МАҚОЛАЛАР
O‘ZBEKISTONDAGI ISLOM SIVILIZATSIYASINING YILLIK KASHFIYOTLARI

 

*O‘tgan yilning 3-4 iyul kunlari o‘tkazilgan Respublika olimlari forumida, 23-26 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida “Buyuk ajdodlar merosi - Uchinchi Renessans asosi” mavzusidagi  Xalqaro kongressda, 18-26 oktyabr kunlari “Sharq renessanslsari fenomeni: saltanatlar,  tamaddunlar, shaxslar va kashfiyotlar” mavzusidagi Xalqaro madaniy meros havtaligida, shu masalada Saudiya Arabistoni, Fransiya, Germaniya, Ispaniya, Shveysariya, Turkiya singari mamlakatlarga qilingan xizmat safarlari davomida ham markazimiz faoliyatini takomillashtirish, konsepsiyasini yangilash, kontentini boyitish, xalqaro aloqalarni mustahkamlashga eʼtibor qaratildi.

*Yil davomida o‘tkazilgan ilmiy anjumanlarimizda mahalliy va xorijiy olimlar, mutaxassislar tomonidan Markaz konsepsiyasi va kontenti uchun mingdan ortiq takliflar va loyihalar taqdim etildi. Bildirilgan mulohazaladan kelib chiqib, Markaz platformasini beshta asosiy bo‘limga ajratishga qaror qilindi. Bu qaror Markazning Kengaytirilgan ilmiy kengashi tomonidan ham maʼqullandi.

*Yangilangan konsepsiyaga ko‘ra, birinchi binoning markaziy qismidagi birinchi ekspozitsiyada - Qurʼon zalida Hazrati usmon musʼhafi, O‘zbekistonga aloqador bo‘lgan eng qadimiy va bebaho Qurʼon qo‘lyozmalari joylashtiriladi. Ikkinchi bo‘limdi Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari aks ettiriladi. Uchinchi bo‘limda Birinchi Renessans davri, shu davrda yaratilgan ilm-fan, adabiyot va meʼmorchilik durdonalari o‘z aksini topadi. To‘rtinchi bo‘limda Ikkinchi Renassans va o‘zbek xonliklari davri, temuriylar, boburiylar, shayboniylar, ashtarxoniylar davridagi ilmiy-madaniy muhit batafsil yoritiladi. Beshinchi ekspozitsiya “XIX asr oxiri - XXI asr boshlarida O‘zbekiston” hamda “Yangi O‘zbekiston - Yangi Renessans” bo‘limlarini o‘z ichiga oladi.

*2024 yil yilning 4-10 avgust kunlari Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasining Saudiya Arabistoni Qirolligiga qilgan safari chog‘ida Ar-Riyodda, Podshoh Fahd nomidagi milliy kutubxonasidagi Ibn Sinoning 1592 yilda Italiyada nashr etilgan “Tib qonunlari” kitobi, Imom Buxoriyning   “Sahihul Buxoriy”ning XI asrda yaratilgan qadimiy qo‘lyozmasi borligi aniqlandi.  Jiddadagi Islom sanʼati muzeyida “Tib qonunlari”ning 1535 yilda Rimda nashr etilgan yana bir nusxasi borligi aniqlandi.

*Jidda shahrida Haj va Umra vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda vazirlikning Xalqaro hamkorlik bo‘linmasi rahbari Hasan ibn Yahyo muqaddas Kaʼbaning yopinchig‘i (kisva) bo‘lagini O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiya markaziga taqdim qilinishini bildirdi.

*23-26 avgust kunlari Toshkent va Samarqandda o‘tkazilgan “Buyuk ajdodlari merosi - Uchinchi Renessans asosi” VIII Xalqaro kongressi ham juda ko‘p yorqin lahzalarga, kashfiyotlarga boy kechdi.

Jumladan, Buyuk Britaniyadagi “Al-Furqon” fondi rahbari Sali Shahsivari buyuk vatandoshimiz Qaffol Shoshiyning fiqhga oid “Mahosin ash-sharia” qo‘lyozmasining dunyo fondlaridagi nusxalarini o‘rganish bo‘yicha loyihasini taqdim etdi. Janob Shahsivari bilan bu loyihani hamkorlikda amalga oshirish yuzasidan kelishib olindi.

Britaniyalik mashhur olima, London Universitet Kolleji qoshidagi Arxeologiya instituti ilmiy xodimi Miliana Radivoyevich mazkur kongressda o‘zining Axsikent tarixiy yodgorligini tadqiq qilish bilan bog‘lik loyixasini taqdim etdi.

