Zardushtiylar bayram taqvimlari, boshqa turli sayillar hamda urf-odatlar haqida mufassal maʼlumotlar berilganki, bu alohida ilmiy tadqiqotni talab qiladi, albatta.
O‘z davrida ushbu nodir asarga S.P.Tolstov yuksak baho bergan edi: “Beruniyning dunyo xalqlarining sana hisoblari to‘g‘risida hikoya qiluvchi “Al Osor al-Boqiya” degan dastlabki asarlaridan biri bizning zamonamizga qadar yetib kelgan. Xorazmlik olimning favqulodda ko‘p narsani bilishidan dalolat beruvchi bu asari turli xalqlarning madaniyati, falsafasi, astronomiya va din to‘g‘risda maʼlumot beruvchi chinakam xazinadir”.
Demakki, jahon sivilizatsiyasi ravnaqiga o‘zining yirik ilmiy kashfiyotlari bilan salmoqli hissa qo‘shgan, O‘rta Osiyo birinchi Uyg‘onish (Renessans) davrining yirik namoyandasi, qomusiy olim Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asaridagi boy etnografik maʼlumotlar o‘zbeklarning tarixi, kelib chiqishi (etnogenezi), etnik tarixi va etnomadaniyatini yana-da teranroq o‘rganib, yana-da salmoqli va to‘laqonli ilmiy-tadqiqotlar yaratishda eng qimmatli va noyob manbalardan biri sanaladi.
Durdona RASULOVA