O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyining Birinchi Renessans davri ekspozitsiyasida “Xorazm Maʼmun akademiyasi” immersiv shou yaratiladi.
Zamonaviy axborot texnologiyalari yutuqlari asosida yaratiladigan immersiv shou orqali tomoshabinlar go‘yo vaqt mashinasida sayohat qilgandek, Xorazm Maʼmun akademiyasi davriga tushib qoladilar. Ular akademiyadagi ilmiy muhitni his etib, buyuk mutafakkirlar va qomusiy olimlar bilan bir safda turganday tuyuladi. Shou davomida qadimiy kitoblar jonlanadi, ilmiy kashfiyotlar namoyon bo‘ladi va tomoshabinlarni haqiqiy maʼrifat olamiga yetaklaydi.
Maʼlumki, Bag‘doddagi “Bayt al-hikma”da faoliyat yuritgan Markaziy Osiyo olimlarining ilmiy anʼanalari XI asrning boshida Xorazmda davom etgan. Xorazmshohlar Abul Hasan Ali ibn Maʼmun (997–1009) hamda Abul Abbos Maʼmun ibn Maʼmun (1009–1017)lar davrida poytaxt Gurganchda o‘z davrining mashhur olimlarini jamlagan ilmiy markaz – Majlis al-ulamo vujudga keldi. Unda Abu Nasr ibn Iroq, Abu Sahl Masihiy, Abul Xayr Hammor, Abu Rayhon Beruniy va Abu Ali ibn Sino, Ibn Miskavayh, as-Saʼolibiy kabi olimlar astronomiya, matematika, kimyo, tabobat, falsafa, mantiq, tilshunoslik, tarix va adabiyot singari yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib bordilar. Mazkur ilmiy markazning faoliyati G‘azna hukmdori sulton Mahmud G‘aznaviyning Xorazmga yurishi natijasida 1017 yilda to‘xtadi. Garchi Xorazm Maʼmun akademiyasi qisqa muddat faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa-da, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino kabi qomusiy olimlar tomonidan bu yerda yaratilgan olamshumul ilmiy kashfiyotlar keyingi davrlar aniq va tabiiy fanlar olimlarining faoliyatiga ijobiy taʼsir ko‘rsatdi.
Muzey ekspozitsiyasida “Xorazm Maʼmun akademiyasi"da faoliyat yuritgan olimlarning ilmiy merosi va ularning jahon tamadduniga qo‘shgan hissasi haqida videofilm ham o‘rin oladi.