MAQOLALAR
Axmad Yugnakiy qachon yashagan?

Adib Ahmad Yugnakiy turkiy adabiyotning taniqli vakillaridan biri hisoblanadi. Undan bizgacha “Hibatul-haqoyiq” nomli pandnoma asar yetib kelgan. Olimlar ushbu asarning til xususiyatlarini o‘rganib, muallifning XII asr ikkinchi yarmi XIII asrlar boshlarida Samarqand yaqinidagi Yugnak qishlog‘ida yashab o‘tgan degan fikrni bildiradilar. Asarning ilk nusxalari uyg‘ur yozuvida bitilgan. Xususan, 1444 yil Samarqandda Zaynulobidin baxshi, 1480 yil Istanbulda Abdurazzoq baxshi va Turkiyaning To‘pqopi kutubxonasidagi nomaʼlum kotib tomonidan ko‘chirilgan qo‘lyozmalar eʼtiborli nusxalar hisoblanadi.

Muallifning tarjimai holi haqidagi qisqacha   maʼlumotlar shu asarning o‘zida, shuningdek, Alisher Navoiyning “Nasoyimul-muhabbat” asarida uchraydi. Hazrat Navoiy yozadilar:

“Adib Ahmad ham turk elidan emish. Uning ishlari haqida qiziqarli voqealar hikoya qilinadi. Aytishlaricha, ko‘zlari ko‘rmasa-da, boshqa ko‘rlarga o‘xshamas, ko‘zi ochiqlardan ham farqlanar ekan. Juda ziyrak, zakiy, taqvodor, xudojo‘y kishi ekan. Garchi zohiriy ko‘zlari ko‘rmasa-da, Alloh uning ko‘ngil ko‘zini juda o‘tkir yaratgan. Loviyani qo‘li bilan ushlab qo‘y buyragiga, no‘xatni esa itolg‘u (lochinga o‘xshagan yirtqich qush) boshiga o‘xshatgan ekan. Bag‘doddan bir necha yig‘och masofada turarkan. To‘rt yig‘och ham deyishadi. Imom Aʼzam darslariga qatnab, biror masalani o‘rganib, keyin uyiga yayov ketarkan. Darsda esa, poygakda o‘tirarkan.

Kunlarning birida Imomdan “qaysi shogirdingizni ko‘proq yaxshi ko‘rasiz?” deb so‘rashibdi. Holbuki, Imom Muhammad va Abu Yusuf ham ular (Adib Ahmad) ning zamondoshi va saboqdoshi bo‘lishgan. Imom Aʼzam “hammasi yaxshi, ammo har doim bitta masalani o‘rganish uchun 4 yig‘och yo‘l bosib, huzurimga qatnaydigan, keragicha tahsil oladigan ko‘r turk hammasidan afzal”.

Shundan so‘ng hazrat Navoiy Adib Ahmadning ayrim baytlaridan misol keltirganlar:

Ulug‘lar ne bersa yemasman dema,

Ilik so‘n, og‘iz ur, yemasang yema!..

...So‘ngakka ilikdur, eranga bilik,

Biliksiz eran-ul so‘ngaksiz ilik.

Agar biz Navoiyning fikrlariga eʼtibor qaratsak, Ahmad Yugnakiy Hanafiya mazhabi asoschisi imom Aʼzam Abu Hanifa Nuʼmon ibn Sobit (700-762) davrida yashagan va uning suyukli shogirdlari qatorida bo‘lgan. Navoiy Adib Ahmadni mashhur faqih olim Abu Yusuf (738-798) va Imom Muhammad Shayboniy (750-805) ning tengdoshi deb ko‘rsatadi. Demak, Ahmad Yugnakiy milodiy sakkizinchi asrning birinchi yarmi yoki o‘rtalarida tug‘ilgan bo‘lib chiqadi.

Ammo, juda ko‘p adabiyotshunos olimlar bu fikrga shubha bilan qarashadi. Negaki, VIII asr o‘rtalarida nafaqat turkiy, balki forsiy sheʼriyatga ham aruz vazni kirib kelmagandi. Sharq adabiyotshunosligida turkiy aruz fors adabiyoti taʼsirida shakllangan, degan qarash hukmron. Qolaversa, ayni paytgacha VIII asrga mansub umumturkiy yozma yodgorlik hisoblangan O‘rxun-Enasoy yozma yodgorliklari tili bilan "Hibat-ul-haqoyiq” tili ancha farqlanadi. Nahot, Navoiy bu o‘rinda yanglishgan bo‘lsalar?

Bu masala Muhammadjon Imomnazarov, Shamsiddin Kamoliddin singari olimlar tomonlaridan atroflicha o‘rganilgan. Ularning fikricha, Navoiy bu masalada xato qilgan bo‘lishi mumkin emas. Turkiy tildagi yozma adabiyot Imom Aʼzam yashagan asrda ham mavjud bo‘lgan. Mahmud Koshg‘ariyning devoni “Devonu lug‘otit-turk” asarida keltirilgan sheʼriy parchalar turkiy sheʼriyat qanchalik qadimiy ekanini ko‘rsatadi. Til masalasiga keladigan bo‘lsa, “Hibatul-haqoyiq”ning eng qadimiy nusxasi ham XV  asrga mansub. Kotiblar imkon darajasida qadimgi asarlarni zamon va makon nuqtai nazaridan o‘z tillariga moslab ko‘chirganlar. Rabg‘uziyning “Qisasul-anbiyo” asarining XIX asrda ko‘chirilgan nusxalari ham uning eski qo‘lyozmalaridan tamomila farq qiladi. Yoki Navoiyning Oqqo‘yunlilar davrida o‘g‘uz lahjasiga moslab ko‘chirilgan g‘azallari ham bu fikrni oqlaydi. Demak, “Hibatul-haqoyiq”ning ilk nusxasi  VIII asrda yaratilgan, uning dastlabki tili bizgacha yetib kelgan nusxadan tamomila farq qilgan bo‘lishi mumkin.

Bag‘dod yaqinida VIII asrda turklar yashaganmi, degan savol tug‘iladi. Maʼlumki, bu paytda Turk hoqonligi to‘la-to‘kis arablar tomonidan bo‘ysundirilgan, hokimiyat endigina ummaviylardan abbosiylar qo‘liga o‘tgan edi. Jumladan xalifa Abul Abbos as-Saffoh va uning o‘g‘li al-Mansur armiyasida turk askarlari ko‘pchilikni tashkil qilgan. O‘sha paytlarda Bag‘dod yaqinida turk harbiylari yashaydigan qishloqlar, qasabalar paydo bo‘lgan. Navoiy aytgan to‘rt yig‘och (taxminan 24 kilometr) masofadagi joy ham o‘sha turklar yashaydigan manzillardan biri bo‘lishi ehtimolga yaqin.

Qolaversa, tarixchi Abu Saʼd as-Samʼoniy (XII asr) ham Samarqand yaqinidagi Yug‘anak qishlog‘idan chiqqan ota-bola Yug‘anakiylar haqida maʼlumot beradi va ularni muhaddislar sifatida tilga oladi. “Hibat-ul-haqoyiq” ham asosan oyat va hadislar sharhiga bag‘ishlanganini eʼtiborga olsak, masala ancha oydinlashadi. Sh.Kamoliddin fikricha, Adib Ahmadning otasi Mahmud Yug‘anakiy Abbosiylar hukmronligi davrida Bag‘dodga borib qolgan, shu yerdagi Samarra qasabasida yashaganligi taxmin qilinadi.

“Hibatul-haqoyiq”da ushbu asar o‘sha davrdagi yuqori rutbali mulozimlardan biri Dod (yoki Dada) Sipohsolorga atab yozilgan. Sipohsolor rutbasi dastlab Abbosiylar davrida, yuzaga kelgan, u asosan lashkarboshi atamasiga mos kelgan. Bu lavozim to saljuqiylar davriga qadar (1157 yilgacha) amalda bo‘lgan. Shundan kelib chiqib, asar Bag‘dod yaqinida yashagan turk sarkardalaridan biriga atab yozilgan, deyishimiz mumkin.

Qolaversa, Navoiy davri Ahmad Yugnakiyga bizdan ko‘ra 5-6 asr yaqinroq edi. “Nasoyimul-muhabbat”da esa, aynan imom Aʼzam Abu Hanifa (q.s) davri tilga olinmoqda.