Sankt-Peterburgdagi Davlat Ermitajida (Rossiya) O‘zbekistonga aloqador behisob madaniy boyliklar, arxeologik topilmalar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, tangalar, qurol yarog‘lar, shohona tuhfalar saqlanmoqda. Buxoro amiri Sayid Abdulahadxon Rossiya imperatori Aleksandr III ga hadya qilgan shohona chodir Ermitajning shahar tashqarisidagi “Staraya derevnya” restavratsiya va muhofaza markazida saqlanadi. Ushbu g‘ayrioddiy va betakror “to‘qima saroy” 100 metr kvadrat maydonni egallaydi. Ipak va baxmaldan tikilgan, zardo‘zi iplar bilan sayqallangan chodir bir nechta bo‘lmalardan iborat bo‘lib, amirning Sankt-Peterburgga 1893 yil 4 yanvardagi tashrifi chog‘ida imperatorga tuhfa qilingan.
Bu kabi eksponatlar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Ikkinchi Renessans va Xonliklar davri ekspozitsiyasida namoyish etilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek Rossiya bilan bog‘liq yana bir loyiha Sankt-Peterburgdagi Buxoro masjidi hisoblanadi.
1908 yilda Rossiya imperiyasining Peterburg shahrida musulmonlar uchun masjid qurish loyihasi boshlangan. Tashabbuskori Buxoro amiri Sayyid Abdulahadxon hisoblanadi. 1910 yilda ushbu masjid qurib bitkaziladi, ammo bu vaqtga kelib Abdulahadxon vafot etib, o‘rniga Amir Olimxon taxtga o‘tiradi. 1910 yil dekabr oyida masjidning ochilish marosimida ikki qo‘shni mamlakat – Buxoro va Xiva hukmdorlari ishtirok etishadi. Bu uchrashuv tarixda birinchi va oxirgi ana shunday hodisa bo‘lgan.
2023 yildan Rossiyaning “Lendok” kinostudiyasi bilan hamkorlikda “Masjid” nomli kinoloyiha boshlangan. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyada masjid tarixi va hozirgi holati, u bilan bog‘lik boshqa maʼlumotlar aks etgan suratlar, videomateriallar hamda hujjatlar nusxalari namoyish qilinadi.