Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Ilmiy kengashning qurilish va ekspozitsiya ishlariga bagʻishlangan kengaytirilgan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston FA vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari vakillari, Alohida muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash direksiyasi rahbari Rustam Shoabdurahmonov, Shayx Abdulaziz Mansur, xattot Habibullo Solih, akademik Akbar Hakimov kabi bir qator olimlar va tashkilotlar masʼullari (zoom orqali) hamda Markaz xodimlari ishtirok etdi.
Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi uchrashuvda binoning yangi bosqichdagi rivojlanish yoʻnalishlari muhokama qilindi.
Unda Markaz ekspozitsiyasida namoyish etiladigan xattotlik asarlari, Qurʼon oyatlari yozilgan gilamlar, bino fasadiga oʻrnatilgan hadislar tarjimasi, shuningdek, rassom Bahodir Jalolov va Sobir Raxmetov asarlari, “Bayram” nomli soʻzananing muzey ekspozitsiyasiga qabul qilinishi masalalari koʻrib chiqildi.
Uchrashuv avvalida Shayx Abdulaziz Mansur Markaz Qurʼon zali uchun tayyorlanayotgan 8 ta gilamda aks etishi belgilangan oyatlar haqida oʻz fikrlarini bildirdi:
"Bizning asosiy maqsadimiz – gilamlarda aks etgan muqaddas soʻzlarni keng jamoatchilikka tushunarli va ravon tarzda yetkazishdir. Shu bois, ravoqlarda aks etgan har bir oyat va hadis oʻzbek tilidagi tarjimasi bilan ham berilishi kerak. Bu Markazga tashrif buyuruvchilarga islom taʼlimoti va uning maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyatini yanada chuqurroq anglash imkonini yaratadi. Shuningdek, tarjimalar aniq, mazmunan mukammal va diniy-ilmiy jihatdan izchil boʻlishi shart. Bunda eng toʻgʻri va ishonchli manbalardan foydalanish, mutaxassislar bilan maslahatlashish, olimlarimizning tajribasiga tayanish zarur. Islom sivilizatsiyasi markazi – islom maʼrifati, madaniyati va tamaddunining ulkan ilmiy-madaniy majmuasi boʻladi. Uning fasadi ham maʼnaviy mohiyatini aks ettirishi kerak. Shu bois, ushbu 44 ta ravoqdagi yozuvlar Markazning umumiy konsepsiyasiga, islom taʼlimotiga va tarixiy manbalarga toʻla mos kelishi lozim", – dedi Markaz katta ilmiy xodimi Abdulaziz Mansur.
Qurilish masalalari doirasida binoning toʻrtta asosiy kirish joyida oʻrnatiladigan marmar toshlarda aks etadigan yozuvlar, markaz eshiklari va suratlar galereyasi oʻrtasidagi yoʻlak dizayni, marmar taxtachada aks ettiriladigan matn mazmuni yuzasidan ham takliflar bildirildi.
"Biz bu yerda markazning asosiy gʻoyalarini aks ettiruvchi ramziy elementlar, yozuvlar va naqshlarni joylashtirishimiz kerak. Ushbu yozuvli toshlar islom ilm-fani, madaniyati, maʼnaviyatining eng muhim jihatlarini yozib qoʻyish, ularni tarixiy manbalar asosida ishlab chiqish maqsadga muvofiq. Chunki bu yerga tashrif buyuruvchi har bir kishi islom sivilizatsiyasining ulkan ilmiy va maʼnaviy merosini his etishi kerak. Shuningdek, bu stelalar shunchaki yozuvlar bilan cheklanmasligi lozim", — dedi Markaz boʻlim boshligʻi Shoazim Minovarov.
Markaz ilmiy-innovatsion loyihalari, xususan, Maxdumi Aʼzam ilmiy-tadqiqot fondi bilan hamkorlik, ravoqlar boʻyicha masalalar ham muhokama qilindi. Shuningdek, Ikkinchi jahon urushi gʻalabasining 80 yilligiga bagʻishlangan media-loyiha konsepsiyasi taqdim etildi.
"Bugungi Ilmiy kengash uchrashuvi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli, har bir uchrashuvda biz ekspozitsiyani yanada boyitish va takomillashtirish uchun yangi takliflarni birgalikda muhokama qilib kelyapmiz. Ayni kunlarda ekspozitsiyani shakllantirishdagi eng muhim jihatlardan biri – uning ilmiy asoslanganligi va keng qamrovli boʻlishidir. Shu bois, bugungi yigʻilishda ilmiy tadqiqotlarga asoslangan takliflar muhokama qilindi, hamda ularni amaliy jarayonga tatbiq etish masalalari koʻrib chiqildi. Ilmiy kengash – bu markazning yuragi, deb aytish mumkin.
Chunki aynan shu yerda ilmiy yondashuv asosida loyihalar shakllantiriladi, tarixiy haqiqatlar qayta tiklanadi va madaniy merosni asrash hamda keng jamoatchilikka yetkazish boʻyicha muhim qarorlar qabul qilinadi", — dedi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov.
Ilmiy kengashning navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi yakunida kun tartibidagi barcha masalalar atroflicha muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati