Mahmudxo‘ja Behbudiy (1875–1919) – Turkistondagi jadidchilik harakatining asoschisi Mahmudxo‘ja Behbudiy 1875 yil 19 yanvarda Samarqand yaqinidagi Baxshitepa qishlog‘ida tavallud topgan. Siyosat va jamoat arbobi. Muftiy, dramaturg, publitsist va noshir. Behbudiy ham diniy, ham dunyoviy maʼlumotga ega bo‘lib, Samarqand va Buxoro madrasalarida taʼlim olgan.
1903 yilda Rajabamin qishlog‘ida yangi usuldagi birinchi maktabga asos soldi.
1906 yilda “Muntaxabi jug‘rofiyai umumiy” (“Qisqacha umumiy geografiya”), “Madali jug‘rofiyai Rusiy” (“Rusiyaning qisqacha geografiyasi”), “Kitobat ul-atfol” (“Bolalar kitobi”), “Muxtasari tarixi islom” (“Islomning qisqacha tarixi”), “Amaliyoti islom” singari darslik hamda qo‘llanmalar yaratdi. “Nashriyoti Behbudiya” deb atalgan xususiy nashriyot, Buxoro, Qo‘qon, Namangan, Toshkent, Andijon va Samarqandda kitob do‘konlari tashkil etdi.
1908 yilda Samarqandning “yangi” shahar qismida Turkistondagi dastlabki zamonaviy kutubxonalardan biri “Qiroatxonai islomiya”ni tashkil etdi.
1913 yilda “Oyina” jurnalni va “Samarqand” gazetasini nashr etishni boshladi. 1914 yilda “Padarkush” dramasini yozdi va havaskorlar bilan sahnalashtirdi. 1917 yilda “Turon” gazetasini nashr qilishni boshladi. Bu gazeta ham jadidlar uchun muhim vosita bo‘lib, milliy mustaqillik, maʼrifat va madaniy rivojlanish g‘oyalarini targ‘ib qilgan.
Mahmudxo‘ja Behbudiyning faoliyati “Mahmudxo‘ja Behbudiy va jadidlarning yangi usul maktablari” medialoyihasi orqali O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida yoritiladi.