MAQOLALAR
SEZAR DIYORINI ZABT ETGAN BOBUR

 Maʼlumki, O‘zbekiston va Italiya xalqlari o‘rtasidagi hamkorlik uzok tarixga ega. G‘arbda bejiz ona zaminimiz, jumladan ko‘hna va navqiron Samarqandni qadimiy Rim bilan qiyoslashmaydi.

12-15 fevral kunlari Islom sivilizatsiyasi markazi vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasining  Italiyaga xizmat safari maqsadlari ham ikki davlat o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va  tarixiy merosni o‘rganishga hissa qo‘shishga qaratildi.

Olis moziyning xolis sadosi

Yevropa uyg‘onish davrining atoqli vakili, buyuk italyan olimi Aligyeri Dante o‘zining “Ilohiy komediya” asarida Ibn Sino, Ibn Rushd, Beruniy. Farg‘oniy singari buyuk zotlar nomini tilga olib o‘tadi. O‘z navbatida buyuk alloma Abu Ali ibn Sinoning asarlari XII asrdayoq Yevropaga, xususan Italiya zaminiga yetib kelgan.

          Sohibqiron Amir Temur davrida Italiya bilan diplomatik va  savdo aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Italyan ziyolilarining   Amir Temur va uning faoliyatiga qiziqishi ham o‘sha paytlarda boshlangan. Jumladan, 1553 yilda Florensiyada italyan olimi Pyetro Perondino qalamiga mansub “Skifiyalik buyuk Temur” kitobi bosilib chiqqan. Bu Yevropada Amir Temur haqidagi ilk ilmiy tadqiqot hisoblanadi.

O‘rta asarlarda buyuk mutafakkirlarimizning Italiya zaminiga, uning tarixi va madaniyatiga  qiziqish hamisha yuqori bo‘lgan. Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy o‘z asarlarida, xususan “Tarixi mulukmi Ajam” kitobida  Yuliy Sezar va boshqa Rim imperatorlari nomini  tilga olgan.

1557 yilda Venetsiyada Mikele Tramezzino Navoiyning “Sabʼai Sayyor” asari asosida o‘zining “Uch Sarandip shahzodasi”  asarini nashr qildiradi. Bu asar o‘sha davrda eng ko‘p o‘qilgan, yarim asr ichida 11 marta chop etilgan edi.

Yevropada buyuk temuriyzoda hukmdor, Hindistondagi Boburiylar sulolasi asoschisi Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiga qiziqish ham ancha oldin boshlangan.

Maʼlumki, Sohibqiron Amir Temurning beshinchi avlodi bo‘lgan Bobur Mirzo hassos shoir, qomusiy olim, atoqli davlat arbobi va mohir sarkarda sifatida takrorlanmas va boy ijodiy-ilmiy meros qoldirgan.

“Boburnoma”ni Bobur ijodining durdonasi, XV-XVI asrlarda O‘rta Osiyo, Afg‘oniston, Hindiston va Eronda sodir bo‘lgan tarixiy voqealar haqida hikoya qiluvchi o‘ziga xos ensiklopediya deyish mumkin. 

                            “Oqqan daryo oqmayin qolmas...

XVIII asr boshlaridayoq “Boburnoma” Yevropa tillariga tarjima qilina boshlagan. Yaqinda Italiyaning “Sandro Teti Editore” nashriyot uyi “Boburnoma”ni italyan tilida chop etdi. Asarni atoqli italyan olimi, turkolog Federiko Pastore tarjima qilgan.

Ushbu nashr o‘zbek va italyan xalqlari o‘rtasidagi adabiy va madaniy-gumanitar hamkorlik aloqalarining samarali va yorqin namunasi sifatida dunyoga keldi.

Kitob O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev so‘zboshisi bilan ochiladi. Asarni italyan tilida nashr etish jarayoniga nashriyot rahbari Sandro Teti boshchiligidagi malakali tarjimonlar, muharrirlar va dizaynerlar guruhi jalb etildi.

Ushbu nashr Boburiylar davriga oid 96 ta miniatyura bilan bezatilgan. Ko‘p nusxada chop etilgan “Boburnoma” Italiya va Yevropaning ko‘plab kitob markazlariga taqdim qilingan.

