Abu Bakr Muhammad ibn Zakariyo Roziy
67

Roziy (to‘liq nomi Abu Bakr Muhammad ibn Zakariyo Roziy) (865- 925 yy.) — sharqning qomusiy olimi, tabib va mutafakkir. O‘rta asr Yevropasida lotincha Razes nomi b-n tanilib, tabobat sohasida o‘z davrining Jolinus (Galen)i deb sanalgan. Shuningdek, kimyo, botanika, mat., astronomiya, mantiq va falsafa kabi fanlarni chuqur o‘rgangan; adabiyot va musiqa bilan ham shug‘ullangan. Roziy bir qancha vaqt Ray va Bag‘dod shifoxonalarini boshqargan. U O‘rta Osiyo, jumladan, Buxoro ilm axllari bilan ilmiy muloqotda bo‘lgan. Ko‘z kasalligiga uchrab, umrining oxirida ko‘r bo‘lib qolgan.
Roziyning tabobatga oid asarlaridan 36 tasi bizgacha yetib kelgan. U terapiya, xirurgiya, diagnostika, sanitariya-gigiyena, farmakognoziya, farmakologiya, anatomiya, psixologiya kabi ilmlarni yangi g‘oya va ixtirolar bilan boyitgan. Tabobat b-n bog‘liq bo‘lgan botanika, mineralogiya va kimyo fan i sohasida qam ancha muvaffaqiyatlarga erishgan. Roziyning eng muhim asarlaridan biri «Kitob alhoviy fittib» («Tibbiyotga oid bilimlar majmuasi») nomli to‘plamidir. Unda antik davrdan to Roziy zamonasigacha bo‘lgan nazariy va amaliy ma’lumotlar berilgan (asarning ayrim qismlari Rossiya FA sharqshunoslik in-ti Sankt-Peterburg qo‘lyozmalar fondida, Myunxen, London, Oksford, Kembrij, Eskurial (Ispaniya), Istanbul va Tehron kutubxonalarida saqlanmokda). Roziyning tabobatga oid yana bir yirik asari — «al-Kunnosh alMansuriy» («Mansurga bag‘ishlangan to‘plam») dir. Bu ham juda ko‘p nazariy va amaliy masalalarni o‘z ichiga olgan (qo‘lyozma nusxalari Rossiya FA sharqshunoslik intining Sankt-Peterburg fondida, shuningdek, Parij va Tehron kutubxonalarida saqlanmokda). Asar 16-a. gacha Sharq tabiblari va Yevropa shifokorlarining asosiy qo‘llanmalaridan biri bo‘lib, unga ko‘p sharxlar yozilgan. Roziy «Kitob aljudariy valhasba» («Chechak va qizamiq haqida kitob») asarida tibbiyot tarixida birinchi bo‘lib, chechak va qizamiq kasalliklarining boshqa yuqumli kasalliklardan farqi va tarifi berilgan; R. chechak bilan bir marta kasal bo‘lgan kishi ikkinchi marta bu kasallikka duchor bo‘lmasligini aniqlagan va chechakka qarshi emlash kerak degan fikrga kelib, uni amalga oshirgan. Roziy o‘z davri tabobatini diagnostika va davolashning yangi usullari bilan boyitdi; jarroxlikda birinchi bo‘lib ketgut (qo‘y ichagidan tayyorlangan ip) ishlatdi.
Roziy mashhur kimyogar bo‘lib, kimyo faniga oid 26 ta asar yozgan, birok, bizgacha ularning 4 tasigina yetib kelgan. Bular orasida «Kitob ulasror» («Sirlar kitobi») va «Kitob sirr ilasror» («Sirlar siri kitobi») asarlari alohida o‘rin tutadi; «Kitob ulasror»da o‘rta asr Sharq kimyosi o‘zining to‘la ifodasini topgan. Roziyning bu asarlari uning nazariy jihatdan bir metallni ikkinchi metallga kimyoviy yo‘l bilan aylantirish mumkinligiga ishonganini ko‘rsatadi (q. Alkimyo). Garchi amaliy jihatdan uning nazariyasi utopik bo‘lsada, oltin va kumush hosil qilish yo‘lidagi urinishlari tufayli Roziy qozirgi kimyoni bir qancha yangi moddalar, asboblar va kimyoviy amallar b-n boyitdi.
Roziyning tibbiyot va kimyo sohalariga oid asarlari o‘rta asrlarda Sharq va G‘arbda shu sohalarning rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatgan.

