O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga buyuk olim Ali Qushchining o‘g‘li Qozi Abdurahmon qalamiga mansub "Ravnaq-ul bo‘ston" asarining faksimile nusxasi olib kelindi. Ushbu asarning asl nusxasi Ayo Sofiya kutubxonasida saqlanmoqda. 2000 yil Anqarada nashr qilingan kitob so‘ngida asl nusxasining faksimilesi ham ilova qilingan. Kitob Markazga Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez tomonidan taqdim etildi.
"Ravnaq-ul bo‘ston" bog‘dorchilikka bag‘ishlangan bo‘lib, unda mevalarni yetishtirish, saqlash va nihollarni parvarishlash bo‘yicha qimmatli tavsiyalar berilgan. Asarni o‘zbek tiliga tarjima qilish ishlari filologiya fanlari bo‘yicha doktorlar Alimardon Hayitov va Xusrav Hamidov tomonidan boshlab yuborildi.
2024 yilning sentyabr oyida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) delegatsiyasi Turkiyaning Istanbul shahriga xizmat safari uyushtirgan edi. Safar davomida Istanbuldagi muzeylar, kutubxonalar va oliy o‘quv yurtlariga tashrif buyurildi. U yerda O‘zbekiston tarixiga oid eksponatlar va nodir qo‘lyozmalar o‘rganildi.
Ali Qushchi Samarqandiyning o‘g‘li Qozi Abdurahmon Afandi qalamiga mansub “Ravnaq-ul bo‘ston” asarini o‘zbek tiliga tarjima qilish hamda faksimile nusxasi bilan birga joriy yilda nashr etish rejalashtirilgan.