
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Eron Islom Respublikasining Al-Mustafo universiteti Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Ali Purmand Muhsiniy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik, qo‘lyozma manbalarni tadqiq etish va xalqaro anjumanlarda ishtirok etish masalalari muhokama qilindi.

Al-Mustafo universiteti Erondagi eng yirik ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, bu yerda 20 mingdan ortiq talaba tahsil oladi. Universitet kutubxonalarida O‘zbekistonga oid juda ko‘p qo‘lyozmalar saqlanishi ma’lum qilindi. Ali Purmand Muhsiniy ushbu manbalarni izlash va tadqiq etishda universitet olimlari hamkorlik qilishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Uchrashuvda Islom sivilizatsiyasi markazi direktori o‘rinbosari Ergash Daminov Markazning ilmiy salohiyati va kelgusi rejalari haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, ekspozitsiyalarni boyitish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish uchun eronlik mutaxassislarning ko‘magi muhim ekanini qayd etdi.

Ali Purmand Muhsiniy o‘zbekistonlik olimlarni joriy yil noyabr oyida Eronda o‘tkaziladigan Abu Nasr Forobiy ilmiy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyaga taklif qildi. Ushbu anjumanda dunyoning o‘nlab mamlakatlaridan olimlar tashrif buyurishi kutilmoqda.
Uchrashuv yakunida Ali Purmand Muhsiniy Islom sivilizatsiyasi markazi binosi va ekspozitsiyalari bilan tanishdi. Shuningdek, unga "O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar" kitob-albomi taqdim etildi.