1526–1858 yillar oralig‘ida Hindistonni boshqargan Boburiylar sulolasi nafaqat siyosiy, balki madaniy va meʼmoriy jihatdan ham o‘chmas iz qoldirdi. Ular Hind zaminiga o‘zlari bilan birga yangi nafas, yangi tamaddun, islomiy ilmiy va badiiy anʼanalarni olib kelib, mahalliy madaniyat bilan uyg‘unlashtirishga muvaffaq bo‘lishdi. Bu davrda yuzaga kelgan eng mashhur yodgorliklardan biri — dunyo moʻjizalaridan biri sifatida tan olingan Tojmahal.
Boburiylarning munosib vorisi
Shohjahonning asl ismi Shahobiddin Muhammad Xurram bo‘lib, u 1592 yil 5 yanvarda Lahorda tug‘ilgan. 1608 yilda Firuz-Hisor viloyatiga hokim etib tayinlangan.
Boburiylar sulolasining uchinchi buyuk hukmdori Shohjahon 1628 yildan 1658 yilgacha Hindistonda hukmronlik qildi. Uning hukmronlik davri Hindistonda Boburiylar imperiyasining eng yorqin davri sifatida tarixda mustahkam o‘rin olgan.
U nafaqat siyosiy jihatdan kuchli hukmdor sifatida, balki sanʼat, meʼmorchilik, ilm-fan, adabiyot va maʼnaviyat sohalarida ham katta yutuqlarga erishgan. Shohjahonning madaniy va maʼrifiy ishlari hukmronligi davrida Hindistondagi madaniy merosni yana-da boyitishga xizmat qilgan.
Muhabbatdan yaralgan obida
Shohjahon 1612 yilda tog‘asining qizi Arjumand bonuga uylangan. U haddan tashqari go‘zal va oqila malika bo‘lgani sababli u saroyda Mumtoz Mahal, yaʼni Saroyning ziynati, sarasi deya sharaflangan.
Maʼdumotlarga ko‘ra, Shohjahon uni benihoya qadrlagan, Arjumandbonu ham butun umr unga sadoqat bilan yashagan va undan
16 farzand ko‘rgan. Shohjahon sevimli ayoli kenja farzandini dunyoga keltirish chog‘ida vafot etgach, unga atab, Agra shahrida, Jamna daryosi bo‘yida jahonga mashhur Tojmahal maqbarasini barpo qilgan.
1632-1653 yillar davomida qurilgan bu bebaho muhabbat qasning qurilishida Lohurlik Ustod Ahmad Lohuriy Toj Mahalning asosiy meʼmori bo‘lgan. Shuningdek, Turkiya, Eron, Movarounnahr va Hindistonning eng mashhur meʼmorlari, 20 mingdan ortiq quruvchi, toshtarosh, naqqosh, xattot va qullar ishtirok etgan.
Toj Mahal nafaqat meʼmoriy yutuqlar, balki butun dunyoga mashhur bo‘lgan islomiy va hind uslublarini birlashtirgan meʼmorchilikning eng yuksak namunalaridan biri sifatida tanilgan. Bino o‘zining mungli tarixi, betakror meʼmoriy yechimi, marmar uzra chekilgan nozik naqshlar va favvoralari bilan insoniyat madaniyatining buyuk namunasiga aylandi. U YUNESKOning jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan va dunyo moʻjizalaridan biri sifatida tan olingan.
“Tojmahal” yolg‘iz bo‘lmagan
Maʼlumotlarga ko‘ra, Shohjahon Jamna daryosining narigi qirg‘og‘ida, Tojmahalning qarshisida uning qora rangli egizagini yaratish orzusida bo‘lgan. Vaqti qazosi yetsa, Shohjahon o‘zini ana shu qora qasrda davn etishlarini orzu qilgan. Hatto bu maqbara qurilishiga katta mablag‘ ajratilib, ishlar boshlanib ketgan.
Ammo 1658 yilda otasiga qarshi isyon ko‘targan shahzoda Olamgir (Avrangzeb) Shohjahon taxtdan ag‘darib, uni uy qamog‘iga mahkum qiladi. Taxtga otasidan keyingi asosiy daʼvogar bo‘lgan akasi Doroshukuhni ham qal ettiradi va o‘zini shahanshoh deb eʼlon qiladi. Shohjahon umrining so‘nggi oylarini o‘z uyining qarshisidagi hujrada, o‘zi bunyod etgan Tojmahalga hasrat bilan termilib o‘tkazadi. Uning yana bir orzu – Tojmahalning qora egizagini ko‘rish unga nasib etmaydi.
Olimlar tomonidan Tojmahal atrofida olib borilgan izlanishlar natijasida katta miqdorda qora marmar bo‘laklari topilgani, bu yerda ushbu “egizak” uchun ancha-muncha ish qilinganini anglatadi.
“Tojmahal”ni yo‘q qila olishadimi?
Majmuaning umumiy maydoni bugungi kunda 1,2 gektarni tashkil qiladi. Maqbara gumbazigning balandligi 73 metrni tashkil qilali. Majmua tarkibidan maqbara, masjid va qo‘shimcha binolar o‘rin olgan. Oppoq marmardan bino qilingan bu bino vaqt o‘tishi sarg‘aya boshlagan.
Mutaxassislar bunga iqlim o‘zgarishlar, havoning ifloslnishi, Agra shahri hududidagi ishlab chiqarish korxonalar va transport vositalaridan chiqayotgan zaharli gazlar sabab bo‘lgan. Shuningdek, binoning yaqinidan oqib o‘tgan Jamna daryosi taʼsirida bino devorlarida tirqishlar yuzaga kelgan.
Ayni paytda binoni asrab qolish uchun davlat tomonidan har yili katta mablag‘, mutaxassislar ajratilayotgan bo‘lsa-da, ayrim millatchilik kayfiyatidagi hindparast kuchlar uni batamom yo‘q qilish talabi bilan ham chiqishgan. Ularning daʼvosiga ko‘ra, “Tojmahal hindlarning qadimiy ibodatxonasi o‘rnida bunyod etilgan. Bu obida hind zaminiga kelib o‘rnalgan kelgindi hukmdorlar merosi, musulmon madaniyati namunasi bo‘lgani uchun u Hindistonning timsoli, tashrifnomasi bo‘lishi mumkin emas”.
Xulosa qilib aytganda, Tojmahal — bu faqatgina muhabbat ramzi emas, sivilizatsiyalar qarama-qarshiligi ularning uyg‘unlashuvidan yaratilgan dunyo moʻjizasi. Qora Tojmahal orzusi amalga oshmagan bo‘lishi mumkin, ammo uning atrofidagi rivoyatlar ushbu yodgorlikka yana-da sirlilik va chuqur maʼno bag‘ishlaydi.
Durdona RASULOVA