MAQOLALAR
TAMADDUNNING TAMAL TOSHLARI

O‘zbekiston tarixi, madaniyati va sanʼati, umuman, moddiy va nomoddiy merosining ildizlari tarixan eng qadimgi davrlardan shakllangan va taraqqiy etgan. Jahon sivilizatsiyasi rivojiga bemisl hissa bo‘lib qo‘shilgan vatanimiz hududidagi ko‘hna tamaddunlar o‘troq va yarim ko‘chmanchi turmush tarziga asoslangan qadimgi xalqlar – sak, massaget, xorazmiy, sug‘diy, baqtriy va farg‘onaliklar tomonidan yaratilgan.

Bu xalqlar o‘z davri uchun muhim bo‘lgan, hattoki bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan, kishilik jamiyatini yangi pog‘onaga olib chiqqan olamshumul ixtiro va kashfiyotlari orqali beqiyos tamaddunga ega bo‘ldilar. Tarixan hozirgi O‘zbekistonning voha va vodiylarida o‘troqlashgan aholi chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanar ekan, asta-sekin shaharsozlik anʼanalari ham rivojlana bordi. Bu holat hunarmandchilik va savdo-sotiqni rivojlanishiga olib keldi. Yashash tarzi chorvadorlikka asoslangan sak va massaget qabilalari junga ishlov berish orqali kigiz, gilam to‘qish, kiyim tikish, yaʼni to‘qimachilik sohasini rivojlantirdilar. Ot boqish va yilqichilik o‘z navbatida jang sanʼatining taraqqiy topishini taʼminladi. Shahar qurilishi, yaʼni shaharsozlik bir qancha sohalar rivojiga ijobiy taʼsir ko‘rsatdi. Qo‘shni o‘lkalar bilan bo‘lgan savdo-sotiq nafaqat yirik shaharlarda, balki mamlakat doirasida pul-tovar munosabatlarini vujudga keltirdi. Shaharlar markazida va atrofida bozorlar faoliyat ko‘rsata boshladi. Aytilayotgan hududlarda tashkil topgan davlatlar o‘z tanga-pullarini zarb qildi. Bu o‘sha davlatlarning iqtisodiy o‘sishini taʼminladi. Doimiy qo‘shinga ega bo‘lish har bir davlatning mavjudligi kafolati bo‘lib, muntazam armiyani saqlash, chegara hududlarini himoya qilish katta mablag‘ talab qilardi. Davlat asoslari shakllanar ekan, avvalo buning negizida davlatchilik g‘oyalari, o‘sha xalqning yoki hukmdor doiralar manfaatiga xizmat qiluvchi mafkurasi bo‘lishi tabiiy edi. Davlat va uning strukturasi o‘sha mafkuraga xizmat qilgan. Davlatning eng ustuvor g‘oyalari fuqaro ongiga singdirilgan, uning atributlari muqaddaslashtirilgan. Davlatning kuchi uning hududi, aholi nufuzi, iqtisodi, boyliklari va albatta qurolli kuchlari bilan o‘lchangan. Yer osti va yer usti boyliklari davlatning tayanchi bo‘lishi bilan birga bosqinchi davlatlarning doimiy diqqat markazida turgan. Quldorlik tuzumi, yer egaligi, dehqon xo‘jaliklari, savdo va hunarmandchilik o‘sha davr davlatlari haqida umumiy tasavvur uyg‘otadi. Yirik davlatlardagi shaharlar qiyofasi, kvartal tipidagi uy-joy massivlari shahar aholisining tipik turmush tarzini ifodalar edi. Shahar madaniyati shahar aholisining ehtiyojlari natijasida shakllangan. Hunarmandchilik rivojlanib, keramikaga ishlov berish sopol buyumlarni yasashni sanʼat darajasiga olib chiqdi. Mohirona ishlov, naqsh va bezak berish har bir buyumni badiiy qimmatini oshirib, o‘sha davr insonlarining estetik didini belgilab bergan. Metallurgiya taraqqiy etib, metal eritish va ustaxonalarda temirga ishlov berish orqali barcha sohalarni baravar rivojlanishiga sabab bo‘ldi. Qurol-yarog‘, ish qurollari, xo‘jalik buyumlarini yasashda metalning o‘rni beqiyos bo‘lgan. Tilla va kumushdan yasalgan buyumlarga ehtiyoj oshgan. Zargarlik mahsulotlari, asosan zodagonlar va amaldorlar uchun tayyorlanar edi. Bir so‘z bilan aytganda, farovon turmush, osudalik hukm surgan davlatlarda madaniy jarayon rivoj topdi. Sanʼat, ayniqsa uning amaliy turi favqulodda keng quloch yozdi. Shohona saroylar, undagi hashamdor kolonna va arkalar, marmardan ishlangan favvora-yu nafis haykallar nafaqat moddiy farovonlik ramzi, balki sanʼatga bo‘lgan oshuftalik belgisi ham edi. Kuchli davlatchilik anʼanalari Turon zaminidagi ilk davlatlarni Sharqning Misr, Bobil, Midiya, Fors, Hindiston va Xitoy kabi qadimgi davlatlari qatoridan joy olishiga imkon berdi. Qadimgi Xorazm davlati o‘zining jo‘g‘rofiy joylashuvi jihatidan muhim savdo yo‘li chorrahasida joylashgan edi. Bu jihat xorazmliklarni asrlar davomida shimolda Volga va Ural daryolari bo‘ylaridagi xalqlar bilan o‘zaro savdo-sotiq qilib kelishiga zamin yaratgan. Hind va Xitoy bilan kechgan aloqalarda savdo-sotiqdan tashqari hunarmandchilik va sanʼat sohasida ham muhim yutuqlarga erishildi. Qadimgi Xorazmda chinni ishlab chiqarish texnologiyalari mustaqil tarzda rivojlangani, lojuvard rangli koshinlar, oq tosh kukunini ko‘k tosh eritmasiga qo‘shib lojuvard, yashil tosh eritmasiga qo‘shib zumrad rangli koshinlar tayyorlanishi hamda bularni Misr va Bobil arxitekturasida qo‘llanishi, Misr mixxatini turonliklar tomonidan Bobil xatiga moslashtirilishi kabi innovatsiyalar fan va texnologiyalarni nechog‘li rivojlanganidan dalolat beradi.