*15-20 sentyabr kunlari Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasining Turkiya Respublikasiga safari doirasida Fuat Sezgin ilm-fan va texnologiyalar tarixi muzeyi, To‘pqopi saroyi muzeyi, Turk-islom sanʼati muzeyi, Sulaymoniya va Romiy kutubxonalari tajribalari yaqindan o‘rganildi. Qurʼoni karimning Oltin O‘rda hukmdori O‘zbekxon davrida yaratilgan, temuriy shahzoda Boysunqur Mirzo tomonidan ko‘chirilgan nusxalarining faksimil nashrlarini yaratish yuzasidan muzey rahbarlari bilan kelishuvga erishildi.

Turkiya qo‘lyozma asarlar boshqarmasi raisi Jo‘shqin Yilmaz tomonidan “Sahih ul-Buxoriy” asarining XIII asrda ko‘chirilgan eng qadimgi to‘liq qo‘lyozmasining faksimil nusxasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy innovatsion muzeyiga hadya qilindi.

(Istanbuldagi “Yulduz” saroyida Qo‘qon xoni Amir Umarxon turk sultoni Mahmud II ga hadya qilgan Qurʼoni karim nusxasi,  To‘pqopi muzeyida temuriylar davriga oid qator nodir osori atiqalar, Temuriylar shajarasi, va Husayn Boyqaro davrida ko‘chirilgan, harbiy yurishlarda bayroq tepasida olib yurilgan o‘rama shakldagi Qurʼon, Buxoro amirining turk sultoni Abdulhamid II ga yuborgan hadyalari borligi aniqlandi.

*Qurʼoni karimni 1500 yillik xat va bezak uslublarini o‘z ichiga olgan qo‘lyozmasini qo‘lda ko‘chirib, Turkiyach Prezidenti Rejep Tayip Erdo‘g‘anga hadya qilgan mashhur xattot Husayn Kutlu bilan muzokaralar olib borildi.  Ushbu musʼhafning bir nusxasi Toshkentga olib kelindi. O‘zbek xattotlari Istanbulda Husayn Kutlu tajribasini o‘rganishdi.

Turkiyaning “Mega-Basim” nashriyot uyi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston qo‘lyozma merosida tarixiy shaxslar”, “Klavixoning Amir Temur saltanatiga sayohati”, “Qurʼoni karimning 114 nodir qo‘lyozmasi”, “O‘zbekistonning noyob musʼhaflari” kitob-albomlarini chop etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. 

*18-26 oktyabr kunlari “Sharq renessanslsari fenomeni: saltanatlar, tamaddunlar, shaxslar va kashfiyotlar” mavzusidagi Xalqaro madaniy meros haftaligida ham qator loyihalar va kashfiyotlar eʼlon qilindi.

Haftalikda Rossiyaning “Sila sveta”, “Sber”, Turkiyaning “Outdor faktori” kompaniyalari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari uchun o‘zlarining interaktiv loyihalarini taqdim etishdi. 

Fransiya akademik tadqiqotlar instituti rahbari Karim Ifrak, Tekirdag‘ universiteti professori doktor Xalid Eren, Istanbul univeriteti professori Emek Ushenmez madaniy meros haftaligida O‘zbekiston bilan bevosita aloqador bo‘lgan bir qator nodir Qurʼon loyihalarini namoyish qilishdi. Ular orasida Qo‘qon xoni Amir Umarxonning turk sultoniga sovg‘a sifatida yuborgan Qurʼon qo‘lyozmasi, XIV asrga oid Amir Temur Qurʼoni, 1218 yilda Oltin O‘rda hukmdori O‘zbekxon topshirig‘iga ko‘ra bitilgan O‘zbekxon Qurʼoni, temuriy malikalardan biri Shodmalik begim tomonidan ko‘chirilgan musʼhaf nusxasi alohida o‘rin tutadi. Germaniyalik sharqshunos Aysima Mirsulton Boburiylar davrida yaratilgan turkiy tildagi qimmatli albomlar topilgani haqida maʼlumot berdi. Bu albom buyuk boboruriylar asrlar o‘tsada o‘z sadaniyati, tarixi va ona tili va adabiyotiga sodiq qolganini ko‘rsatadi.

Pamuk-kale universiteti professori Mahmudo Yazichi ushbu taʼlim maskanida saqlanayotgan, buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” to‘plamining 825 yillik nusxasi haqida maʼlumot berdi.

Shu bilan birga Rossiya Fanlar akademiyasi tarix instituti ilmiy xodimi Nigora Dvurechenskaya tomonidan o‘rganilayotgan, Surxondaryo viloyati hududidagi Uzundara arxeologiya yodgorligini restavratsiya qilish, Yaponiyaning Mixo muzeyi maxsus xodimi Sergey Laptevning mamlakatimizga oid numizmatika namunalari haqidagi maʼruzalari, Rossiya Etnologiya va arxeologiya instituti ilmiy xodimi Irina Arjansevaning Qadimgi Xorazm sivilizatsiyasi, Tojikiston Milliy universiteti professori Badriddin Maqsudovning sohibqiron Amir Temur hayoti haqidagi turkiy qo‘lyozma haqidagi loyihalari ham ko‘pchilikning eʼtiborini tortdi.

Haftalik dasturidang bir qator media loyihalar ham o‘rin oldi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Tirik tarix” dasturining taqdimotida buyuk ajdodlarimiz va o‘tmishimiz haqida hikoya qiluvchi kinoloyihalar ham ishtirokchilarni befarq qoldirmadi. Ushbu yirik loyiha bo‘yicha O‘zbekiston Kinematografiya agentligi, Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi singari qator ijora va tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Kino va media yo‘nalishida ko‘pgina xalqaro kinostudiyalar, telekanallar bilan aloqa o‘rnatganmiz. Jumladan, “TRT-Avaz” bilan “Turklar asri” media-loyihasi, “Rossiya-Kultura” bilan hamkorlikda “O‘zbekiston arxeologiyasi” mavzusidagi o‘n qismli hujjatli film, “Bi-Bi-Si” bilan hamkorlikda O‘zbekistonga oid Qurʼon qo‘lyozmalari haqida maxsus loyiha amalga oshirilishi belgilangan.

18-20 noyabr kunlari Istanbulda buyuk mutafakkir Ali Qushchi vafotining 550 yilligi munosabati o‘tkazilgan simpoziumda ham buyuk vatandoshimiz hayoti va ijodi bilan bog‘liq bir qator yangi maʼlumotar qo‘lga kiritildi. Simpozium doirasida o‘tkazilgan ko‘rgazmada Ali Qushchi va uning ilmiy maktabi vakillari qalamiga mansub qirqdan ortiq qo‘lyozmalar namoyish qilindi.

Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez ayni paytda Ali Qushchining o‘g‘li Qozi Ali Qushchizoda Afandi qalamiga mansub, dehqonchilik ilmiga bag‘ishlangan, turkiy tilda bitilgan “Ravnuqul-bo‘ston” asari qo‘lyozmasi topilganini maʼlum qildi. 

*28 noyabr-2 dekabr kunlari Markazning rahbar va xodimlari Buyuk Britaniyaning Bodlean kutubxonasida bo‘lib, bu yerda saqlanayotgan, O‘zbekistonga oid nodir qo‘lyozmalar, jumladan, hazrat Navoiyning muborak nigohi tushgan “Xamsa” qo‘lyozmasi bilan tanishildi.

Buyuk astronom olim Mirzo Ulug‘bekning bu yerda saqlanayotgan «Ziji Ko‘ragoniy» asari nusxasi ham shu yerda saqlanadi. Bu qo‘lyozmani salkam to‘rt asr ilgari oksfordlik olim Jon Greyvs (1602-1652) sotib olgan va kitob hoshiyasida lotin tilida qaydlar kiritgan. Kitob sahifalarida usmonli turk tilida ham bitiklar uchraydi. Demak, bu qo‘lyozma ancha vaqt Usmoniylar saroyi kutubxonasida saqlangan. Katta ehtimol bilan, “Ziji Ko‘ragoniy”ning ushbu nusxasini Istanbulga Ali Qushchining o‘zi olib kelgan. Jon Greyvs 1640-1650 yillardagi sayohatlari asnosida bu qo‘lyozmani qo‘lga kiritgan va Oksfordga olib kelgan. Keyinchalik Londonda mashhur Grinvich Qirollik observatoriyasi qurilishida ham aynan shu asar asos bo‘lganini taxmin qilish mumkin.

Bodlean kutubxonasi mutasaddilari bilan uchrashuv chog‘ida buyuk ajdodlarimizga tegishli bebaho qo‘lyozmalarning faksimil nashrini chop etish uchun ularning nusxalarini olish bo‘yicha kelishib olindi.  

10 dekabr kuni Malayziyada o‘tkazilgan yirik xalqaro forum doirasida Islom tafakkuri va sivilizatsiyasi instituti xuzuridagi Islom sivilizatsiyasi kutubxonasidan O‘zbekiston madaniy merosiga oid qo‘lyozmalar topildi.  Qo‘lyozmalardan biri bu alloma Abu Rayhon Beruniy qalamiga mansub bo‘lgan “At-Tafhim” asaridir. Samo jismlarini o‘rganish masalalariga bag‘ishlangan bu asar 1197 yilda ko‘chirilgan. 

Ikkinchi qo‘lyozma Abulqosim Firdavsiyning Shohnoma asarining o‘rta asrlarda ko‘chirilgan qo‘lyozmasidir.  Qo‘lyozma nastaʼliq xatida temuriylar kitobat sanʼatiga xos uslubda ko‘chirilgan bo‘lib, undan 29 ta miniatyura o‘rin olgan. Ushbu miniatyuralarda Kamoliddin Behzod maktabiga xos unsurlar ko‘zga tashlanadi. Kutubxona rahbariyati mazkur qo‘lyozmalarning nusxalarini O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markaziga fondiga topshirishlarini maʼlum qilishdi.