Dunyo tarixida o‘zining shonu-shavkati, jahonshumul ishlari bilan nom qoldirgan hukmdorlar anchagina. Shulardan biri Sulton G‘iyosiddin Muhammad O‘zbekxon (1283-1341) hisoblanadi. U Chingizxonning katta o‘g‘li Jo‘chi avlodidan bo‘lib, uning davrida islom Oltin O‘rdaning davlat dini deb tan olingan. O‘zbekxon boshqaruvi Oltin O‘rda qudrati eng yuqori cho‘qqiga chiqqan davr sifatida tilga olinadi.
O‘zbekxon Qurʼoni Turkiyaning Sulaymoniya kutubxonasi qo‘lyozmalar fondida saqlanmoqda. Bu haqda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tomonidan joriy yilning 23-26-avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkazilgan “Buyuk ajdodlar merosi-Uchinchi renessans poydevori” VIII xalqaro Kongressida Istanbul universiteti professori, doktor Emek Ushenmez maʼlum qilgan edi.
“Oltin O‘rda xukmdori O‘zbekxon uchun Badr al Hamadoniy tomonidan yozilgan Qurʼon qo‘zyozmasi Turkiyaning Sulaymoniya kutubxonasi qo‘lyozmalar fondida saqlanmoqda. Qo‘lyozma reyhaniy yozuvida yozilgan, qaymoqrangli varaqlari oltin suvi yugurtirilgan holda chiroyli bezatilgan. 1318-yil Ramazon oyida yozilgan qo‘lyozmaning yana bir diqqatga sazovor xususiyati oyatlar soni raqamlarga mos harflar bilan ko‘rsatilganligidir”- deydi Emek Ushenmez.
Mazkur qadimiy qo‘lyozmani Turkiyaga kim, qachon va nima maqsadda olib kelgan?
13-asrga oid ushbu muqaddas kitobning qadimiy qo‘lyozmasi oltin harflar bilan yozilgan. Maʼlum bo‘lishicha qo‘lyozma Fotih Culton Mehmetning vaziri Halil Pasha tomonidan Qrim urushidan o‘lja sifatida Istanbulga olib kelingan. Qachon ko‘chirilganligi haqida kitobning o‘zida maʼlumot keltirilgan. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Turkiya qo‘lyozma asarlar boshqarmasi hamkorlikda mazkur O‘zbekxon Qurʼonini faksimile nusxasini chop etishda kelishuvga erishishgan.
Dovrug‘i doston O‘zbekxon
O‘zbekxon yetarli darajada faol tashqi siyosat yuritganiga qaramasdan, uning davrida davlat hududi o‘zgarmadi. Xon Polsha qirolligining Galitsiya knyazligini bosib olishiga xalaqit berishga urindi. 1337 yil birlashgan rus-o‘rda qo‘shini Lyublinga yurish qildi. So‘ngra Galitsiya boyari Dmitr Dedkoning iltimosi bilan O‘zbek-xon qirol Buyuk Kazimir III ga qarshi 40 ming kishilik qo‘shin yubordi, lekin u Vislada mag‘lub bo‘ldi. Jo‘chiylar anʼanaviy siyosati o‘zanida harakatlanishni davom ettirib, O‘zbek-xon Kavkaz orti hududlari – Xulagular yerlariga daʼvo qildi. 1318/1319, 1325 va 1335 yillarda O‘rda qo‘shinlari Shirvon va Arronga bostirib kirdi, lekin sezilarli muvaffaqiyatga erisha olmadi. Beklarbegi Qutlug‘-Timur O‘rdaning ichki barqarorligi va savdoga putur yetkazilishidan qo‘rqib, Xulagularga qarshi urushga chiqdi.
O‘zbek-xon Vizantiya, Hindiston, G‘arbiy Yevropa mamlakatlari bilan diplomatik aloqalar o‘rnatdi, Misr mamluklari bilan o‘zaro munosabatlar tiklandi. Xon Vizantiya imperatori Andronik II ning qiziga uylanib, sulolalar o‘rtasida nikoh qurdi, shuningdek, Misr sultoni an-Nosir Muhammadga jiyani, malika Tulunbayni turmushga uzatib, u bilan qarindoshlik rishtalarini o‘rnatdi. Maʼlum muddat davomida O‘zbek-xon Vizantiya bilan yaxshi aloqada bo‘ldi. Biroq, Andronik II hukmronlik qilgan davr oxirlariga kelib, bu munosabatlar keskin buzildi. 1341 yil O‘zbek-xonning o‘limidan so‘ng, Oltin O‘rda boshqaruvi qisqa vaqt uning o‘g‘li Tinibekka o‘tdi.
O‘zbekxon o‘zbeklarning bobokalonimi?
Albatta, ana shunday fikrni ilgari suruvchilar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Albatta, bu fikr bejiz paydo bo‘lmagan. Ko‘plab olimlar ham bu fikrni tasdiqlashga urinishadi.
Mirzo Ulug‘bek “To‘rt ulus tarixi” asarida shunday yozadi: “Hazrati Sayid Ota, - unga Ollohning rahmati va rizoligi bo‘lsin,- hamda Sulton Muhammad O‘zbekxon bilan hamrohlikda Movarounnahrga kelgan kishilardan: «Bu kelgan kim?» — deb so‘rardilar. Ularning sardori va podshohi O‘zbekxon bo‘lgani uchun ularni “o‘zbek” deb atadilar. Shu sababdan o‘sha zamondan boshlab Movarounnahrga kelgan kishilar “o‘zbek” deb atala boshlandi. Dashti qipchoqda qolib ketgan kishilar esa “qalmoq” bo‘ldilar.
Bu va boshqa parchalardan ko‘rinib turibdiki, “o‘zbeklar” deb faqat O‘zbekxonning avlodlarini emas, balki unga tobe bo‘lgan kishilarni ham ataganlar. Ularning bir qismi O‘zbekxon davrida, yana bir qismi Shayboniyxon davrida Movarounnahrga kirib kelgan. Keyinchalik, mamlakatimiz hududidagi xonliklarda ham asosan ana shu Dashti Qipchoq xonlarining avlodlari hukmdorlik qilishgani uchun mahalliy aholiga nisbatan ham “o‘zbek” atamasi qo‘llangan.
Biroq, ayrim mutaxassislar O‘zbekxon, hatto Chngizxondan ilgari ham bu nom mavjud bo‘lganini taʼkidlaydilar. Xususan, manbalarda 1115-1116 yillarda Iroqning Mo‘sul viloyatida O‘zbek ismli sarkarda hokimlik qilgani haqida maʼlumotlar uchraydi. Ozarboyjonda hukmronlik qilgan turkiy eldengizlar sulolasining so‘nggi vakilini ham Sulton Muzaffar O‘zbek (1210-1225) deb atashgan. Herman Vamberi bu etnonim “o‘ziga o‘zi bek” maʼnosini bildirishini yozadi. Boshqa taxminlarga ko‘ra, “o‘zbek” nomi qadimgi turkiy urug‘ o‘g‘uzlar nomidan keldib chiqqani, aniqrog‘i “o‘g‘uz bek” so‘zlarining qisqartmasi ekani aytiladi...
Chindan ham o‘zbek xalqining nomini faqat birgina hukmdor nomi bilan bog‘lash to‘g‘ri emas va uning tarixi bir necha ming yilliklarni o‘z ichiga oladi.
Durdona Rasulova tayyorladi.