Falsafiy-ijtimoiy qarashlari. Roziy o‘rtaasr Yaqin va O‘rta Sharq xalqdari falsafasida mavjud bo‘lgan ta’limotlarning birortasiga bog‘liq bo‘lmagan holda borliq va uning mohiyati haqida o‘z mustaqil ta’limotini yaratdi. Uningcha, borliq — yagona bir-biriga bo‘ysunmagan 5 mustaqil boshlang‘ich mohiyat (yaratuvchi, jon, vaqt, makon, materiya)dan vujudga kelgan. Bularning har biri borliqning vujudga kelishi va mavjud bo‘lib qolishida «zaro‘riy vujud»lardir. Roziy materiya, makon, zamonni yaratuvchi va jon b-n bir xil zaruriy mohiyat deb hisoblab, moddiylikni ilohiylikka, ilohiylikni moddiylikka bo‘ysundirmadi. U o‘z davrining yirik tabiatshunosi sifatida moddiy olam hodisalari va jarayonlarini materiya va uning xususiyatlari bilan izoxdashga harakat qildi, o‘z naturfalsafiy qarashlarida ma’lum darajada ilmiy nuqtai nazarga yaqinlashdi. O‘rta asr falsafasi uchun erishgan eng katta yutuqlaridan biri — R. ning narsalar moddiy atom zarralardan tuzilgani haqidagi ta’limotidir. U Demokrit va Epikur atomistik ta’limotini urta asrlarda birinchi marta qayta tikladi. Uningcha, materiya dastlab «bo‘linmas zarralar (atom) holatida bo‘ladi», ular «og‘irlik va tanaga ega», «moddiy zarralarning bo‘shliq zarralari bilan qo‘shilishi» natijasida 4 unsur: tuproq, suv, xavo va olov paydo bo‘ladi. Atomlarning moddiyligi, abadiyligi va ob’ektivligi tufayli ulardan vujudga kelgan moddiy olam ham ob’ektiv va abadiydir. Roziy zarralarning o‘z-o‘zidan harakati masalasini tushunmadi va muayyan narsalarning vujudga kelish jarayoni asosida materiya yotsa ham, bu jarayon jonning materiyaga intilishi va u bilan birikishi tufayli yuz berishi haqidagi dualistik nuqtai nazarda turadi.
Roziy makon va zamonni ham substansiya deb tushunadi, bu bilan ularni materiyadan va bir-biridan ajratadi. Roziyning bundan maqsadi ularning ob’ektivligini ta’kidlashdir. Roziy bilish nazariyasida moddiy olam hodisalarining inson sezgi a’zolariga ta’sir etib unda aks etishi, tashqi olam bilish ob’ekta, inson esa bilish sub’ekti ekanini ta’kidlaydi: «Sezgi — seziluvchi narsalarning sezuvchiga ta’siri». R. bilishning eng kuchli quroli sifatida aklga yuqori baho beradi. Uningcha, insonning ijodiy faoliyati fakat aql tufaylidir. «Akl bizni olijanoblikka yetaklaydi, hayotimizni go‘zallashtiradi, maqsadlarimizga yetkazadi». R. ning axloqqa oid 3 asari «Kitob tibb arruhoniy» («Ruhiy tabobat»), «Kitob siyrat alfalsafiya» («Falsafiy hayot tarzi»), «Maqola fi amorot iliqbol vaddavla» («Davlatmandlik va baxtiqbol haqida») bizgacha yetib kelgan. R. Suqrotni axloq sohasida o‘zining va barcha faylasuflarning ustozi deb hisoblaydi. Roziy ratsional (aqliy) gedonizm tarafdori bo‘lib, dunyo nozne’matlaridan aqlga muvofiq va me’yor bilan lazzatlanishni yoqlaydi. O‘rta asr manbalarida Roziy dinning ayrim aqida va tamoyillariga salbiy munosabatda bo‘lgani hamda payg‘ambarlik haqida aqidaga zid bo‘lgan asar yozgani ta’kidlanadi. Lekin, uning tabiiyilmiy merosi va falsafiy qarashlari Yaqin va O‘rta Sharq xalqlari ma’naviy merosida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan.
Roziyning ilmiy merosini birinchi marta o‘rgangan olim Abu Rayhon Beruniydir. Beruniy R. ning tarjimai holi, dunyoqarashi va asarlarini tadqiq etib, «Fehrist kugub Muhammad ibn Zakariyo Roziy» («Muhammad ibn Zakariyo Roziy kitoblarining ro‘yxati») asarini yozgan. Roziyning asosiy asarlari o‘rta asrlardayoq G‘arbiy Yevropada mashxur bo‘lgan, ba’zilari lotin va b. Yevropa tillariga tarjima qilinib, keng o‘rganilgan. Keyingi davr olimlarining, jumladan, o‘zbekistonlik olimlarning tadqiqotlarida Roziy asarlarining ilmiy jamoatchilikka ma’lum bo‘lmagan qo‘lyozma nusxalari va ularning tarjimalari aniqlanmoqda, ayrim asarlari nashr etilmoqda.
Ад.: Каримов У. И., Неизвестное сочинение арРази «Книга тайны тайн», Т., 1957; Кадыров А. А., Саипов У. Т., Абу Бакр Рази, Т., 1963; Усманов М. А., Закарийя арРази, в книге «Из философского наследия народов Востока», Т., 1972; Abu Bakr Roziy va uning shogirdi yozib qoldirgan kasalliklar tarixi, T., 1974; Karimov S. U., IX—XI asrlarda kimyo va dorishunoslik fanlari taraqqiyotida Markaziy Osiyo olimlarining o‘rni, T., 2002.

Filmlar

Abu Bakr Muhammad ibn Zakariyo Roziy

Золотой век Исламской цивилизации: Абу Бакр Мухаммад ар-Рази

Abu Bakr Ar Roziyning hayoti va ijodi haqida

  • «
  • 1
  • »

Audioplayer

Abu Bakr Ar Roziyning hayoti va ijodi haqida

  • «
  • 1
  • »

Fotogalareya