Qadimgi Sug‘d sivilizatsiyasi miloddan avvalgi 250 yillarda Yunon-Baqtriya tarkibidan ajralib chiqqan Sug‘d davlati hududida shakllangan. Ushbu davlat hududi hozirgi Qashqadaryo va Zarafshon vohalari, Samarqand, Buxoro va Navoiy viloyatlariga to‘g‘ri keladi (ungacha bu hududlar Baqtriya tarkibida bo‘lgan). Uning aholisi asosan bog‘dorchilik, dehqonchilik, chorvachilik, savdo va hunarmandchilik bilan shug‘ullangan. Buyuk ipak yo‘li tarmoqlari bo‘ylab xalqaro savdo munosabatlarida sug‘diy savdogarlarning o‘rni benihoya katta bo‘lgan. Sug‘diy til xalqaro savdo-iqtisodiy va madaniy munosabatlar tiliga aylangan. Samarqand, Buxoro, Kesh (Shahrisabz), Naxshab (Nasaf, so‘ngra Qarshi) Sug‘dning bosh shaharlari bo‘lgan. Miloddan avvalgi II asrdan boshlab Sug‘d, dastlab Kesh boshchiligida, keyin VII asr o‘rtalaridan Samarqand boshchiligida konfederativ siyosiy davlat uyushmasiga aylangan. VI-VIII asr o‘rtalarida Sug‘d konfederatsiyasi avtonom asosda Turk xoqonligi tarkibida bo‘lgan. Sug‘d tarixan uch mintaqani birlashtirgan: Samarqand Sug‘di, Kesh-Naxshab (Qashqadaryo) Sug‘di, Buxoro Sug‘di. Har uchala Sug‘d ichki bozor uchun o‘zi pul zarb etgan.
Sug‘d sivilizatsiyasi “Qadimgi davr madaniyati, sanʼati va hunarmandchiligi: Sug‘d”, “Poykent” ekspedi siyasining natijalari”, “Mug‘ tog‘i hujjatlari”, “Samarqand vohasidagi arxeologik tadqiqotlar” kabi loyihalarda ham aks ettiriladi. Ushbu loyihalarni ijroga kiritish orqali sug‘dliklar Markaziy Osiyo tarixida nafaqat Ipak yo‘lini qo‘llab-quvvatlagan savdogar va tadbirkor sifatida, balki rassom va musiqachi, zargar va metallurg, muhandis va shaharsoz ham bo‘lganligi ko‘rsatib beriladi. Shuningdek, qadimgi Poykent o‘rnida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijalari jamlanadi. Qadimiy savdo yo‘llarida xalqlar uchun eng zarur bo‘lgan tijorat mahsulotlarining xaritasi yaratiladi. Markaziy Yevroosiyo chorrahasida joylashgan qadimgi hudud – Sug‘diyonaning tarixiy va siyosiy rivojlanishi hamda madaniy o‘zgarishlar o‘rganiladi.
Sug‘diyona shaharlarining madaniy, iqtisodiy va siyosiy dinamikasi yangi tangalar, muhrlar va boshqa topilmalar asosida tahlil qilinadi. Devoriy surat, yog‘och va boshqa sanʼat asarlari konservatsiya qilinib, yangi topilmalar bilan muzey ko‘rgazmalari boyitiladi. Ipak yo‘lidagi Sug‘diyonaning o‘rni va uning Yevroosiyoga taʼsiri yoritiladi. Sharqiy Rim, Sosoniylar, Suy va Tan imperiyalari, Xunlar (xioniylar, kidariylar, eftaliylar) va Turk xoqonligi bilan aloqalari o‘rganiladi. Samarqand vohasining paleomuhiti, arxeobotanik va arxeozoologik namunalari tahlil qilinadi.