                            Florensiyadagi “boburxonlik”

Florensiya Italiyaning eng qadimiy va go‘zal shaharlardan biri. Bu shahar o‘zining uzoq tarixi, buyuk shoir va bastakorlari, roman uslubida qurilgan meʼmoriy yodgorliklari bilan dovrug‘ qozongan.

G‘arb meʼmorchiligining durdonasi sanalgan Palasso Strossi saroyi 1489-1539 yillarda Florensiyaning eng mohir meʼmor va ustalari tomonidan bunyod etilgan. Sharq adabiyotining buyuk shoh asari bo‘lgan “Boburnoma” ham  Mirzo Boburning umri davomida 1494-1530 yillar davomida yozilgan. Bu ikki bebaho asar deyarli bir paytda Yevroosiyo qitʼasining ikki qutbida yaratilgani ham bejiz bo‘lmasa kerak. Zotan, aynan shu yerda “Boburnoma”ning itlayan tilidagi nashri taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekistonning Italiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Abat Fayzullayev, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori Bahrom Abduhalimov, italiyalik professor Franko Kardini, senator, Palasso Strossi saroyi boshqaruvi rahbari  Rikkardo Nenchini. “Sandro Teti Editore” nashriyot uyi rahbari Sandro Teti, V&Co telekompaniyasi direktori Viktoriya Petrosyans so‘zga chiqdi.

Xorijlik hamkorlar eʼtirofi

“Boburnoma”ni Bobur ijodining durdonasi, XV-XVI asrlarda O‘rta Osiyo, Afg‘oniston, Hindiston va Eronda sodir bo‘lgan tarixiy voqealar haqida hikoya qiluvchi o‘ziga xos ensiklopediya deyish mumkin, - deydi senator, Palasso Strossi saroyi boshqaruvi rahbari  Rikardo Nenchini. – XVIII asr boshlaridayoq “Boburnoma” Yevropa tillariga tarjima qilina boshlagan. Ushbu nashr o‘zbek va italyan xalqlari o‘rtasidagi adabiy va madaniy-gumanitar hamkorlik aloqalarining samarali va yorqin namunasi sifatida dunyoga keldi.  Albatta, biz uchun Sharq, xususan O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk shaxslar hayoti va faoliyatini o‘rganish juda muhim”.

 “Kitob Italiya ilmiy va madaniy jamoatchiligining  buyuk shoir va qomusiy olimning bebaho merosi, o‘zbek davlatchiligining  uch ming yillik tarixi bilan tanishuvi xalqingizning  maʼnaviy olami, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan ijobiy  o‘zgarishlar mohiyatini anglashga yordam beradi, - dedi nashriyot rahbari Sandro Teti. -  Asarning italyan tilida nashr etish jarayoniga  malakali tarjimonlar, muharrirlar va dizaynerlar  guruhi jalb etildi. Kitobning dunyoga kelishida katta hissa qo‘shgan barcha fidoyi insonlarga minnatdorlik bildiraman. 

                   Buyuk ajdodlarning Italiyadagi izlari

Delegatsiya vakillari Florensiyaning bir qator tarixiy obidalar, madaniy muassasalari qatorida afsonaviy Uffitsi galereyasida bo‘lib, bu yerda saqlanayotgan sanʼat durdonalari bilan tanishishdi.

1581 yilda ochilgan Uffitsi galereyasi Italiyadagi eng yirik sanʼat muzeyi hisoblanadi. Bu yerda Leonardo da Vinchi, Mikelanjelo singari buyuk rassomlarning bebaho asarlari saqlanadi. Mazkur sanʼat asarlari orasida o‘rta asarlarda nomaʼlum rassom tomonidan yaratilgan Amir Temur qiyofasi aks etgan tarixiy portret borligi hayʼat vakillarining eʼtiborini tortdi.

Bolonya universiteti kutubxonasida ham buyuk ajdodlarimizga tegishli bo‘lgan nodir osori atiqalar bilan tanishdik. Bolonya shahrida 1088 yilda ochilgan  bu oliy taʼlim dargohi  dunyodagi eng qadimiy universitet hisoblanadi. Uning  kutubxonasi ham salkam 300 yillik tarixga ega. Bu yerdagi qo‘lyozmalar orasida Sharq kitobat sanʼatiga tegishli bo‘lgan ko‘plab arab va fors tillaridagi, xususan 200 ga yaqin turkiy tildagi manbalar ham saqlanadi.

Kutubxonada buyuk alloma Abu Ali ibn Sino qalamga mansub “Tib qonunlari” asarining ikkita qadimiy qo‘lyozmasi saqlanadi. Mazkur qo‘lyozmalar XIV-XV asrlarda ko‘chirilgan. Shuningdek qo‘lyozmalarga mohir rassomlar tomonidan bir qancha miniatyuralar ishlangan. Qo‘lyozmalarda Fransiya Milliy kutubxonasi muhrini ham ko‘rish mumkin. Bir paytlar bu kitoblar Fransiya imperatori Napoleon Bonapart tomonidan Parijga olib ketilgan, 1885 yilda italiyalik maʼrifatparvarlarning saʼy-harakatlari natijasida bu durdonalar yana Bolonyaga olib kelingan ekan.

                   Kichik davlatdagi ulkan maqsadlar

Vatika - dunyodagi eng mitti davlat. Rim shahri hududida joylashgan bu davlat hududi atigi 44 gektarni tashkil qiladi. Mingga yaqin aholi istiqomat qiladgan bu davlatni Rim Papasi boshqaradi. Vatikan maydoni jihatidan xaritasida nuqtadek ko‘rinsa-da, dunyo siyosatida o‘z o‘rniga ega. O‘zining armiyasi, davlat tuzumi, ramzlari va albatta ulkan fondga ega kutubxonasi ham bor.

Vatikan Apostol kutubxonaga 1447 yilda Rim Papasi Nikolay V tomonidan asos solingan bo‘lib, u 1 500 000 dan ortiq bosma va yozma asarlarni o‘z ichiga oladi. Bu yerda shuningdek, 50 mingdan ortiq lotin, grek, arab, fors, gruzin, yahudiy va turkiy tillardagi qo‘lyozmalar saqlanadi.

Uchrashuvda O‘zbekiston rahbari dunyo hamjamiyatini diniy bag‘rikenglikka, Islom dinining maʼrifatparvarlik g‘oyalarini chuqur o‘rganishga chorlab kelayotgani alohida taʼkidlandi.

“Bugun dunyoning turli burchaklarida diniy va milliy nizolar hamon davom etayotgan paytda turli millat va din vakillarining umumiy til topishib harakat qilishi, ezgulik va hamjihatlik g‘oyalari atrofida birlashishi shart, - dedi Vatikan davlati Kutubxona va arxiv ishlari boshqarmasi rahbari Don Angelo Zani. - Shu maʼnoda biz O‘zbekiston rahbariyati ilgari surayotgan g‘oyalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz va o‘zaro  hamkorlik uchun har doim tayyor ekanimizni maʼlum qilamiz”.

Hamma yo‘llar... Rimga eltadi

Safarimiz davomida Rim shahridagi Aaron xususiy kolleksiyasida ham bo‘ldik. Mazkur kolleksiyaga o‘tgan asrning 70 yillarida taniqli kolleksioner  Armando Tagliokosso tomonidan asos solingan bo‘lib, u Musulmon Sharqiga tegishli bo‘lgan xalq amaliy sanʼati namunalarini o‘z ichiga oladi.

Aaron kolleksiyasi kuratori Veronika Pristini bu yerda Eron, Hindiston, Yaqin Sharq, Kavkaz va Markaziy Osiyoga tegishli bo‘lgan 100 dan ortiq nodir eksponatlar saqlanishi, ular orasida bevosita O‘zbekiston madaniy merosiga aloqador bo‘lgan bir qator tarixiy buyumlar ham borligini taʼkidladi.

Mazkur kolleksiyada XI asr o‘rtalarida hozirgi Karmana hududlarida, Qoraxoniylar davriga tegishli bo‘lgan kumush idish ham saqlanadi. Mazkur idish gardishida arab tilida kufiy xatida “ushbu mulk moʻminlar amirining yaqin do‘sti To‘g‘rul Qora Hoqonga tegishli” degan mazmundagi bitiklar o‘yib yozilgan.

