Ahmad Fargʻoniy
149

Tarjimai hol

Xorazmiyning zamondoshi va hamkori Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Kasir Fargʻoniy oʻrta asrlar ilm-fani rivojiga ulkan hissa qoʻshgan olimlardan biri hisoblanadi. U astronomiya, matematika va geografiya sohalarida faoliyat yuritgan. IX asrning birinchi yarmida Fargʻoniy xalifa Mamun asos solgan Bagʻdoddagi “Baytul hikma” Muhammad Xorazmiy va boshqa olimlar bilan ilmiy tadqiqotlarda ishtirok etgan.
Bagʻdodda oʻsha davr uchun eng ilgʻor uskunalar bilan jihozlangan ikkita observatoriya qurilgan boʻlib, ularning birida Ahmad Fargʻoniy iqtidorli matematik va astronom Xorazmiy rahbarligidagi olimlar bilan birga Yer meridiani, Yerning aylanasini oʻlchashda, minglab sayyoralar va yulduzlarning koordinatlarini oʻz ichiga olgan Zij (jadval) tuzishda qatnashgan.
IX asrning oʻrtalarida Ahmad Fargʻoniy Qohiraga keladi. U Nil daryosidagi Ravzo orolida daryodan oqib oʻtadigan suv hajmini oʻlchash imkonini beradigan “Miqyosul jadid” uskunasini, yaʼni nilomerni barpo etadi. Nilomer yordamida Nil deltasida olib boriladigan dehqonchilik ishlarining istiqbollari belgilangan, yaʼni toshqinlar yoki qurgʻoqchiliklar avvaldan hisob qilingan. Nilomer Asvon toʻgʻoni qurilgungacha, yaʼni XX asrning yetmishinchi yillariga qadar faoliyat koʻrsatgan. Misrda Fargʻoniy usturlab asbobini yasagan va usturlabdan foydalanish qoidalari risolasini yozgan. 
XII asrda ispan olimlari Gerardo va Ioann Fargʻoniyning “Astronomiya asoslari” asarini arabchadan lotin tiliga tarjima qilishdi va “Alfraganus astronomi” nomi bilan nashr etdilar. Shu sanadan eʼtiboran Fargʻoniy Yevropada Alfraganus  nomi bilan mashhur boʻlib qoldi. Uning lotin va boshqa gʻarb tillariga tarjima qilingan   asari Gʻarbiy Yevropada toʻrt yuz yil davomida falakiyot ilmidan asosiy qoʻllanma boʻlib keldi. Jumladan, XV asrda Yevropada yashagan mashhur olim Ioanes Myuller (Johannes Regiomontanus, 1436 – 1476y.) talabalarga maʼruza oʻqishda “Astronomiya asoslari”dan foydalangan.  
Fargʻoniyning astronomik hisob-kitoblari uning geografiya sohasidagi izlanishlari bilan bevosita bogʻliq boʻlgan. Shuning uchun "Osmon yoritiqichlari" va "Yulduzlar ilmi" toʻplamining soʻnggi sahifalarida olim geografik obyektlarni yetti iqlimga mos ravishda taqsimlab, aniq koordinatalarini keltiradi. Ilmiy faoliyati davomida Fargʻoniy Yerning shar shaklida ekanini matematik hisob-kitoblar vositasida isbotladi, 22-iyunning yilning eng uzun va 23-dekabrning – eng qisqa kuni ekanini aniqlab berdi, quyosh sathida dogʻlar borligini kuzatdi va 832-yilda roʻy bergan zilzilani avvaldan aytib berdi. Xristofor Kolumb 1492-yilda “Santa Mariya” nomli kema yetakchiligida uchta kema bilan dunyo okeanlari osha qilgan sayohati davomida Fargʻoniyning xaritasidan keng foydalanganligini alohida eʼtirof qilgan. 
XVI asrga kelib Gʻarbiy Yevropa astronomlari uyushmasi Fargʻoniyning ilm-fan rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasini eʼtirof etib, Oydagi kraterlarning biriga “Alfraganus” nomini berishga qaror qildi. 1998-yili UNESCO hamkorligida Ahmad Fargʻoniyning 1200-yilligi keng nishonlandi. 2007-yilda Misrning poytaxti Qohira shahrida, mashhur nilomerning yonginasida Ahmad Fargʻoniyga haykal oʻrnatildi.

Filmlar

Ahmad al Fargʻoniy — buyuk astronom

Ahmad al-Fargʻoniy (spektakl)

  • «
  • 1
  • »

Audioplayer

Ahmad al-Farg'oniy

  • «
  • 1
  • »

Fotogalareya

Elektron kitoblar nusxasi

  Ahmad al-Farg'oniyning fanniy olami

  Ahmad al-Farg'oniy