Vatanimiz hududida ming yillar davomida o‘nlab sulolalar, yuzlab shohu sultonlar hukmronlik qildi. Ana shunday qudratli davlatlardan biri eramizning I-IV asrlarida hukmronlik qilgan Kushon podshohligi edi. Ushbu saltanat hududida o‘z davrida 60 million kishi, aniqrog‘i o‘sha paytda Yer shari aholisining 20 foiziga yaqini istiqomat qilgan. 400 yil hukm surgan Kushon davlatida savdo-sotiq, hunarmandchilik, arxitektura va madaniyat gullab-yashnagan. Mamlakat xalqi turli tillarda gaplashgan, turli dinlarga eʼtiqod qilgan, buddaviylik, zardo‘shtiylik va hind ibodatxonalari qad rostlagan.
Kushonlar kim edi?
Iskandar Maqduniy saltanatining vorisi o‘laroq yuzaga kelgan Yunon-Baqtriya davlati inqirozga yuz tutgan bir paytda Sharqdan yuechjilar atalmish qavm kirib keladi va uning yetakchilari mintaqada boshqaruvni qo‘lga olishadi.
Baʼzi manbalarda yuechjilarning Garay ismli sarkardasi ushbu davlatga asos solgani aytilsa, boshqa maʼlumotlarga ko‘ra, milodiy 20-yilda Guyshuan qabilasi yetakchsi Kudzula Kadfiz beshta yirik qabilani birlashtirib, taxtga o‘tirishi bilan Kushon saltanatiga asos solingan.
Kushonlarning kelib chiqishi, tili haqida hozir ham turli fikrlar mavjud. Ko‘pgina olimlar ularning tili sharqiy-eroniy tillar guruhiga mansub bo‘lgan, degan fikrda. Shuningdek, ular turklarning qadimiy ajdodlari ekanligi haqida ham maʼlumotlar uchraydi. Chunki, Kudzula Kadfiz shohlar-shohi – “yabg‘u” unvoniga sazovor bo‘lgan. Bu Sharqiy turk hoqonlarininig ham unvoni sanalgan. Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk” asarida izohlangan turkiy “yabg‘u” atamasi Kushon tangalarida ham uchraydi. Bu muhim dalil Kushonlar asosan turkiy xalqlar birlashmasidan iborat bo‘lgani ehtimolini yuzaga chiqaradi.
Kushon shohi keyinchalik qo‘shni hududlarga yurish uyushtirib, Hindistonning shimoli-g‘arbiy qismini zabt etadi, Amudaryo bo‘ylari, Kobul, Qandaxor, Parfiya, Afg‘oniston va Kashmirni qo‘lga kiritadi. Shu tariqa Kushon sulolasi davrida O‘zbekiston davlatchiligi tarixida ilk yirik imperiya darajasiga ko‘tariladi.
Kudzula Kadfizdan keyin taxtga o‘tirgan Vima Kadfiz hukmronligi davrida Kushon saltanati to shimoliy-g‘arbiy Hindistonga qadar bo‘lgan hududdarni egalladi. Tez orada Baqtriyadan Hindiston yarimoroligacha bo‘lgan hududda qudratli davlat yuzaga keladi. Vima Kadfiz shaʼniga Hindistonning Mathur shahrida tosh haykal qad ko‘taradi.
Afsuski, to‘rt asr davom etgan Kushon davlati haqidagi yozma manbalar juda oz. Bu davlat haqida xitoy, arman, fors manbalaridan olingan ayrim maʼlumotlar, shuningdek qadimiy bitiklar, arxeologik topilmalar, haykallar, tangalardagi bitiklar muayyan tasavvur beradi, xolos.
Diniy bag‘rikenglik ifodasi
Kushon davlati, xususan Surxondaryo hududidan topilgan topilmalar bu yerda bir qator diniy eʼtiqodlar mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi.
Maʼlumki, Kushon davlati qaror topa boshlagan paytda mamlakatimizning janubiy hududlarida zardo‘shtiylik tarqalgan edi. Kushon hukmdori Kanishka davriga kelib, butun mamlakat hududida buddaviylik davlat dini sifatida o‘rnatiladi. Bu yerlarga diniy aqidalar bilan birga buddaviylar sanʼati kirib keladi. Shu davrlarda Termiz va uning devori atrofida buddaviylar ibodatxonalari, xonaqoxlari va boshqa inshootlar quriladi. Termiz buddaviylikning muqaddas ziyoratgohlaridan biriga aylanadi.
Shunga qaramay, mamlakat hududida har kim o‘zi istagan dinga eʼtiqod qilgani ko‘rinib turibdi. Chunki bu hududlardan Budda ibodatxonalari qoldiqlari, buddaviy haykallar bilan birga zardo‘shtiylar daxmalari, nauslar ham topilgan.
1993 yilda Afg‘oniston hududidagi Rabotak manzilgohidan topilgan, Kanishka 1 (78-123) hukmronligi davrida yaratilgan bitiktoshda zardo‘shtiylik va hind xudolari nomi yonma-yon tilga olinadi. Bu misollarning barchasi ikki ming yil avval ham yurtimiz hududida diniy bag‘rikenglik siyosati yuritilganini ko‘rsatadi.