Shuningdek, kolleksiyadan somoniylar davrida mansub bo‘lgan eng kamida ming yillik sopol buyumlar, Xorazmshohlar davrida ishlangan oltin lagan va boshqa ashyolar saqlanmoqda.

Zahiriddin Muhammad Bobur qalamiga mansub “Boburnoma” asarining italyan tilidagi nashri taqdimotiga bag‘ishlangan tadbirlar Rimda ham davom etdi.

Italiyadagi Sharqshunoslik institutiga mashhur italyan sharqshunosi Karlo Alfonso Nallino (1876-1938) tomonidan Rim shahrida 1921 yilda asos solingan. Asosan Sharq xalqlari tarixi, madaniyati va qo‘lyozmalarini tadqiq etish bilan shug‘ullanadi.

Tadbirda yana bir bor “Boburnoma”ning nashr etilishi ikki davlat o‘rtasidagi adabiy va maʼrifiy aloqalarda munosib o‘tir tutishi alohida taʼkidlandi.

Tadbir davomida Zahiriddin Muhammad Bobur va uning “Boburnoma” asari italyancha nashri haqidagi hujjatli film namoyish qilindi. Tadbirning faol ishtirokchilariga O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan chop etilgan kitob albomlar hamda italyan tilida bosilgan “Boburnoma” kitobi hadya qilindi.

Italiyadagi madaniy meros durdonalari O‘zbekistonga keltiriladi

 O‘zbekiston delegatsiyasi Rim, Florensiya, Bolonya, Milan shaharlarida bo‘lib,  qator tashkilot va muassasalar rahbarlari bilan Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini,  kontent va konsepsiyasini mustahkamlash bo‘yicha muzokaralar ham olib borishdi.

Milandagi “Magister Art”, “Goppion”kompaniyasi rahbarlari bilan uchrashuvlar chog‘ida Markazning  chikini kontentiti boyitish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Milanda Leonardo da Vinchi hayoti va faoliyati haqida hikoya qiluvchi muzeylarga sayohat ham yoqimli taassurotlar bilan esda qoldi.

“Men umrimning katta qismini buyuk mutafakkir Leonardo da Vinchi hayoti va asarlarini o‘rganshga bag‘ishladim, - deydi Milan  Ilm-fan tarixi muzeyi ilmiy xodimi, taniqli dizayner  Mario Taddei. - Yaqinda shunday u juda ko‘p kashfiyotlarini asosan Sharq va musulmon olimlari asarlaridan ilhomlanib yaratgan, degan ilmiy xulosaga keldim. Xususan u o‘zi ishlagan maxsus soatlar, astronomik asbob-uskunalar  maketini yasashda Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy singari olimlar ixtirolariga suyanganini  alohida qayd etish zarur.

Italiyadagi muzey va kutubxonalar, shaxsiy kolleksiyalar va ilmiy-maʼrifiy muassasalarda O‘zbekistonga oid o‘nlab topilmalar, osori atiqalar saqlanayotgani aniqlandi.

- Muhtaram Prezidentimizning 29 yanvar kungi tashriflarida O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimini  joriy yilning sentyabr oyida o‘tkazish belgilangan edi, - deydi markaz direktori Firdavs Abduxoliqov. - Ushbu tantanali marosim doirasida dunyoning turli nuqtalarida saqlanayotgan madaniy merosimiz namunalari ko‘rgazmasini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Yaqinda Malayziyada bo‘lganimizda Kuala-Lumpurdagi Islom sanʼati muzeyida  saqlanayotgan nodir eksponatlarning ko‘chma ko‘rgazmasini o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazib qaytdik. Endilikda Italiyada aniqlangan qo‘lyozmalar va eksponatlarning ham maxsus ko‘rgazmasini Toshkentda o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Umuman olganda, Yevropa janubidan o‘rin olgan bu afsonaviy o‘lkaga safarimiz belgilangan rejalarimizga muvofiq kechdi.     Bir so‘z bilan aytganda, safardan bir olam taassurotlar, yangi-yangi rejalar, kuch-g‘ayrat bilan Toshkentga qaytdik. Hali oldinda ishlarimiz ko‘p...

Rustam Jabborov,

 O‘zbekistondagi islom

                                                               sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi