Obidjon Mahmudov (Obidjon Abdulxoliq o‘g‘li Mahmudov, 1871-1936 yy.) – Turkistondagi jadidchilik harakati vakili, yirik sarmoyador, noshir va jamoat arbobi va siyosat arbobi, Farg‘ona taraqqiyparvarlarining peshqadam vakilidir. U 1871 yili Marg‘ilonda tug‘ilgan. Sankt-Peterburg universitetining tog‘-kon muhandisligi fakultetini tugatgan. U xalqimiz orasidan yetishib chiqqan birinchi tog‘-kon muhandisidir. Qo‘qonga qaytgach, tog‘-kon sanoati bilan shug‘ullanib, Farg‘ona vodiysida bir necha neft konlarini ochishda ishtirok etgan. Sho‘rsuvdagi oltingugurt konini sotib olgan.
Farg‘ona vodiysidagi jadidchilik harakatida qatnashgan va ularni moddiy jihatdan taʼminlab turgan. 1914 yilda Qo‘qonda bosmaxona tashkil qilgan. 1914 yilda “Sadoi Farg‘ona”, 1917 yilda “Tirik so‘z” va shu yil rus tilida chiqqan “Ferganskoye exo” gazetalarining muharriri va noshiri bo‘lib ishlagan. Bu nashrlar nafaqat Turkistonda, balki Rossiya musulmonlari orasida ham mashhur bo‘lgan.
Obidjon Mahmudov jadid matbuotida dolzarb maqolalari bilan qatnashib, maʼrifat, ozodlik, hurlik g‘oyalarini targ‘ib etishga, xalqning ongini, saviyasini ko‘tarishga intildi.
O.Mahmudov Turkistonning mustaqil respublika bo‘lishi tarafdori va bunga yetishish uchun faol harakat qilgan jadidlardan biri edi.
U 1917 yilda Qo‘qon shahar Dumasi raisi o‘rinbosari, 1917-18 yillarda Turkiston Muxtoriyati hukumatining oziq-ovqat vaziri, Muxtoriyat tugatilgach, 1919-21 yillarda Moskvaga borib, RSFSR Millatlar ishlari xalq komissarligi qoshidagi Turkiston vakolatxonasida matbuot bo‘limi mudiri va boshqa lavozimlarda ishlagan. 1921 yilda Toshkentga qaytgandan so‘ng, dastlab Turkiston MIQ da ishlagan, so‘ng Farg‘ona vodiysiga borib, “Milliy ittihod” tashkilotining bo‘limini tuzgan va sovetlarga qarshi faoliyat olib borgan.
Sovet rejimi tomonidan bir necha marta qamoqqa olingan. Atoqli maʼrifatparvar Obidjon Mahmudov 1936 yilning 21 noyabrida og‘ir xastaliqdan vafot etdi.
Obidjon Mahmudovning ilmiy faoliyati O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida yoritiladi.