O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida Boysung‘ur Mirzo faoliyati ham keng yoritiladi.
Boysung‘ur Mirzo - kitobat homiysi sifatida tanilgan shahzoda, Sharq kitobat taraqqiyotida yangi davrni boshlab bergan saroy ilmiy muassasasi va kutubxonasiga asos soldi.
Boysung‘urning o‘zi mohir xattot va musavvir bo‘lgan, turk, arab, fors tillarida sheʼrlar ham bitgan. 1420 yilda otasining qo‘llab-quvvatlashi bilan Hirotda o‘z kutubxonasini tashkil etdi. O‘sha vaqt Hirotda shoh saroyida xattot Kamoliddin Jaʼfar Ali Boysung‘uriy Tabriziy (vaf. 1433) va Xoja G‘iyosiddin naqqoshlar (XIV asrning ikkinchi yarmi) faoliyat yuritgan.
Boysung‘ur Mirzo kutubxonasida qo‘lyozma kitoblarni tayyorlash bo‘yicha turli soha mutaxassislari to‘planib, kitobat durdonalarini yaratganlar. Mustafo Ali (1541–1600) “Manoqibi hunarvaron” asarida Boysung‘ur Mirzo saroy kutubxonasida 40 ta xattot faoliyat olib borganligini qayd etadi.
Boysung‘ur Mirzo olti xil yozuvni mukammal bilgan xattot ham bo‘lgan. Mashhaddagi onasi sharafiga qurilgan Gavharshodbegim masjididagi yozuvlarni uning o‘zi yozgan. Boysung‘ur Mirzo kutubxonasida yaratilgan o‘sha davr tasviriy sanʼati durdonalari bo‘lmish tasvirli kitoblar so‘ngi paytlargacha topilmasdan kelar edi. G‘arbiy Yevropa va Sharq sanʼatshunos olimlarining tadqiqotlari natijasida mazkur qo‘lyozmalardan baʼzilarining saqlanayotgan joylari aniqlandi. Ular garchi turli mamlakatlarga tarqalib ketgan bo‘lsa ham, kutubxonadagi baʼzi kitoblar bizgacha yetib kelgan. Hozirgi kunda Boysung‘ur kutubxonasida yaratilgan kitoblarning aksari Istanbul va Tehron muzeylarida saqlanmoqda.