Miloddan avvalgi XIII-XI asrlarda Avesto alqovlarining og‘zaki varianti shakllangan. Zardusht kelishi bilan Avesto qismlari to‘planib, yaxlit kitob holiga keltiriladi. Miloddan avvalgi VIII asrda Turondagi ilk davlat – qadimgi Xorazm davlati barpo bo‘ladi. Bu davlat o‘z tili va yozuviga ega bo‘lib, xorazmshohlar o‘z nomidan tanga zarb qilar edi. Yirik shaharlari Ko‘zaliqir va Xazorasp hisoblangan. Yunon tarixchisi Gerodot o‘zining “Tarix” kitobida qadimgi xorazmliklar Amudaryo bo‘ylarida yashagani haqida maʼlumot beradi. Darhaqiqat, Gerodot yozganidek, qadimgi xorazmliklar daryo bo‘ylarida o‘rtada gulxan yoqib, qo‘shiq kuylab, olov atrofida raqsga tushar edilar. Olov atrofida isinib oyoq ustida o‘tirgan qadimgi xorazmliklar o‘z og‘irligini goh u oyog‘iga, goh bu oyog‘iga tashlab, gohida gavdasini kerib, boshini u yoq bu yoqqa burib, qovog‘ini uyib, lablarini cho‘chchaytirib, qo‘llarini bir-biriga ishqab, kiftlarini galma-gal o‘ynatib, kutilmaganda birdan sakrab turib, yolg‘ondakamiga oqsoqlanib, muqom qilgancha, turli hayvonlarning yurishi va qilig‘iga taqlid qilib raqsga tushgan bo‘lsa ajabmas. Bunday muqom va tana harakatlari bugungi kunda nomzodi YUNESKOning Butunjahon nomoddiy merosi ro‘yxatiga kiritilgan Lazgi raqsi qarakatlarida saqlanib qolgan va olis tarix qaʼridan bugungi kungacha yetib kelgan. Avestoning eng qadimgi qismi bo‘lgan Yasht gohlari dastlab kohinlar tomonidan ijro qilingan, keyinchalik zamzama usulida o‘qilgan. O‘sha ijro ritmlari vaqt o‘tishi bilan qadimgi Xorazm kuy-qo‘shiqlariga ko‘chgan. Bugungi kundagi xalfa kuylari, suvoralar hamda dutor kuylari usuli zaminida zamzama – qiroat usuli yotadi. Avesto “goh”larining bo‘g‘in o‘lchovi Xorazm maqomlari so‘z o‘lchovi bilan juda o‘xshashki, bu holat ham o‘tmish bilan bugunni musiqa sanʼati va badiiy so‘z sanʼati doirasida o‘zaro bog‘laydi.

