MAQOLALAR
Temuriy shahzoda ko‘chirgan Qurʼon

Amir Temur va Shohrux singari Ibrohim Sulton ham adabiyot, sanʼat, musiqani yaxshi bilgan va bu soha vakillarining iqtidorini qadrlab, tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratgan.

Ibrohim Sulton ko‘chirgan bir nechta Qurʼon nusxalari hozirda Eron qo‘lyozma fondlarida saqlanadi. Jumladan, Gulchin Maʼoniy Ibrohim Sulton tomonidan 1423 yili suls xatida ko‘chirilgan Qurʼon nusxasi Ostoni Qudsi Rizaviy kutubxonasida mavjudligi, lekin uning 16 varag‘i yetib kelganini qayd qiladi. Yana shu muallifning bildirishicha, rayhoniy xatida amirzoda tomonidan ko‘chirilgan Qurʼonning boshqa bir nusxasi ham mazkur fondda saqlangan bo‘lib, tartib raqami o‘zgarib ketgan. Ibrohim Sulton tomonidan ko‘chirilgan Qurʼonning uchinchi qo‘lyozmasi 1937 yilgacha Sheroz shahridagi “Qurʼon darvozasi”da saqlanib kelinib, keyinchalik Pors muzeyi ixtiyoriga o‘tkazilgan. Ushbu nusxa ikki jilddan iborat bo‘lib, “Qurʼoni haftdah man” deb ham ataladi. Uning “Qurʼon darvozasi”ga kelish tarixi Buvayhiylar sulolasidan bo‘lgan Izzuddavla Daylamiy qurdirgan darvoza bilan bog‘liq. Dastlab, Izzuddavla Sherozda darvoza qurdirib, unda Qurʼon uchun joy qildirgan. Keyinchalik Karimxon Zand tomonidan darvoza qayta qurilib, ustiga maxsus xona qo‘shilgan va u yerda Ibrohim Sulton tomonidan ko‘chirilgan ikki jildli Qurʼon saqlana boshlagan. Qojorlar hukmronligi davrada darvoza bir necha zilzilaga duchor bo‘lib, Muhammad Zangixon Nuriy tomonidan taʼmirlangan. Garchi Qurʼon hozirda Pors muzeyida saqlanayotgan bo‘lsa ham, aholi o‘rtasida yaxshi niyat bilan oyning boshida shahardan chiqayotib Qurʼon darvozasidan o‘tish orqali ruhiy poklanish anʼanasini saqlanib qolgan. Bulardan tashqari, temuriyzoda tomonidan ko‘chirilgan yana bir Qurʼon qo‘lyozmasi Metropoliten muzeyida saqlanishi haqida maʼlumotlar mavjud. Ibrohim Sulton homiyligida turkiy va fors adabiyotining ajoyib namunalari yaratildi va nodir nusxalari ko‘chirildi.

Qisqa umri davomida Fors viloyatining hukmdori sifatidagi faoliyati ilm-fan, adabiyot va sanʼat sohalari vakillari tomonidan yuksak qadrlangan. 

Maʼlumotlarga ko‘ra, ushbu Qurʼon 830 yil, 4 ramazon/hijriy 1427 yil, 29 iyunda ko‘chirilgan. Keyinchalik Boburiylar saroyida saqlangan.  Qurʼonning juda chiroyli va o‘ziga jalb etuvchi ikki jildda muqovalangan nusxasi. 

Qo‘lyozmaning muqovasi to‘q qizil rangli charmdan, medalyonli, yaxlit presslangan, alohida naqshga ega emas. Qo‘lyozma juda nafis nasx xati bilan yozilgan, bu xattotning yuksak mahoratidan darak beradi. Matnga harakat belgilari qo‘yilgan. Matn har bir sahifada 10 qatordan berilgan bo‘lib, oltin, zarg‘aldoq hamda ko‘k ranglar bilan gardishlangan.

Ushbu Qurʼon qo‘lyozasi nusxasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida namoyish etiladi. Uning fakisimle nusxasi ustida filologiya fanlari doktori Aftondil Erkinov ish olib bormoqda.