MAQOLALAR
“Temur tuzuklari”ning olti asrlik sayohati

 

                     

Buyuk davlat arbobi Amir Temur (1336-1405) ning hayot yo‘li, davlat boshqaruvi, o‘z faoliyati davomida erishgan muvaffaqiyatlari bir qator tarixiy asarlarda, jumladan uning “Temur tuzuklari” kitobida ham yaqqol aksini topgan.

        Sohibqiron kitob yozganmi?

  Mazkur shoh asar olti asrdan beri dunyo jamoatchiligi eʼtiborini tortib kelmoqda. Ayni paytda uning turli qo‘lyozma nusxalari va tarjimalari dunyoning turli nuqtalarida, bir qator nufuzli kutubxona, muzeylar va shaxsiy to‘plamlarda saqlanmoqda. Ko‘plab taniqli olimlar “Temur tuzuklari” ustida tadqiqotlar olib borishgan.

O‘tgan davr ichida mazkur asar Amir Temur tomonidan yozilmagan, uning vafotidan ancha keyin yaratilgan, degan taxminlar ham ilgari surildi. Ammo, asarning tili va uslubi, pand-nasihatlarning Amir Temur siyratiga mosligi, chuqur idrok, o‘tkir zehn va donishmandlik bilan yozilgani, asardagi voqealarning Amir Temur hayoti haqida hikoya qiluvchi bir qator ishonchli manbalar (Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”si, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”si, Ibn Arabshohning “Ajoyib at-taqdur fi axbori Taymur” asari va hokazo)dagi maʼlumotlarga mos kelishi va boshqa bir qator tarixiy faktlar asar bevosita Amir Temur tomonidan yozilganini tasdiqlaydi.

                                                                                                                         

Amir Temur saroy ayonlari davrasida

Tarixiy maʼlumotlarga ko‘ra, asar dastavval Amir Temurning ona tili – eski o‘zbek tilida yozilgan. Sharafiddin Ali Yazdiy ham yuqorida nomi tilga olingan asarida Amir Temur davrida uning hayotidagi muhim voqealarni o‘z ichiga olgan turkiy va forsiy asarlar mavjud bo‘lganini aytadi. Shu paytga qadar Amir Temur faoliyati haqida uning hayotligida bitilgan turkiy tildagi asar bizgacha yetib kelmaganidan, bu o‘rinda so‘z “Temur tuzuklari” haqida borayotgani taxmin qilish mumkin.

Ushbu kitob asrlar davomida bir qator hukmdorlar uchun dasturilamal vazifasini o‘tagan. Ehtimol, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”, Abulg‘ozi Bahodurxonning “Shajarai turk” singari asarlarini yozishlariga ham aynan sohibqironning mazkur “Tuzuklar”i turtki bergan bo‘lishi mumkin. Ammo, afsuski, asarning turkiy tilda bitilgan ilk qo‘lyozmasi hanuzgacha topilgani yo‘q.

      Yamandan topilgan “Tuzuklar”

   Bugun bizgacha yetib kelgan xilma-xil qo‘lyozmalar hajmi, tarkibi, uslubi nuqtai nazaridan bir-biridan farqlanadi. Bizga yetib kelgan qo‘lyozmalarning eng qadimgisi XVII asrga mansub bo‘lib, u Boburiylar hukmronligi davrida, Hindistonda ko‘chirilgan. Kitob muqaddimasida bitilishicha, Agrada Boburiylar saroyida xizmat qilgan shoir va tarjimon Abu Tolib al-Husayniy al-Oriziy at-Turbatiy Makkai mukarramada haj amallarini bajarib, ortga qaytayotganida, Yaman hukmdori Jaʼfar poshoning kutubxonasida turkiy tilda bitilgan bir noyob qo‘lyozmaga duch keladi. Tarjimonning yozishicha, bu asar Sohibqiron Amir Temurning yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan davrida boshidan kechirgan sarguzashtlari, davlat boshqaruvi usullari, vazir va amirlari, farzandlariga hukmronlik borasida bergan maslahatlari va yo‘l-yo‘riqlari o‘rin olgan.

                                                                                                                           

  "Temur tuzuklari"ning Buxoroda ko‘chirilgan nusxasi

At-Turbatiy bu bebaho qo‘lyozmani o‘zi bilan olib kelgan va uni sekin-astalik bilan forsiy tilga tarjima qila boshlagan. 1637 yilda asar tarjimasini to‘la-to‘kis bitkazib, uni Boburiyzoda hukmdor Shoh Jahonga (1628-1659) tuhfa etgan.

Shoh Jahon asar bilan tanishib chiqqach, undagi voqealarni Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnomasi” bilan taqqoslab chiqishni Dekan muzofoti favjdori Muhammad Afzal Buxoriyga topshirib, xattot va muarrixlar o‘zlaridan qo‘shgan ortiqcha tafsilotlarni o‘chirib tashlashni buyuradi.

Mazkur asarning shu paytgacha yetib kelgan barcha qo‘lyozma va toshbosma nusxalari uchun aynan Abu Tolib al-Husayniy at-Turbatiyning tarjimasi asos bo‘lib xizmat qilgan. 

Markaziy Osiyoda hukm surgan xonliklar davrida ham bu asarga juda katta qiziqish bildirilgan. Shu bois, mazkur asarning forscha qo‘lyozmasi bir necha bor ko‘chirilgan. Asli o‘zbek tilida bitilgan bu asarni taqdir taqozosi bilan yana shu tilga tarjima qilishga ehtiyoj tug‘ilgan. So‘nggi ikki asr davomida “Temur tuzuklari” bir necha bor tilimizga o‘girilgan. 1836 yilda Qo‘qon xoni Muhammad Alixon (1822-1841) ning buyrug‘iga ko‘ra, Xo‘jand qozisi Nabijon Mahdum Hotif mazkur asarni qisman tarjima qilgan.

                                                                                                                                        

                                                                                                                   "Temur tuzuklari"ning Qo‘qonda ko‘chirilgan turkiy tarjimasi

 

1856-1857 yillarda Xiva xonligida mazkur asarni Muhammad Yusuf Rojiy qisqartirilgan holda o‘zbekchalashtirgan. Oradan bir yil o‘tib, Xivada yana bir tarjimon Pahlavon Niyoz Devon – Komil Xorazmiy asar asosida, Muhammad Rizo Ogahiy tavsiyasiga ko‘ra, yangi asar yaratgan. Mazkur asarlarning qo‘lyomalari bugungi kunda Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari institutida saqlanmoqda.

  1967 yil taniqli alloma Alixonto‘ra Sog‘uniy (1885-1976) asarning O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari bosh idorasining kutubxonasida saqlanayotgan forsiy qo‘lyozmadan o‘zbek tiliga tarjima qilib, uning bir qismini “Guliston” jurnalida eʼlon qilgan. 

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan “Temur tuzuklari” asari o‘rin olishi va qo‘lyozmalari bo‘yicha interaktiv loyihalar yaratilishi ko‘zda tutilgan.