Avestoning zand, yaʼni so‘nggi sharhlangan va kitobat qilingan shaklida yulduzlar, planetalar, Quyosh va Oy manzillari, fasllar almashinuvi, yil taqvimi va turli bayramlar haqida maʼlumotlar mavjud. Bularni kuzatish, hisobini yuritish uchun hisob va sanoq ilmi shakllangan bo‘lishi kerak edi. Avesto kitobat qilingan qadimgi Xorazmda aniq fanlar taraqqiyoti o‘z cho‘qqisiga chiqqan edi. Miloddan avvalgi IV asrdan to milodiy IV asr oralig‘idagi davrga oid deb qaraladigan Qo‘yqirilganqalʼa inshooti o‘z davrining bemisl observatoriyasi edi. To‘qqalʼa nekropolidan aniqlangan milodiy IV asrdan VII asr oxirigacha bo‘lgan davr ostadon bitiglarida yil sanasini ifodalash uchun qo‘llangan raqamlar orasida nolni anglatadigan maxsus belgi – raqam uchraydi. Ushbu belgi hozirgi zamonaviy nol raqamining “ajdod”i hisoblanadi. Shunday kashfiyot va ixtirolar, ilm-fan rivoji, texnologik yutuq hamda innovatsion yangilik va ishlanmalar orqali Turon zaminida, jumladan qadimgi Xorazmda islomgacha bo‘lgan davrda ilk tamaddunga tamal toshi qo‘yilgan. Bunday yuksalish keyinchalik, islom davriga kelib Maʼmun akademiyasi misolida qayta bo‘y ko‘rsatdi.

Sharqdagi ilk renessans davrining peshqadam vakillaridan biri Muhammad Xorazmiy hisoblanadi. Xorazmiy hind arifmetikasini sharhlab, sonlarga izoh berdi, sanoq tizimini yangi pog‘onaga olib chiqdi. Nol raqamini qo‘llash doirasini belgilab berdi. Nomaʼlum sonni aniqlash bo‘yicha formulani shakllantirdi. Kvadrat va ildizosti sonlarini qanday hosil bo‘lishini sodda usulda bayon qilib berdi. Xorazmiyning astronomiya ilmiga qo‘shgan hissasi ham beqiyos hisoblanadi. Planetalarning joylashuvi, yulduzlar jadvali va quyosh hamda oyning harakatiga bag‘ishlangan ilmiy kuzatishlari o‘z davri uchun muhim kashfiyot edi. Uning geografiya, meros ilmi, geometriya va musiqa ilmlariga oid asarlari Xorazmiyni qomusiy olim bo‘lganligini tasdiqlaydi. Muhammad Xorazmiy Bag‘doddagi Maʼmun akademiyasida olimlarga boshchilik qilgan. O‘sha paytda gurkiragan Birinchi renessans olimlarining peshqadam vakillaridan biri hech shubhasiz Muhammad Xorazmiy edi. Yana bir xorazmlik buyuk olim Abu Rayhon Beruniy bo‘lib, u tom maʼnoda Xorazmiy boshlab bergan ishlarni davom ettirdi. Uning natural sonlar borasidagi qarashlari, yulduzlar hayʼati, geometrik o‘lchovlar, massa hajmini aniqlash bo‘yicha amalga oshirgan ilmiy kashfiyotlari keyinchalik fan sohalarini jadal rivojlanishiga olib keldi. Farmakognoziyaga oid “Kitob as-Saydana” asari mingdan ortiq o‘simlik, mineral va boshqa jismlarning xususiyati, nomi va qo‘llanishiga bag‘ishlangan nodir asar hisoblanadi. Beruniyning hindlar tarixi va urf-odatlariga oid “Hindiston” asari bu diyor bo‘yicha shu vaqtgacha yozilgan barcha asarlarni hozirgacha orqada qoldirib keladi. Abu Rayhon Beruniy ijtimoiy fan sohalarida ham samarali faoliyat olib bordi. Faqat falsafa, mantiq, adabiyot, tarix va tilshunoslik fanlari borasidagi xizmatlarining o‘zi bilan ham Beruniy tarixda qolishi mumkin edi. Uning o‘zga olamlar borasidagi qarashlari, bu borada yana bir ulug‘ qomusiy olim Ibn Sino bilan qilgan munozaralari Beruniyni buyuk faylasuf olim ekanligidan dalolat beradi.

