Aktoti Rayimkulova O‘zbekistonda madaniy merosni o‘rganishga katta eʼtibor qaratilayotganini eʼtirof etdi.
Turkiy xalqlar madaniyati va merosi jamg‘armasi prezidenti Aktoti Raymkulova Qo‘shilmaslik harakati parlament tarmog‘ining Toshkentda bo‘lib o‘tgan IV konferensiyasida ishtirok etdi.
“Bandung Ruhining 70 yilligi nishonlanishi: Bandung tamoyillarini qo‘llab-quvvatlashda parlamentlarning roli” mavzusiga bag‘ishlangan konferensiya doirasida so‘zga chiqqan Aktoti Rayimkulova Jamg‘armaning madaniy xilma-xillik va tinchlik qadriyatlarini targ‘ib qilishga qaratilgan faoliyati haqida konferensiya ishtirokchilariga maʼlumot berdi.
Aktoti Rayimkulova ushbu yo‘nalishda UNESCO, ICESCO, Turkiy davlatlar tashkiloti, TÜRKSOY, TÜRKPA va boshqa xalqaro hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan loyihalarga eʼtibor qaratdi. Shuningdek, u jamg‘armaning Qo‘shilmaslik harakati parlament tarmog‘i bilan hamkorlikka alohida ahamiyat qaratayotganini va bu yo‘nalishda, tomonlar o‘rtasida anglashuv Memorandumi imzolanganini hamda bu hujjat hamkorlikning yangi bosqichga o‘tishiga dalolat qilishini taʼkidladi.
U O‘zbekistonda madaniy merosni o‘rganish va targ‘ib etishga katta eʼtibor qaratilayotganini taʼkidlab, tadbirga mezbonlik qilgan O‘zbekiston hukumatiga alohida minnatdorlik bildirdi.