Dunyo ustunlaridan biri
Kushon saltanati monarxiyaga asoslangan bo‘lib, davlat boshlig‘i – podshoh juda katta mavqe va vakolatga ega bo‘lgan. U oliy kohin hisoblanib, podshoh huzuridagi oqsoqollar kengashi maslahat beruvchi organ sifatida faoliyat yuritgan. Oqsoqollar kengashida podshohning yaqin qarindoshlari, ishonchli kishilari va urug‘ boshliqlari ishtirok etsa-da, shaxsan uning o‘zi qonun va farmonlarni mustaqil qabul qilgan.
Kushon davlati hududining kengayib, siyosiy-harbiy salohiyatining o‘sib borishi bilan birga tangalarda “shoh”, “shahanshoh” atamasi ko‘p uchraydi. Bunday o‘zgarishlar davlatning harbiy qudrati ko‘pchilik mamlakatlar tomonidan tan olinganini bildiradi. Bir qator tarixiy manbalarda Kushon saltanati dunyo ustunlaridan biri sifatida eʼtirof etiladi.
Vima Kadfiz hukmronligi davrida savdo-sotiq monopoliyasini keng yo‘lga qo‘yish niyatida pul islohoti o‘tkazilgan. Oltin tangalar zarb etib, tashqi savdo ishlarini yo‘lga qo‘yadi. Savdoda joriy etilgan oltin tangalarning og‘irligi 8 grammni tashkil etib, Rim tangalarining og‘irligiga teng kelar edi.
Arxeologik tadqiqotlarning guvohlik berishicha, Kushon davlatida xususan, Kanishka hukmronligi davrida, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar ancha ravnaq topgan. Bu davrda O‘rta Osiyoning deyarli barcha hududlarida sug‘orma dehqonchilik bilan birga chorvachilik ham rivojlangan. Xorazmda, Zarafshonda ko‘plab sug‘orish inshootlari qurilgan. O‘sha davrda dunyoning ilg‘or mamlakatlari hisoblanmish Rim, Parfiya va Xitoy bilan tenghuquqli savdo munosabatlari yo‘lga qo‘yilgan. Kanishka I hukmronligi davrida Kashmir viloyati hududida Kanishkapur shahri qad rostlagan.
Kushon oltinlarining qaytishi
Kushon davlati chindan ham juda boy, qudratli edi. Shu bois, ularning xazinalari turli mamlakatlarni, sulolaarni qiziqtirib keldi. Albatta, turli urushlar, istilolalar paytida ularning katta qismi talon-tarpoj qilingan.
1972 yilda Dalvarzintepa hududi o‘zbek olimlari, tadqiqotchilari va talabalardan iborat ekspeditsiya Termizga yuboriladi. Ular orasida B.Turg‘unov, G. Pugachenkova, E.Rtveladze singari taniqli arxeolog va tarixchilar bor edi.
O‘sha yilning 25 sentyabr kuni o‘zbek arxeologlari mamlakatimiz hududidan topilgan birinchi eng yirik xazinani qo‘lga kiritishadi. Asrlar orasida tuproq qatlarida yotgan sopol ko‘za ichidan umumiy vazni 36 kilogramdan ortadigan 115 dona tilla buyum topiladi.
“Asr topilmasi” turli shakldagi quyma yombilar, gardish buyumlar, erkak va ayollarning taqinchoqlaridan iborat edi. Yunon-Baqtriya zargarlik sanʼatining namunasi – oltin pektoralning o‘rtasida afsonaviy sher boshini ushlab turgan Geraklning bo‘rtma rasmi tushirilgan. Sanʼatkorona ishlangan qubbali uzukning markazida nomaʼlum yirtqich hayvon tasviri mujassam. Uning chetiga qimmatbaho toshlar qadalgan. Tekshiruvlar natijasida bu xazina Kushon saltanati davriga tegishli ekani oydinlashdi.
Bu bebaho xazinani qo‘lgan qilgan arxeologlar B.Turg‘unov va E.Rtveladze 36 kilogramm sof oltindan yasalgan qadimiy xazinani hech qanday qo‘riqchilarsiz qo‘shni Tojikiston orqali Dushanbega olib o‘tishadi va u yerdan samolyotda Toshkentga uchishadi. Shu tariqa Kushon xazinasi xalqimiz mulkiga aylanadi.
Ayni paytda «Dalvarzin xazinasi»nomini olgan bu nodir topilmalar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Qimmatbaho maʼdanlar agentligida saqlanadi.
2019 yilning avgust oyida O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tashabbusi bilan «O‘zbekiston – buyuk yo‘llar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiyalar, dinlar, madaniyatlar» meros haftaligi doirasida «Dalvarzin xazinasi» ko‘rgazmasi o‘tkazilgan.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining “Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari” ekspozitsiyasidan Kushonlar xazinasi o‘rin oladi.