Olimning, Yerning shar shaklida ekanligini ilmiy dalillashi, biz yashab turgan olamdan tashqari yana boshqa olamlar ham borligi to‘g‘risidagi gipotezasi, Yer kurrasining narigi tarafida ham materikning mavjudligi bo‘yicha farazi, atomning zarralarga bo‘linish yoki bo‘linmasligi borasida maqbul pozitsiyada turishi – Beruniyni nafaqat XI asrning olimi, balki barcha davrlarning daho olimi, mutafakkiri deyishimizga asos bo‘ladi. Xorazmshoh Maʼmun tomonidan barpo etilgan Gurganj akademiyasining rahbari sifatida faoliyat olib borar ekan, Beruniy yo‘qotilgan qadimgi Xorazm tamadduni izlarini ko‘ra bilgan. Ko‘hna qalʼalar, shaharsozlik anʼanalari, murakkab mexanizmli irrigatsiya tizimlari, gidrologiya, mineralogiya va iqlimshunoslik sohasidagi eski tajribalardan xulosa qilib, olim “Bugun biz erishgan ilmiy yutuqlar, o‘tmish tamaddunining oqavalaridir” deydi. Qadimgi Xorazm tarixi va madaniyati misolida ko‘rinadiki, ilm-fan va maʼrifat hech bir davrda aslo to‘xtab qolmagan.

O‘zbekiston hududida yuz bergan birinchi va ikkinchi renessanslar ushbu zaminda yashagan xalqlarning tarixi, madaniyat va sanʼatini, mushtarak anʼana hamda urf-odatlarini, eʼtiqodi, maʼnaviyatini o‘zida aks ettirgan. Ikkinchi renessans davrida ilm va fan sohalari rivoji jamiyatni shakllantirib, davlat va uning asoslarini mustahkamlagan. Sohibqiron Temur va temuriylar saltanatida ustuvor bo‘lgan qonun va qoidalar madrasa taʼlimidayoq o‘qitilgan. Oilada tarbiya odob va ahloqqa asoslangan. Ikkinchi renessans davrida Samarqand shahri nafaqat poytaxt, balki ilm-fan markazi sifatida ham Sharqda mashhur bo‘lgan. Samarqandda barpo bo‘lgan akademiyada Mirzo Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy, Jamshid Koshiy va Ali Qushchi kabi olimlar ilmiy izlanishlar olib borishgan. Ulug‘bek akademiyasida astronomiya, matematika, geografiya, falsafa va mantiq ilmlari bo‘yicha tadqiqotlar olib borilgan. Bu borada Mirzo Ulug‘bekning “Yulduzlar jadvali” astronomiya sohasida yangilik bo‘ldi. Asar Yevropagacha yetib borib, shu sohadagi yangi kashfiyotlarga turtki bo‘ldi.   

Ikkinchi renessans davrida adabiyot, musiqa ayniqsa sheʼriyat aholi o‘rtasida yuksak didni tarbiyalagan. Doston va jangnomalar o‘sha davr kishilari tasavvuridagi syujetlardan tarkib topgan edi. Kitobat sanʼati rivojlanishi kitobxonlik doirasini kengaytirdi. Kalligrafiya, muqovasozlik, miniatyuralar chizish yuksak va nafis sanʼat darajasiga ko‘tarildi. Ayollarning ziynati bo‘lgan uzuk, bilakuzuk, zirak va marjonlar ishlash – zargarlik sohasi asriy anʼanalarga asoslanganligi sababli ham bizning davrimizga dovur yetib keldi.             

Bugungi kunda yurtimizda Uchinchi Renessans orqali Yangi O‘zbekistonni barpo qilish yo‘lida ajdodlarimiz qoldirgan moddiy va nomoddiy meros mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Bu merosni saqlash, o‘rganish va aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish natijasida yangidan-yangi ilmiy yutuqlarga erishishimiz mumkin.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining asosiy vazifalaridan biri ajdodlar merosini o‘rganish, ular amalga oshirgan kashfiyot va ixtirolarni yurtimiz va butun jahon bo‘ylab targ‘ib qilishdan iborat. Islom dini, tarixi, sanʼati va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk bobokalonlarimiz merosini xalqimizga yetkazish borasida hurmatli Yurtboshimiz tashabbusi bilan barpo etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hashamatli binosining alohida o‘rni bor. Birinchidan, bu ko‘rkam bino orqali dunyoga bizning zamindan yetishib chiqqan allomalarning bebaho ilmiy-maʼrifiy merosi namoyish qilinsa, ikkinchidan yosh avlod tasavvuri va shuurida nafaqat faxr va iftixor tuyg‘usi, balki ajdodlarga munosib farzand bo‘lish ishtiyoqi ham uyg‘onadi.

Ishonamizki, ushbu bejirim majmua asrlar davomida avlodlarimizga ajdodlar merosini ko‘z qorachig‘idek asrash va qadrlash ramzi bo‘lib qoladi.

 

Anvar MATNIYAZOV,

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi

markazi yetakchi ilmiy xodimi,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori,

dotsent