XI-XII asr xorazmshohlar davlatida yashab, faoliyat yuritgan Ismoil Jurjoniy saroy tabibi bo‘lgan. U ensiklopedik olim, tibbiyotga oid bir qancha asarlar muallifi hisoblanadi.Uning to‘liq ismi Zayniddin Abu Ibrohim Ismoil bin Hasan bin Ahmad bin Muhammad al-Husayniy al-Jurjoniydir. U 1042 yili Jurjon shahrida tug‘ilib 1136 (ayrim manbalarda 1139) yili Marv shahrida vafot qilgan. Jurjoniyning xorazmshoh Qutbiddin Muhammad bin Yamuniddin (1097-1128)ga bag‘ishlangan tibbiyot va kasalliklarni davolashga oid qomusiy asari “Zaxirai xorazmshohiy” ancha shuhrat qozongan. Asar 10 qitobdan iborat bo‘lib, 9 kitob va qo‘shimcha “Qorabodiyon” kitobidan tarkib topgan. Asar fors tilida yozilgan. “Zaxirai xorazmshohiy” asarining Jurjoniy tomonidan qisqartirilgan (muxtasar) versiyalari ham mavjud. “Zaxirai xorazmshohiy” asarining O‘zFA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida bir qancha (9 ta) nusxasi saqlanadi.
Taniqli olim H.Hikmatullayev 1994 yili o‘zi nashrga tayyorlagan “Sharq tabobati” kitobining 63-betida: “Ibn Sinoning arab tilida yozilgan “Tib qonunlari” asaridan keyin fors tilida yozilgan ikkinchi tib qnunlari sanalmish “Zaxirai xorazmshohiy” asarini o‘zbek tiliga izohli tarjimasini hozirgi zamon talabiga ko‘ra bajarib, o‘zbek, nafaqat o‘zbek, balki turkiy xalqlar o‘rtasida tarqatish va uni ilmiy tadqiq qilish, o‘rganish masalasi hech kimning kelganicha yo‘q”, - deb taʼkidlagan edi.
O‘zFA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida №8263/I raqam ostida saqlanayotgan tibbiyotga oid o‘zbekcha qo‘lyozma “Zaxirai xorazmshohiy” asari 6-kitobining boshlanish qismi hisoblanadi. Mazkur qo‘lyozma to‘liq bo‘lmay, u paleografik belgilariga ko‘ra, XVIII asrda Xorazmda fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Qo‘lyozmada kotib va tarjimonning nomi keltirilmagan, tarjima qilingan va ko‘chirilgan yili ham maʼlum emas. Ushbu nusxa 72 varaqdan iborat.
Ismoil Jurjoniyning hayoti va ijodi birmuncha o‘rganilgan bo‘lishiga qaramay, u qoldirgan ilmiy meros to‘lig‘icha tadqiq qilinmagan.
Xorazm Maʼmun akademiyasi tasarrufida 2003 – 2005 yillarda “Ismoil Jurjoniyning “Zaxirai xorazmshohiy” asari va uning Markaziy Osiyoda tibbiyotni rivojlanishidagi ahamiyati” mavzusidagi П-4.36 shifrli grant loyihasi bajarilgan. Shu mavzuda 2008 yili innovatsion loyiha amalga oshirilgan bo‘lib, loyiha natijalari asosida 2008 yili Toshkent shahrida rus tilida “Zaxirai xorezmshaxi” Ismaila Djurdjani i yego vklad v razvitiye meditsini Sentralnoy Azii” nomli monografiya nashr qilindi. Shuningdek, 2008 yili “Ismoil Jurjoniyning “Zaxirai xorazmshohiy” asari va uning Markaziy Osiyoda tibbiyotni rivojlanishidagi ahamiyati” mavzusida Xiva shahrida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
2017 yilning kuzida Urganch shahrida yashovchi Rustam Iskandarovning uyidan “Zaxirai xorazmshohiy” asarining o‘zbek tiliga tarjima qilingan noyob qo‘lyozma nusxasi aniqlandi. Asarning ushbu tarjima nusxasi to‘liq bo‘lmay, unda “Zaxirai xorazmshohiy” asaridan o‘rin olgan 9-kitobdan 1-8 kitoblarining tarjimasi aks etgan.
Qo‘lyozmaning o‘lchami 37x25 sm atrofida bo‘lib, qalin jildga ega. Sarg‘ish qog‘ozga qora siyohda yozilgan. Boblar qizil siyohda alohida ajratilgan. Qo‘lyozma yaxshi saqlangan. Qo‘lyozmaning baʼzi sahifalarida foydalanuvchilar tomonidan qalam bilan yozilgan izohlar uchraydi. Asarning boshidan 1-2 sahifa yo‘qolgan. Qo‘lyozma jildiga o‘yib ishlangan naqsh o‘rtasida kishi ismi yozilgan. Biz ushbu ismning bir qismini o‘qishga muvaffaq bo‘ldik. Aniqlashimizcha mazkur ism Muhammad Karim tarzida yozilgan. Fikrimizcha, Muhammad Karim “Zaxirai xorazmshohiy” asarini fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilgan kotib bo‘lishi mumkin.
Izlanishlarimiz natijasida XVIII-XIX asrlarda Muhammad Karim ismi bilan faoliyat ko‘rsatgan quyidagi shaxslar aniqlandi:
1.Domullo Muhammad Karim– Boqchali masjidida muazzin bo‘lgan. O‘g‘li Domullo Otajon kotiblik bilan shug‘ullangan;
2.Muhammad Karim-bek – o‘g‘li domullo Muhammad Rasul kotib bo‘lgan;
3.Muhammad Karim devon – o‘g‘li domullo Muhammad Rizo oxund bir qancha kitoblarni ko‘chirgan;
4.Qozi Muhammad Karim – o‘g‘li Muhammad Sharif oxund – Xaqiriy taxallusli shoir bo‘lgan va kotiblik bilan ham shug‘ullangan.
Asar bugungi tibbiyot sohasi tarmoqlari uchun muhim ilmiy yangiliklarni berishi shubhasiz. Jumladan, bundan 900 yil oldin Markaziy Osiyoda, xususan hozirgi O‘zbekiston hududida tibbiyot qanchalik yuksak darajada rivojlanganini guvohi bo‘lishimiz, tibbiyot sohasidagi o‘sha davrlarda mavjud bo‘lgan anʼana va tajriba asoslarini bugungi zamonaviy tibbiy bilim va ko‘nikmalar bilan qiyoslash imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu esa, pirovard natijada ming yillik tarixga ega tibbiyot fanimizning ildizlari bilan bugungi tezkor va zamonaviy meditsina yutuqlarini omuxtalash va kasalliklarni oldini olish, tashxis qo‘yish, yangicha davolash uslublarini yaratishga yo‘l ochib beradi.
“Zaxirai xorazmshohiy” asarining o‘zbekcha tarjimasi aks etgan ushbu qo‘lyozma tibbiyot sohasida muhim ahamiyatga ega bo‘lib, asarni bugungi joriy imloga tabdil qilish va nashr qilish nihoyatda zarur hisoblanadi.
Anvar MATNIYAZOV,
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
Nashrlar ilmiy bo‘limi yetakchi ilmiy xodimi,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori,
katta ilmiy xodim