MAQOLALAR
Ko‘hna osmon toqiga qo‘yilgan narvon

                                                                                                                                       

Mirzo Ulug‘bek boshqaruvidagi qirq yilga yaqin vaqt mobaynida Vatanimiz hududida ilm-fan, madaniyat, meʼmorchilik taraqqiy etdi. Samarqand, Buxoro va G‘ijduvon shaharlarida madrasalar barpo etildi. Xususan, Registon maydonida 1420 yil sentyabrda foydalanishga topshirilgan madrasai oliya dunyoning ilk universitetlari bilan bemalol bellasha oladi. Samarqandda Sharqdagi eng yirik ilmiy muassasalaridan biri bo‘lgan rasadxona qad rostladi.

Mirzo Ulug‘bekning o‘zi ham davlat boshqaruvidan bo‘sh paytlarida talabalarga saboq bergan, osmon jismlarini kuzatgan, tarixiy va adabiy asarlarga qo‘l urgan.

Mir Alisher Navoiy o‘zining “Majolis un-nafois” asarida Mirzo Ulug‘bekning yuksak sheʼriy iqtidori haqida ham so‘z yuritadi va uning sheʼrlaridan namunalar keltiradi. Ulug‘bek davrida mumtoz o‘zbek adabiyoti ham yuksaldi. Buyuk o‘zbek shoiri Lutfiy Mirzo Ulug‘bek haqida shunday baytni bitgandi:

Ulug‘bekxon bilur Lutfiy kalomin,

Ki rangin sheʼri Salmondin qolishmas.

Ulug‘bek topshirig‘i bilan va bevosita uning ishtirokida bitilgan “Tarixi arbaʼ ulus” (“To‘rt ulus tarixi”) asari turkiy xalqlar tarixini o‘rganishda eng nodir manbalardan biri sanaladi. Mirzo Ulug‘bek boshchiligida rasadxonadagi kuzatuvlar asnosida 1437 yilda tuzilgan “Ziji jadidiy Ko‘ragoniy” asari zaminimizda ilmi nujum, yaʼni astronomiya juda erta taraqqiy eta boshlaganidan darak beradi.  Ushbu asarda 1018 ta yulduzning elliptik sistemadagi o‘rni aniq hisob-kitoblar asosida ko‘rsatib berilgan.

Mirzo Ulug‘bekning bevosita rahbarligi ostida ko‘chirilgan asarlardan biri Abdurrahmon as-Sufiyning (903-986) “Kitabi sivaril-kavakib as-sabita” (“Qo‘zg‘almas yulduzlar suratlari kitobi”) asaridir. Asar nusxasi “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” bilan deyarli bir paytda ko‘chirilgan, deya taxmin qilinadi.

                                                                                                                                                                           

Maʼlumki, Yulduzlar jadvallarini tuzish antik davrda, qadimgi Misr, Yunoniston va Rimda boshlangan edi. Bizgacha yetib kelgan eng qadimgi yulduzlar jadvali yunon olimi Yevdoks Knidskiy (er avv. 397-345) ga tegishli. U o‘zining Phainómena (“Hodisa”) asarida yulduzlarning fazo kengliklaridagi joylashuvi va harakati haqidagi ilmiy tasavvurlarni bergan. Keyinchalik milodiy 147/148 yillarda iskandariyalik astronom Klavdiy Ptolemey (100-160) tomonidan yana bir taqvim - “Megíste” asari yaratilgan. Unda 1025 ta yulduzning joylashuv o‘rni ko‘rsatib berilgan. U 48 ta yulduz turkumini yorug‘lik darajalariga ko‘ra tasniflab chiqqan.

Asrlar davomida G‘arb va Sharqda bu asarga bir qator sharhlar bitilgan. Bu asar arab tiliga ilk bor abbosiy xalifa Xorun ar-Rashid (763–809) davrida vazir Yahyo ibn Barmak boshchiligida tarjima qilingan.  

Navbatdagi tarjima va sharh Buvayhiylar sulolasi vakili Adud ud-davla (936–983) davrida faoliyat ko‘rsatgan astronom Abdurahmon ibn Umar as-Sufiyga tegishlidir.  As-Sufiy 903 yilda hozirgi Tehron yaqinidagi Ray shahrida tug‘ilgan. U o‘z asarlarini arab tilida yozgan. U keyinchalik Dinovar, Isfahon, Bag‘dod shaharlariga borib ilm o‘rgangan, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullangan. Abdurrahmon ibn Umar podshoh Adud ad-davla ko‘rsatmasida bilan Sheroz shahrida rasadxona qurilishiga ham bosh-qosh bo‘lgan. As-Sufiy taxminan 986 yilda Sherozda vafot etgan.

Uning eng yirik asari bo‘lgan “Kitab as-sivaril-kavokib as-sabita” (“Qo‘zg‘almas yulduzlar tasviri kitobi”) asari 964 yilda yaratilgan. Mazkur asar bevosita Ptolemeyning “al-Majistiy” asari asosida yaratilgan bo‘lsa-da, muallif keyingi davrlarda astronomiya sohiyasidagi yangiliklar va o‘z ilmiy ishzlanishlarini bu asarda joylagan. Ptolemey jadvali va uning tarjimalaridagi xatoliklarni aniqlab, ularga tuzatishlar kiritgan. U Ptolemey asaridagi yulduzlarning yunoncha nomlarini arabcha muqobilini topib ishlatgan.

Keyinchalik asrlar davomida bu kitobga Sharq hukmdorlari tez-tez murojaat qilganlar. Misrda Fotimiylar hukmronligi davrida milodiy 1000 yilda munajjim ibn Yunus tomonidan shu asar asosida “Zij al-kabir al hakim” asari yoziladi. 1132 yilda Marvda Bahouddin al-Karakiy tomonidan “Kitob al-muntax al-idrok fi taqosim ul-aflok” deb nomlangan yangi jadval tuziladi. Eronda xulogular hukmronligi davrida mashhur alloma Nasiriddin Tusiy Marog‘a shahrida qurilgan rasadxonada faoliyat yuritib, shu asar asosida “Ziji Elxoniy” jadvalini yaratadi.

Mirzo Ulug‘bek ham astronomiya tarixidagi bu asarlar va inshootlardan yaxshigina xabardor edi. U Samarqandni yirik ilmiy markazlardan biriga aylantirish barobarida bu yerda Qozizoda Rumiy, Mirim Chalabiy, Jamshid Koshiy, G‘iyosiddin Jamshid, Ali Qushchi singari olimlarni jamlay oldi.

Maʼlumotlarga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek ilmiy faoliyati davomida as-Sufiyning “Kitabi sivaril-kavakib as-sabita” asariga ko‘p bor murojaat qilgan. Asar “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” jadvali uchun asos bo‘lib xizmat qilgan. Uning hukmdorlik paytida Samarqandda ikki marta ko‘chiritirlgan.

Ayni paytda ushbu qo‘lyozma Fransiyadagi Parij kutubxonasida Arabe 5036 raqami ostida saqlanmoqda. Garchi qo‘lyozmiada aniq sana ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, uni 1429-1437 yillar oralig‘ida yozilgan, deb taxmin qilish mumkin.

Kitob 247 sahifadan iborat. Asarning ilk sahifasida shunday maʼnoni uqish mumkin: “Bu kitob buyuk sulton, oliy hukmdor, turk, arab va forslar podshohi, Allohning yerdagi soyasi Mirzo Ulug‘bek kutubxonasiga tegishlidir. Janubdan shimolgacha bo‘lgan yerlar Uning adolatidan bahramand bo‘ldi. U o‘z idrokining mevalarini jahon ahliga tortiq etdi. Sulton Ulug‘bek Ko‘ragoniy hazratlarining saltanatini Alloh abadiy qilsin!”

Kitob muqovasi Usmoniylar kutubxonasida o‘rnatilgan. Chamasi, Ali Qushchi Istanbulga olib kelgan kitoblar orasida ushbu kitob ham bo‘lgan.

Mazkur qo‘lyozmada yulduz turkumlari insonlar va jonzotlarning tasvirlari yordamida aks ettirilgan. Qo‘lyozmada hammasi bo‘lib, 78 ta miniatyura o‘rin olgan. Asarning 38 sahifasida Sefey (Qayqovus) yulduz turkumi uchun chizilgan suvrat aynan Mirzo Ulug‘bekning yuz tuzilishiga o‘xshab ketadi. Maʼlumki, saroy qo‘lyozmalaridagi miniatyuralarda shohlik rutbasi sohibi yuz chizgilaridan qudratli qahramonni aks ettirishda foydalanish oddiy usullardan hisoblangan. Bu o‘rinda ham musavvir asarning ushbu nusxasi ustida ishlarkan, Mirzo Ulug‘bek tasvirini joylagan. Sahifada hukmdor boshida soyabonlik oq kuloh kiygan, oyoqyalang holatda tasvirlangan.

Durdona RASULOVA